Ijtimoiy tarmoqlar orqali Toshkentda daraxtlarga shikast yetkazilayotgani haqida murojaat tarqaldi. Mazkur murojaat Tabiat resurslari vazirligi Toshkent shahar boshqarmasi Chilonzor tuman inspeksiyasi inspektori, tuman prokurori va tuman ekopolitsiyasi tomonidan o‘rganildi.
O‘rganish natijasida fuqaro X. A. Chilonzor tumani, Chilonzor ko‘chasi, “Korzinka” supermarketining orqa tomonidagi 1 tup zarang daraxtiga o‘sishdan to‘xtaydigan darajada jiddiy shikast yetkazganligi ma'lum bo‘ldi.
Mazkur holat bo‘yicha huquqbuzar tomonidan tabiatga 990 000 so‘m miqdorida zarar yetkazilganligi aniqlandi. X. A.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJTK ning 79-moddasiga asosan 3 300 000 so‘m jarima tayinlandi. Huquqbuzardan jami 4 290 000 so‘m undiriladigan bo‘ldi.
Shuningdek, daraxtlarni kesmaslik borasida tushuntirish ishlari olib borildi.
Unutmang! Atrof-muhit uchun barchamiz birdek mas'ulmiz.