Suv-botqoq hududlarini muhofaza qilish masalalari muhokama etildi
02.
02. 2023
18:34
3350
Spirituality and enlightenment

Poytaxtimizda 2-fevral - Butunjahon suvli-botqoq yerlari kuni munosabati bilan “Daryo va koʻllarning ekotizim barqarorligidagi ahamiyati” mavzusidagi seminar boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Ekologik partiyasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Tabiat resurslari vazirligi mutasaddilari ham ishtirok etdilar.

Taʼkidlash joizki, 1971-yil 2-fevral kuni Eronning Ramsar shahrida jahon hamjamiyati tomonidan suv-botqoqli hududlarni muhofaza qilish, bunday hududlarga keng jamoatchilikning eʼtiborini jalb etish maqsadida “Suvda suzuvchi qushlarning asosiy yashash manzili boʻlgan xalqaro ahamiyatga ega suvli-botqoq yerlar toʻgʻrisida”gi Konvensiya qabul qilindi. 

 Oʻzbekiston Respublikasi ham 2001-yilda Ramsar Konvensiyasiga qoʻshilgan boʻlib, bugungi kunda mazkur xalqaro hujjat boʻyicha qabul qilingan majburiyatlar ijrosi 2019-2028-yillar davrida Oʻzbekiston Respublikasida biologik xilma-xillikni saqlash strategiyasi doirasida amalga oshirilmoqda. Shuningdek, ushbu vazifalar 2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarning 15-maqsadi 15.1-vazifasi (Xalqaro bitimlardan kelib chiqadigan majburiyatlarga muvofiq yer usti va ichki chuchuk suvli ekotizimlar, jumladan, oʻrmonlar, suvli-botqoqli hududlar, togʻlar va qurgʻoqchil yerlarni saqlash, tiklash va ulardan oqilona foydalanishni taʼminlash) ijrosini taʼminlashda ham oʻz aksini topmoqda.


Bugungi kunda konvensiya doirasida belgilangan chora-tadbirlarning tizimli amalga oshirilishi natijasida mamlakatimiz hududidagi Dengizkoʻl (2002), Aydar-Arnasoy koʻllar tizimi (2012), Toʻdakoʻl koʻli (2020) va Quyimozor suv ombori (2020) Xalqaro ahamiyatdagi suvli-botqoq yerlarning roʻyxatiga kiritildi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi Sudochye, Jiltirbas hamda Qashqadaryo viloyatidagi Achiqkoʻl va shu kabi boshqa qator koʻllarni ham Ramsar roʻyxatiga kiritish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.


Maʼlumotlarga koʻra, mamlakatimizda suv-botqoq hududlari qariyb bir million gektarni tashkil etib, 500 dan ortiq koʻllar mavjud. Ushbu hududlar suv-botqoq sharoitiga moslashgan oʻsimlik va hayvonot dunyosiga boy. Respublika hududi orqali koʻchib yuruvchi qushlarning koʻplab turlari uchun suv-boqoq hududlari qulay joy boʻlib xizmat qilmoqda. 


Xalqaro hamjamiyat taklifiga koʻr,a joriy yilda “Suv-botqoq hududlarini tiklash” mavzusida oʻtkazilayotgan tadbirlarda mutaxassislar hamda soha olimlarining taʼkidlashicha, global iqlim oʻzgarishlari kuchayishi tufayli suv-botqoq hududlar oʻrmon hududlarga nisbatan uch barobar tez kamayib ketishi ehtimoli mavjud.


Maʼlumki, Oʻzbekiston Republikasi “Qizil kitobi”ga kiritilgan qushlarning 37 turining hayoti suv-botqoq hududlari bilan uzviy bogʻliq. Shuning uchun ham bunday hududlarni muhofaza qilish, ularda yashash muhitlarining barqarorligini saqlab qolish muhim ahamiyat kasb etadi. 


Shuningdek tadbirda “Suvda suzuvchi qushlarning asosiy yashash manzili boʻlgan xalqaro ahamiyatga ega suvli-botqoq yerlar toʻgʻrisidagi Konvensiya doirasida Tabiat resurslari vazirligi tomonidan olib borilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida ham maʼlumot  berildi. 

Taʼkidanganidek, bugungi global iqlim oʻzgarishlari sharoitida suv-botqoq hududlarni, ayniqsa Orolboʻyi hududidagi “vetland”larni qurib qolishdan saqlash va ushbu hududlarda bugungi anomal ob-havo sharoitlarida biotexnik tadbirlarni amalga oshirish mazkur xalqaro toifadagi suv obyektlari muhofazasi uchun muhim ahamiyat kasb etadi. 

Yigʻilish ishtirokchilari tomonidan taʼkidlanganidek, suv-botqoq hududlari oʻsimlik va hayvonot dunyosini, ayniqsa uchib oʻtuvchi qushlarni muhofaza qilishga, sayyoramizning barqaror rivojlanishiga, aholini zaruriy mahsulotlar bilan hamda hudud iqlimiy sharoitlarining barqarorligini taʼminlashga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatlidir.

 

Javlonbek Abdusattorov

Tabiat resurslari vazirligi bosh mutaxassisi

Useful resources