Ov qilish uchun kimlarga ruxsat beriladi?
05.
09. 2023
18:19
1860
News

O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 8-iyuldagi «Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida»gi Qonunining 2-ilovasida belgilangan tartib-qoidalarga muvofiq, joriy yilning 15-avgustidan mamlakatimizda yovvoyi hayvonlar va qushlar uchun joriy ov mavsumi boshlandi.

Ov qilish muddati yilning maʼlum davri bo‘lib, bu davr mobaynida muayyan turdagi yovvoyi hayvonlarni ovlash amalga oshiriladi.

Аytish o‘rinliki, ovga qiziqish va ishqibozlik ko‘pchilikda kuzatiladi. Lekin ov qilishning ham o‘ziga xos talablari bor. Mamlakatimizda bu boradagi tartib-qoidalar O‘zbekiston Respublikasining “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonunida o‘z ifodasini topgan.

Qonun bilan ushbu sohadagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, ov qilish uchun ajratilgan hududlar, ovchilik resurslarini izlab topish normalari, ov qilish qoidalari, ovchilar va ovchilik xo‘jaliklarining huquqlari va majburiyatlari, ov qilish turlari, qurollari va usullari, yovvoyi hayvonlarni tutib olganlik va otganlik uchun to‘lov miqdorlari belgilangan. Ov qilinadigan hayvonlar populyatsiyasi va ularning yashash muhitining davlat monitoringi belgilangan, ov qilish huquqini tasdiqlaydigan hujjatlar ro‘yxati va turlari aniqlashtirilgan.

Tabiiy erkinlik holatida yashayotgan yovvoyi hayvonlarni (ularning yashash faoliyati mahsulotlarini) tutish maqsadida ularni izlash, ularning iziga tushish va ularni taʼqib qilish, tutishga urinish yoki tutish (otish, tutib olish) ov qilish hisoblanadi.

Ovchilik sohasidagi ruxsat beruvchi hujjatlar quyidagilar hisoblanadi:

• ovchilik guvohnomasi, u muomalaga layoqatli, 18 yoshga to‘lgan, ovchilik minimumi bo‘yicha sinov imtihonini topshirgan jismoniy shaxslarga ovchilik jamoat birlashmalari tomonidan beriladi;

• yovvoyi hayvonlarni tutishga doir ruxsatnoma, u ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi va hududiy organlari tomonidan yovvoyi hayvonlarni tutishga doir tasdiqlangan kvotalarga muvofiq ruxsatnoma berilganligi uchun to‘lov kiritilganidan keyin beriladi;

• ovchilik yo‘llanmasi (yovvoyi hayvonlarni tutish kartochkasi), yovvoyi hayvonlarni tutishga doir olingan kvotalar asosida beriladi va uning egasiga mavsumiy yoki bir martalik ovni amalga oshirish huquqini taqdim etadi.

O‘zbekiston hududida yovvoyi hayvonlarni ov qilish to‘lov asosida amalga oshiriladi. To‘lovlar ruxsatnomada ko‘rsatilgan har bir yovvoyi hayvon uchun kiritiladi. Yovvoyi hayvonlarni tutishga yillik kvotalar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan Fanlar akademiyasining xulosasiga asosan tasdiqlanadi.

 Quyidagi ov qilish turlari belgilangan:

• sport va havaskorlik maqsadida;

• sanoat maqsadida;

• o‘lja olish maqsadida;

• yovvoyi hayvonlarni yarim erkin shartlarda yoki sunʼiy yaratilgan yashash muhitida saqlash va ko‘paytirish maqsadida;

• ilmiy, tibbiy va nazorat ishlarini amalga oshirish maqsadida;

• yovvoyi hayvonlarning sonini tartibga solish maqsadida.

Shu o‘rinda barcha yurtdoshlarimizdan tabiatga yanada ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishlarini so‘ragan holda ov qilish bilan bog‘liq qonunbuzilish holatlariga duch kelinsa o‘z vaqtida Ekologiya vazirligining qisqa ishonch raqami (1157) ga yoki hududiy boshqarmalarga murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tamiz.

Unutmang! Noqonuniy ov qilish qoidalarini hamda tegishli qonun hujjatlarini buzganlik uchun qonunchilikda qaʼtiy javobgarlik belgilangan bo‘lib, bu borada yuzaga keladigan har bir holat bo‘yicha o‘rnatilgan tartibda qonun ustuvorligi taʼminlanadi.

Useful resources