Buxoro viloyatiga "Isuzu" rusumli chiqindi yigʼuvchi maxsus zamonaviy texnikalar topshirildi
13.
08. 2023
14:04
2508
News

Buxoro viloyatiga 15 ta "Isuzu" rusumli chiqindi yigʼuvchi maxsus zamonaviy texnikalar topshirildi. 

Ta'kidlash joizki, Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi "Qattiq maishiy chiqindilarni barqaror boshqarish" loyihasi doirasida 300 dona "Isuzu" rusumli chiqindi yigʼuvchi maxsus texnikalar xarid qilingan. Ushbu texnikalar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi tomonidan hududlardagi sanitar korxonalariga 10 yil muddatga imtiyozli shartlar asosida lizingga berilmoqda. 

 

Shuningdek, maxsus texnikalar bir yillik imtiyozli davrga ega boʼlib, qoʼshimcha qiymat soligʼidan ozod etilgan. Bu oʼz oʼrnida sanitar tozalash korxonalari faoliyatini yaxshilashga, qamrov darajasini (4 mln kishiga) oshirishga hamda chiqindilarni oʼz vaqtida olib chiqib ketishga yordam beradi. 

Maʼlumot uchun, sanitar tozalash korxonalariga yengillik yaratish maqsadida ular tomonidan boshlangʼich badal shakllantirishda qiyinchilik tugʼilganda, uning oʼrniga qonunchilikda belgilangan tartibda taʼminot turlaridan biri yoki bir nechtasini taqdim etish imkoniyati ham berilmoqda. 

Qayd etish kerakki, maxsus texnikalar Yaponiyaning "Isuzu" brendi ostida Samarqand avtomobil zavodida yigʼilgan boʼlib, ularning sifat darajasi Yevropa standartlariga toʼla javob beradi hamda aholiga uzoq yillar sifatli xizmat koʼrsatishga moʼljallangan.

Hozirda chiqindi tashuvchi maxsus texnikalar Qashqadaryo va Buxoro viloyatlariga yetkazib berildi. Qolgan viloyatlarga topshirish ishlari ham olib borilmoqda.

Useful resources