“Uch avlod bogʻi”dagi e'tirofga loyiq tajribalar
16.
03. 2023
19:34
2405
News

Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduxakimov Qiziltepa tumanida joylashgan “Uch avlod bogʻi”da “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan ham yaqindan tanishdi. 

Joriy yil bahor mavsumida viloyatda magistral avtomobil yoʻllari, tuman-shahar ichki yoʻllari va yoʻl yoqalari, qishloq xoʻjaligi yerlari, fermer xoʻjaliklari, ijtimoiy soha obyektlari, korxona va xizmat koʻrsatish tarmoqlari, obodonlashtirish boshqarmasiga qarashli hududlar va mahallalarga qariyb 8,8 million tup mevali va manzarali daraxt hamda butalar ekish rejalashtirilgan.  

Eʼtiborli jihati shundaki, viloyatda koʻchatlarni parvarishlashga ham alohida eʼtibor qaratilib, amaliy saʼy-harakatlar boshlangan. “Uch avlod bogʻi”da yaratilgan tomchilatib sugʻorish tizimi bunga bir misoldir.

Masʼullarning maʼlum qilishicha, joriy yil bahor mavsumida bu yerda 25 gektarda tomchilatib sugʻorish usuli bilan 23 ming tup katalpa, gujum, zarang kabi manzarali daraxt koʻchatlari oʻtqazilgan. Mutaxassislar tavsiyasi asosida koʻchatlarning ildiz qismiga tuproq bilan birga Bentonet gel ham aralashtirilib solinmoqda.

Bentonet gel qoʻshilgan holda ekilishining afzalligi shundaki, daraxt koʻchatlari sugʻorilgandan soʻng 7-10 kun davomida namlikni oʻzida saqlab, tomirlarning suvdan oziqlanishini taʼminlaydi.

Bogʻ hududida amalga oshirilayotgan yana bir tajriba ham barchada katta taassurot qoldirdi. Yaʼni bu yerda daraxt koʻchatlari orasiga shu kunlarda piyoz ekilgan boʻlib, bundan koʻzlangan maqsad yerning har bir qarich yeridan unumli foydalanish bilan birga bozorlarda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini arzonligini taʼminlash, oziq ovqat xavfsizligini taʼminlashdan iborat.

Hozirda “Uch avlod bogʻi”ning yana 25 gektarlik hududida tomchilatib sugʻorish usulida daraxt koʻchatlari ekish ishlari boshlab yuborilgan. Bu yerda ham joriy bahor mavsumida daraxt koʻchatlari orasiga 10 gektarda tarvuz, 10 gektarda qovoq va 5 gektarda loviya ekilishi choralari koʻrilayapti.

Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduxakimov yaxshi niyat bilan bogʻ hududiga daraxt koʻchati oʻtqazdi.

Tabiat resurslari vazirligi Navoiy  viloyati boshqarmasi matbuot xizmati

Useful resources