O‘zbekiston Badiiy akademiyasida Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuniga bag‘ishlab “Ranglarda aks etgan ona tabiat” ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda
05.
06. 2023
10:02
3018
News

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Markaziy ko‘rgazmalar zalida 5-may — Butunjahon atrof-muhit kuniga bag‘ishlangan “Ranglarda aks etgan ona tabiat” rasmlar ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri o‘rinbosari Obidjon Qudratov, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi qoshidagi Badiiy ijodkorlar uyushmasi raisi Ibrohim Valixo‘jayev, rassomlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

"Butunjahon atrof-muhit kuni munosabati bilan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan qator tadbirlar o‘tkazilmoqda. Bugun ochilgan ko‘rgazma ham ana shunday tadbirlardan biridir, — dedi Obidjon Qudratov. — Maqsadimiz yurtimizning goʻzal tabiati, oʻsimlik va hayvonot dunyosi, oʻrmonlari, togʻlari, daryolari, choʻllari haqida rangtasvir asarlari yaratish va shu orqali xalqimizga ona tabiatni asrab-avaylash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish tuygʻusini singdirish, qolaversa, kelgusi avlodlarga ekologik sof kelajakni qoldirishdir".

Ma'lumot uchun, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamkorligida Vatanimiz mustaqilligining 32 yilligiga bag‘ishlab "Ranglarda aks etgan ona tabiat" mavzusida plener e'lon qilingandi. Plener doirasida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Rassomlar uyushmasining 56 nafar a’zosi 5–27-may kunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq tumani va Sudoche koʻli ekoturizm maskanida, Toshkent viloyatidagi Ugom-Chotqol va Jizzax viloyatidagi Zomin milliy tabiat bogʻlari, Qashqadaryo viloyatidagi “Hisor” davlat qoʻriqxonasi hamda Buxoro ixtisoslashtirilgan “Jayron” pitomnigida bo‘lib, tabiiy hududlarning betakror tabiati manzaralari, oʻsimlik va hayvonot dunyosi haqida qator rangtasvir asarlarini chizishdi.

"Mazkur plener rassomlarimiz uchun yana bir muhim tajriba bo‘ldi. Bugungi ko‘rgazmada ular tomonidan yaratilgan 160 dan ortiq asar qo'yilgan. Suratlarning hammasi o‘ziga xos, bir-birini takrorlamaydi, — dedi Badiiy ijodkorlar uyushmasi raisi Ibrohim Valixo‘jayev. — Albatta, suratlari eng yaxshi deb topilgan rassomlar munosib taqdirlanadi. Eng sara asarlar esa muzeylarga qo‘yiladi".

"Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi va Badiiy akademiya hamkorligida tashkil qilingan plener biz rassomlarga yurtimizning o‘ziga xos hududlarida bo‘lib, ajoyib suratlar chizish imkonini yaratdi", — dedi plener davomida Qoraqalpog‘istonda ijod qilgan rassom, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Murtazo Ergashev.

Ko'rgazma 18-iyungacha davom etadi.

Useful resources