FAO bosh qarorgohida samarali hamkorlik istiqbollari muhokama etildi 
23.
02. 2023
16:39
2426
News

Joriy yilning 23-24-fevral kunlari Italiyaning Rim shahrida atrof-muhit va suv resurslari bo'yicha oʻtkazilayotgan “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” yuqori darajadagi 7-konferensiyasi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vaziri A. Abduxakimov va BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) Bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Tomas Loran o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi.


Uchrashuv davomida FAOning iqlim oʻzgarishiga moslashish, yerlarning degradatsiyasi, ekinlar va biologik xilma-xillik yoʻqolishiga qarshi kurashishga bo‘yicha amalga oshirilayotgan qoʻshma loyihalari muhokama qilindi.
Tashkilot Bosh direktorining birinchi oʻrinbosari Oʻzbekiston keyingi yillarda mintaqada muhim tashabbuslarni ilgari surib, hujjatlarni ishlab chiqish va Global ekologik jamg‘arma (GEF) mablag‘larini jalb etgan holda grant loyihalarini amalga oshirishda faol ishtirok etib, munosib hissa qoʻshayotganini alohida taʼkidladi.
Ma’lumot uchun: FAO bilan birgalikda GEFning umumiy qiymati 25,2 mln. doll. bo‘lgan  5 ta loyihasi amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Orol dengizi ekologik falokati oqibatlarini yumshatish borasidagi tashabbuslarini alohida e’tirof etdi.
BMT tomoni Kartaxena protokoliga muvofiq bioxilma-xillikni saqlash va o‘simliklar genetik resurslarini barqaror foydalanishga qaratilgan loyihani amalga oshirish uchun yordam ko‘rsatishga tayyor ekanligini bildirdi.
GEF 8-moliyalash davri (2022-2026-yillar) doirasida grant mablagʻlarini jalb qilish maqsadida 6,4 million dollar miqdoridagi loyiha konseptsiyasini ilgari surish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Shu bilan birga, tomonlar GEFning global taqsimoti doirasida transchegaraviy suv resurslarini boshqarish, shuningdek, turg‘un organik ifloslantiruvchi moddalarni xavfsiz boshqarish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishda hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanligini ta’kidladilar.
O’zbekiston delegatsiyasining uchrashuvi FAO bosh qarorgohida tashkil etilgan “O‘zbekiston” tematik zalida bo‘lib o‘tdi. (FAO) Bosh direktorining birinchi o‘rinbosari T. Loran anʼanaviy o’zbek qadriyatlarini o’zida mujassamlashtirgan ushbu mo’jaz zal haqida ham so’z yuritib, uni xodimlarning eng sevimli maskanlaridan biri ekanligini e’tirof etdi.
Yig‘ilish yakuni bo‘yicha FAO vakillari joriy yilning kuzida Samarqand shahrida BMTning cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish, shuningdek, ko‘chib yuruvchi yovvoyi hayvonlar turlarini saqlash bo‘yicha bo‘lib o‘tadigan yuqori darajadagi tadbirlariga taklif etildi.

Tabiat resurslari vazirligi axborot xizmati

Useful resources