4 tup sadaqayrag'och daraxtini kesgan fuqaroga 2 yilga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi
04.
07. 2023
14:53
3518
News

Jinoyat ishlari bo'yicha Namangan tuman sudida 4 tup qimmatbaho sadaqayrag‘och daraxtini kesgan B.M.ga hukm o‘qildi. Unga nisbatan 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi va 326.850.000 soʻm zararni undirish belgilandi.

Joriy yilning 2-mart kuni Namangan tuman Ekologiya bo‘limi inspektorlari, IIB hamda Milliy gvardiya xodimlari bilan hamkorlikda Namangan viloyati, Namangan tumani, "O‘lmas" MFY hududida profilaktik qo‘shma reyd o‘tkazilgan edi. Reyd davomida fuqaro B.M. tomonidan yoshi 100 yildan kam bo‘lgan 4 tup qimmatbaho sadaqayrag‘och daraxti kesib yuborilganligi va bu orqali o‘simlik dunyosiga 326.850.000 soʻm miqdorida zarar yetkazilganligi aniqlandi. 

Fuqaro B.M.ning harakatlarida jinoyat alomatlari borligi sababli ish hujjatlariga huquqiy baho berish uchun tuman prokuraturasiga yuborildi. Tuman prokuraturasi tomonidan B.M.ga oid ish hujjatlari o‘rganilib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 198-moddasining 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va jinoyat ishini mazmunan ko‘rib chiqish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan tuman sudiga yuborildi.

Ushbu jinoyat ishi tuman sudi tomonidan sayyor sud majlisida ko‘rib chiqildi. B.M. Jinoyat kodeksining 198-moddasi 2-qismi bilan aybdor deb topilib, unga nisbatan 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Shuningdek, B.M.dan Namangan viloyat Ekologiya boshqarmasi foydasiga o‘simlik dunyosiga yetkazilgan 326.850.000 so‘m zararni undirish belgilandi.

Useful resources