Isroillik mutaxassislar ishtirokida O‘zbekistonda suv resurslarini barqaror boshqarish loyihasi muhokama qilindi
03.
05. 2023
09:24
2974
News

Tabiat resurslari vazirligida Isroildan kelgan mutaxassislar ishtirokida ilmiy-amaliy seminar oʻtkazildi.  

Mazkur seminar BMT Atrof-muhit dasturi va Isroil tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan “Qozogʻiston va Oʻzbekistonda suv resurslarini barqaror boshqarish” loyihasi doirasida tashkil etildi. Unda Tabiat resurslari vazirligi hamda Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti mas’ullari ishtirok etdi. 

Seminarda Tabiat resurslari vazirligi «Suv, yer resurslari va yer osti boyliklarini muhofaza qilish siyosati bo‘limi» bosh mutaxasisi Gʻolib Shukurov Oʻzbekistonda suv resurslarini boshqarish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan taqdimot qilib, atroflicha maʼlumot berdi. 

Isroillik mutaxassis, suv xo‘jaligi injeneri Yuri Oziranskiy esa “Suv resurslarini barqaror boshqarish boʻyicha Isroil tajribasi” mavzusida maʼruza qildi. Ma’lumot uchun, Isroilda oqova suvlardan daraxtlarni sug‘orish maqsadida foydalaniladi.

Seminardan so‘ng ishtirokchilar Toshkent shahridagi Boʻzsuv suv-oqova tozalash inshootida boʻlib, bu yerdagi mavjud holat bilan yaqindan tanishdilar. Delegatsiya a’zolari O‘zbekiston va Qozog‘istondan oqib o‘tuvchi Sirdaryo daryosining chegara qismidagi namuna olish nuqtasida ham bo‘lishdi. 

Ta'kidlash joizki, Isroil delegatsiyasi a’zolari ayni damda vazirlik mas’ullari hamda Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti olimlari bilan birga Qoraqalpog‘iston Respublikasida suv resurslarini boshqarish, cho‘l hududlarni tomchilatib sug‘orish va suvni chuchuklashtirish borasidagi yutuq hamda muammolar bilan tanishishmoqda.  

Delegatsiya tashrifi 5-mayga qadar davom etadi.

Useful resources