Navro‘zi olam va Xalqaro o‘rmonlar kuni insoniyat uchun muhim ahamiyat kasb etadi
21.
03. 2023
21:00
2193
News

Yurtimizda Navro’z shukuhi kezib yurgan shu kunlarda tabiat va inson o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlik yanada yaqqol namoyon bo‘ladi. Qish bo‘yi dalasini sog‘inib, ko‘klam kelishini intiq bo‘lib kutgan bobodehqon urug‘likka olib qo‘ygan don-dunlarini saralaydi. Bog‘bon bog‘ oralab dov-daraxtlarni parvarishlashga chog‘lanadi. Mahalla nuroniy-oqsoqollari yigit-yalanglarni to‘plab, ariq-zovurlarni tozalashga bosh-qosh bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda, tabiat, butun borliq jonlanishiga monand ravishda odamlar ham faol harakatga keladi – hayot qozoni qaynaydi.

Prezidentimizning “2023-yilgi Navro’z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida taʼkidlab o‘tilganidek, Xalqimizning ko‘p asrlik ezgu qadriyatlarini, uning orzu-intilishlarini o‘zida mujassam etgan ushbu qutlug‘ ayyom mustaqillik yillarida mamlakatimizda yashayotgan turli millat va elatlarga mansub barcha vatandoshlarimiz uchun umumxalq bayramiga aylandi.

Navro’zi olamning ruhi va falsafasida mujassam bo‘lgan yaxshilik va bag‘rikenglik, ahillik va hamjihatlik, atrof-muhitni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash kabi oliyjanob g‘oyalar Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tarixiy o‘zgarishlarning maqsad va mazmuniga to‘la hamohangdir.

2023-yilgi Navro’z umumxalq bayrami mamlakatimizda “Har kuning Navro’z boʼlsin, jonajon Oʼzbekistonim!” degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayillari shaklida ko‘tarinki ruh va yuksak saviyada nishonlanishi ham eʼtirofga molik.

Navro’z tabiat va inson uyg‘unligini anglatadigan noyob va ijtimoiy, tabiiy hodisa hisoblanadi. Markaziy Osiyo va Sharq mamlakatlarida yashovchi xalqlarning qadimiy bu bayrami bahorgi teng kunlikka, yaʼni quyoshning Hamal burjiga kirishiga to‘g‘ri keladi. Аyni shu kuni quyosh hayotbaxsh nurlarini tik, yaʼni 90 daraja burchak hosil qilib, sayyoramizning qoq beliga – ekvatorga yo‘naltiradi. Bu daqiqalarda bahorgi kecha-kunduz tenglashadi, keyin esa kunduzning uzaya boshlashi kuzatiladi.  

Navro‘zi olam insoniyatning eng qadimiy bayramlardan biri hisoblanadi.

Abu Rayhon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”, Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lugʼotit-turk”, Firdavsiyning “Shohnoma”, Umar Hayyomning “Navro’znoma”, Abu Bakr Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarlarida Navro’z bayrami 3 ming yildan ziyod tarixga ega ekanligi bayon etilgani ham bizga shundan dalolat beradi.

Yana bir eʼtiborli jihati shundaki, ajdodlarimiz qadimda Navro’z haftaning qaysi kuniga toʼgʼri kelishiga, oʼsha kundagi ob-havoning holatiga qarab, yil boʼyi dehqonchilik va chorvachilik sohalarida qanday oʼzgarishlar yuz berishi haqida solnomalar bitishgan va bu solnomalar keyingi avlodlar uchun hayotiy tajriba vazifasini oʼtagan ekan.

Mazkur bayram 2009-yil 30-sentabrda insoniyat madaniy merosining ajralmas qismi sifatida YuNESKO tomonidan umumjahon nomoddiy madaniy meroslar roʼyxatiga kiritildi. 2010-yilning 19-fevral kuni BMT Bosh Assambleyasining 64-sessiyasida esa 21-mart “Xalqaro Navro‘z kuni” deb eʼlon qilindi. Qabul qilingan rezolyutsiyada Navro‘z bayrami turli xalqlar o‘rtasidagi madaniy aloqalar va o‘zaro hamjihatlikni rag‘batlantirish, birdamlik, qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlari, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega ekanligi taʼkidlab o‘tilgan.

Darhaqiqat, koʼhna, umrboqiy Navro’z – ahillik va ezgulik bayrami. Mamlakatimizda yashayotgan, millati, tili va dinidan qatʼi nazar, barcha yurtdoshlarimiz bu bayramni shodu xurramlik bilan nishonlaydi. Navro’zi olam oʼzida qadimiy anʼana va urf-odatlarimiz, mehr-oqibat, xayru saxovat, bunyodkorlik, bagʼrikenglik, doʼstlik va hamjihatlik singari yuksak insoniy fazilatlarni namoyon etadi.

