“Qorasovuq”qa bogʼbonlarimiz tayyormi?
09.
01. 2023
22:55
2048
News

Hududimizga yana anomal sovuq harorati qaytayotganligi sababli qishloq xoʼjaligi sohasida faoliyat koʼrsatayotgan tadbirkorlarimiz, fermer va dehqonlarimiz va barcha xalqimizga bogʼlarimizni asrash boʼyicha quyidagi tavsiyalarni bildiramiz.
 
Bogʼlarni tutunlatish – nim quruq narsalarni yoqish yoki tutun parda hosil qiladigan shashkalarni tutatib (chet ellarda samolyotdan bogʼ ustiga tashlanadigan qator kimyoviy birikmalar yordamida ham) hosil qilinadi. 

 Eng osoni tutun uyumlari axlat, goʼng, yaroqsiz nam poxol, shox-shabba, qipiq, barg va boshqa koʼp tutun hamda bugʼ chiqarib yonadigan materiallardan hosil qilinadi. Uyumning katta-kichikligi 
1-1,5 m balandlikda va 1,5-2 m kenglikda boʼladi. Tagida quruq va yengil alangalanib yonadigan materiallar, ustiga nam, tutaydigan, yonayotganda koʼp tutun va bugʼ chiqaradigan materiallar tashlanadi. Uyum ustiga 2-3 sm qalinlikda tuproq solinadi, yuqorisida esa tutun chiqishi uchun teshik qoldiriladi. Bogʼlardagi harorat keskin pasayganda uyumlar shamol esayotgan tomondan yondiriladi. Takroriy qora sovuqlar boʼlishini nazarda tutib, ularning yarmini qoldirib, yaʼni uyum oralatib yondiriladi. Yongan uyumlardan chiqqan issiqlik havo haroratini darajasini bir necha oʼn ulushidan 0,75-1,0 °C gacha isitishi mumkin. Kuchsizroq sovuqlarda haroratning bunday oshishi ham ijobiy natija beradi. Uyumlar hosil qilishdan asosiy maqsad - koʼproq quyuq, barqaror tutun va bugʼ chiqarish, ularning bogʼ ustiga yoyilib, yerning va daraxtlarning nur tarqatishini kamaytirishidan iborat. Tutunlarning havo harorati isiy boshlagunga qadar davom etishi va quyosh chiqishidan 1-2 soat keyin tugatish lozim. 

Shuningdek, bogʼlarda sovuqqa qarshi kurashish uchun maxsus grelkalarda (isitgichlar) neft va toshkoʼmirdan qilingan briketlar yoqiladi. Asosan, bulardan sitrus mevalar yetishtiriladigan bogʼlarda foydalaniladi. Ular havo haroratini 3 °C gacha koʼtaradi, 150 grelka 
1 ga bogʼda haroratni 4-4,5 °C gacha oshiradi. Katta bogʼlarda ulardan foydalanish birmuncha qiyin, bu hamma vaqt ham kutilgan samarani bermaydi. 

Sovuqlar vaqtida bogʼlarni qondirib sugʼorish ham ular taʼsirini bir muncha kamaytiradi. Yer beti suv bilan qoplangunga qadar koʼllatib sugʼoriladi. Bunda suv harorati havo haroratidan yuqori boʼlganligi uchun bogʼlarning suv isitgichi hisoblanadi. Ikkinchi tomondan hosil boʼlgan suv bugʼlari yerning va daraxtlarning nurlanishini kamaytiradi hamda havo haroratini pasayishiga yoʼl qoʼymaydi. 

Issiqxonalarni “qorasovuq”dan asrash ham juda muhim. Buning uchun issiqxona qozonxonalarini va dud boʼronlarini qayta tozalash, germetik holatlarni koʼrib chiqish, isitish manbalarini zahirasini qilish, tirqishlarni berkitish, tutun qilish, imkoni boʼlmaganda elektr koloreferli issiqlik haydovchi ventilatsion qurilmalardan foydalanish orqali hosilni beziyon saqlab qolish mumkin.

Abdushukur Hamzayev
Qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor

Useful resources