“Oʼzbekiston – 2030” strategiyasi masalalari muhokama qilindi
12.
08. 2023
14:40
1976
News

11-avgust kuni Toshkentdagi “Wyndham” mehmonxonasida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi muhokamasiga bagʼishlangan xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirda Oliy Majlis Senati Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qoʼmitasi raisi Boriy  Аlixonov, Suv xoʼjaligi vazirining birinchi oʼrinbosari Аzim Nazarov, BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi vakili Sarango Radnaaragcha va Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʼzgarishi vaziri oʼrinbosari Jusipbek Kazbekov ishtirok etdi.

Davra suhbati BMTning Oʼzbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda «O‘zbekiston — 2030» strategiyasi va uni 2023-yilda amalga oshirish chora-tadbirlari loyihalarining jamoatchilik muhokamasi doirasida tashkil etildi. 

Tadbir davomida ishtirokchilarning strategiyaning “Suvni tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish” yo‘nalishiga bagʼishlangan "Аholi uchun qulay ekologik sharoitlarni yaratish, shu jumladan suv resurslarini tejash" mavzusidagi fikrlari tinglandi. 

Taʼkidlash joizki, «O‘zbekiston — 2030» strategiyasida 5 ta yo‘nalish boʼyicha 100 ta maqsad nazarda tutilgan.  Jumladan, 14 ta hududda ekologik toza hudud rejimini joriy qilish, 14 ta qarovsiz hayvonlarni saqlash faoliyati bilan shugʼullanuvchi pitomniklar yaratish, har yili “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida 200 million tup daraxt ekib borish, 2030-yilga kelib yashillik darajasini 30 foizga yetkazish, 30 million tup koʼchatdan iborat “yashil belbogʼ”lar barpo etish, respublikada oʼrmon bilan qoplangan maydonlarni 6,1 million gektarga, Orolboʼyi mintaqasidagi oʼrmonzorlarni esa 2,3 million gektarga yetkazish, Orol dengizining qurigan tubida qoʼshimcha 800 ming gektar yashil maydonlarni barpo etib, ularning umumiy hajmini 3,5 million gektarga yoki hududning 85 foiziga yetkazish, qattiq maishiy chiqindilarni toʼplash va olib chiqish xizmatlari bilan qamrab olish darajasini 100 foizga, chiqindilarni qayta ishlash darajasini 65 foizga oshirish maqsad qilingan.

Useful resources