Navro’z ruhi va falsafasida atrof-muhitni koʼz qorachigʼidek asrab-avaylash gʼoyasi ham mujassamligiga eʼtibor qaratsak, 21-mart butun dunyoda Xalqaro oʼrmonlar kuni sifatida nishonlanishi bejiz emasligi ayon boʼladi. Bu tashabbus dastlab 1971-yili BMT Bosh Аssambleyasida Yevropa qishloq xoʼjaligi konfederatsiyasi tomonidan ilgari surilgan va BMTning (FAO) Jahon oziq-ovqat va qishloq xoʼjaligi tashkiloti tomonidan qoʼllab-quvvatlangan.

BMT Bosh Assambleyasining 2012-yil 21-dekabrda qabul qilingan 67/200-sonli rezolyutsiyasiga muvofiq, barcha turdagi oʼrmonlarning ahamiyati toʼgʼrisida keng jamoatchilik xabardorligini oshirish maqsadida 21-mart sanasi Xalqaro oʼrmonlar kuni etib belgilandi.

Oʼrmon va uning boyliklarini saqlash va muhofaza qilish masalasi bugungi kunda dunyoning barcha mamlakatlari uchun eng muhim ekologik vazifalardan biri hisoblanadi. Soʼnggi yillarda sayyoramizda oʼrmonlarni kesish bilan bogʼliq zararli harakatlar nafaqat ekologlar, balki butun xalqaro hamjamiyatni xavotirga solmoqda.

Bugungi kunda oʼrmonlarning umumiy maydoni 38 mln kvadrat kilometrni tashkil qiladi. Bu yer maydonining qariyb uchdan bir qismi degani. Shundan

13 foizi muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda joylashgan.

O‘rmonlar sayyoramizning o‘pkasi bo‘lib, ular beqiyos ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy ahamiyatga ega. O‘rmonlar iqlimni shakllantirishda ishtirok etadi, atmosferani kislorod bilan taʼminlaydi, zararli chiqindilarni qayta ishlaydi, suv resurslarini tejashda muhim rol oʼynaydi. Shuningdek, koʼplab oʼsimliklar va hayvonlarning yashash joyi hisoblanib, fauna va flora olamini ozuqa bilan taʼminlaydi va tabiiy resusrslar manbai hisoblanadi Odamlar uchun sogʼlom muhit, tuproq unumdorligi va landshaftlarini saqlashga yordam beradi.

Аfsuski, har kuni dunyoda oʼrmonlar maydoni uzluksiz kamayib bormoqda. Har soniyada 1,5 gektardan ortiq unumdor oʼrmon maydoni yoʼqotiladi. Bu, birinchi navbatda, aholining koʼpayishi va oʼrmon maydonlarining turli ehtiyojlar uchun ishlatilishi bilan bogʼliq. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga koʼra, soʼnggi 10 ming yil ichida insoniyat tomonidan 26 mln kvadrat kilometr oʼrmonlar yoʼq qilingan. Shu bilan birga, oʼrmonlar yongʼinlar, noqonuniy daraxt kesish, tabiiy ofatlar, hasharot-zararkunandalar, kasalliklar va boshqa sabablar taʼsirida nobud boʼlmoqda. Achinarlisi, oʼrmonlar maydonining qisqarishi tabiat va insoniyat hayoti uchun global, tuzatib boʼlmaydigan salbiy jarayonlar yuz berishiga olib keladi.

Xalqaro oʼrmonlar kunining asosiy vazifasi sayyoramiz aholisining eʼtiborini oʼrmonlarni muhofaza qilishga qaratish, oʼrmon ekotizimlarini qayta tiklashning ahamiyati, ularning haqiqiy holati, oʼrmonlarni muhofaza qilishning asosiy chora-tadbirlari haqida maʼlumot berishdan iborat.

Oʼrmonlarning kesilishi va degradatsiyasi jarayonlari barcha mamlakatlar tomonidan birgalikda hal qilishni talab qiluvchi xalqaro muammolarga aylanganligi sababli BMT barcha aʼzo davlatlarni ushbu kunni maxsus tadbirlar bilan nishonlashni qoʼllab-quvvatlashga chaqirdi. Shu kuni dunyoning aksariyat mamlakatlarida oʼrmonlar va yashil maydonlarni muhofaza qilishga qaratilgan turli aksiya va tadbirlar, tanlov va koʼrgazmalar, daraxt ekish aksiyalari, turli flesh-moblar oʼtkazilmoqda.

Jamoat va ekologik tashkilotlarning bunday tadbirlari aksariyat hukumat vakillari tomonidan qoʼllab-quvvatlanadi. Xususan, BMTga aʼzo davlatlar oʼrmonlarni qayta tiklash va oʼrmonlarni koʼpaytirish boʼyicha maqsadli siyosat doirasida tegishli kelishuvlarga erishib, bugungi kunda qator chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.

Muxtasar aytganda, Navro’zi olam va Xalqaro oʼrmonlar kuni maqsadlari mushtarakligi bilan butun insoniyat uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Tabiat resurslari vaziri                                                                                                                    Aziz Abduxakimov

Useful resources