Shveytsariyada Oʻzbekistonda xavfli chiqindilarni boshqarishda xalqaro standartlarni joriy etish masalasi muhokama qilindi
03.
05. 2023
17:42
3831
News

 

1-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov boshchiligidagi delegatsiya Shveytsariyaning Jeneva shahrida o‘tkazilgan Bazel, Rotterdam va Stokgolm konvensiyalari Tomonlar konferensiyasi ochilish marosimida ishtirok etdi.

Taʼkidlash joizki, konferensiya aʼzo davlatlar, BMT Atrof muhit Dasturi (YUNEP) va nodavlat tashkilotlar vakillari ishtirokida boʻlib oʻtmoqda.

Tadbirning ochilish maʼrosimida Shveysariya davlat kotibi, Atrof-muhit, transport, energetika va kommunikatsiyalar federal departamenti direktori K. Shniberger, BMT bosh kotibi yordamchisi, YUNEP ijrochi direktori oʻrinbosari E. Mrema, Bazel, Rotterdam va Stokgolm konvensiyalari ijrochi kotibi R. Payet nutq soʻzladi.

Marosimda global iqlim oʻzgarishi insoniyatga katta taʼsir koʻrsatayotganini inobatga olgan holda, kimyoviy moddalarning atrof-muhit va suv resurslariga taʼsirini kamaytirish, kimyoviy moddalarni xavfsiz boshqarish va tahdidlarning oldini olish muhimligi hamda 2023-yil kimyoviy moddalar va chiqindilarni oqilona boshqarish yili ekanligi taʼkidlab oʻtildi.

Shuningdek, Barqaror rivojlanish maqsadlarining amalga oshirilishi va uch planetar inqirozni (iqlim oʻzgarishi, bioxilma-xillikning yoʻq boʻlib ketishi, atrof-muhitning ifloslanishi va chiqindilar) oldini olish boʻyicha harakatlarni jadallashtirish muhimligiga alohida eʼtibor qaratildi.

Qayd etish kerakki, konferensiya doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov BMT bosh kotibi yordamchisi, YUNEP ijrochi direktori oʻrinbosari E. Mrema va YUNEP Yevropa ofisi direktori S. Motard bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Uchrashuvda YUNEP Oʻzbekistonda boshlangan qator tashabbuslar atrof-muhitni muhofaza qilishda muhim rol oʻynashini taʼkidladi. Buning isboti sifatida joriy yilning oktyabr oyida Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan BMTning uchta yirik tadbirlari – choʻllanish boʻyicha global tadbir (UNCCD CRIC-21), Yovvoyi hayvonlarning koʻchib yuruvchi turlarini saqlab qolishga doir Konvensiyasining 14-Tomonlar konferensiyasi (CMS COP-14) va Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi alohida eʼtirof etildi.

Suhbat davomida Orolboʻyi hududini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish maqsadida YUNEP Iqlim texnologiyalar markazi va tarmogʻi bazasida Oʻzbekistonda mintaqaviy “Yashil markaz” ochish tashabbusi qoʻllab-quvvatlandi.

Shu bilan birga, YUNEP tomonidan 2020-yildan beri “Zamin” xalqaro jamoat fondi bilan hamkorlikda havo sifatini monitoring qilish boʻyicha avtomatlashtirilgan tizimni Oʻzbekistonda joriy etish boʻyicha bir qator amaliy tadbirlar va muvaffaqiyatli hamkorlik olib borilayotganligi qayd etildi. Hozirgi kunda Fond va YUNEP oʻrtasida anglashuv memorandumi imzolanishi kutilmoqda.

Ochilish marosimida, shuningdek, Bazel Rotterdam va Stokgolm konvensiyalari ijrochi kotibi R. Payet bilan Oʻzbekistonda kimyoviy moddalar va xavfli chiqindilarni tartibga solish va kelgusida chiqindilarni boshqarish boʻyicha xalqaro standartlarni joriy etish masalasi muhokama qilindi.

Muhokamalar yakunida laboratoriya xodimlarining malakasini oshirish va xalqaro tajribalarni qoʻllash boʻyicha kelishuvga erishildi. Qolaversa, Tabiat resurslari vazirligi huzurida “Kimyoviy markaz” ochishga kelishildi. Bundan maqsad kimyoviy konvensiyalar yoʻnalishida va kelgusida pestitsidlarni tartibga solish boʻyicha Rotterdam konvensiyasiga qoʻshilishdir.

Maʼlumot o‘rnida, hozirgi kunda Yevropa Ittifoqi va FAO hamkorligida qiymati 4 mln yevroga teng boʻlgan kimyoviy moddalar va xavfli chiqindilarni tartibga solish hamda BMTning kimyoviy konvensiyalari doirasida olingan majburiyatlarning bajarilishini taʼminlash boʻyicha loyiha shu yilning 3-choragida ishga tushirilishi tasdiqlandi.

2017–2022-yilgacha boʻlgan davrda majburiy ekologik sertifikatlash lozim boʻlgan chiqindilar, xalqaro savdoda aylanmasi qatʼiy cheklangan yoki taqiqlangan kimyoviy moddalar soni 288 taga kengaytirilgan.

Ma’lumot uchun, tashrif davomida Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov hamda Shveytsariyada istiqomat qilayotgan hamyurtlarimiz o‘rtasida davra suhbati ham o‘tkazildi.

Useful resources