Orol dengizi havzasi landshaftining tanazzul yerlarida barqaror hayotni taʼminlash masalalari muhokama qilindi
30.
11. 2022
12:53
5083
News

Bugun Davlat ekologiya qo‘mitasi, BMT Taraqqiyot Dasturi va Global ekologik fond (GEF) tomonidan hamkorlikda moliyalashtirilayotgan “Orol dengizi havzasi landshaftining tanazzul yerlarida barqaror hayotni taʼminlashni qo‘llab-quvvatlaydigan asos sifatida ko‘llar, suv-botqoq yerlari va qirg‘oqbo‘yi hududlarini saqlash hamda boshqarish” loyihasi masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda taʼkidlanganidek, bugungi kunda Davlat ekologiya qo‘mitasi xalqaro hamkorlik masalalariga ham alohida eʼtibor qaratib, bu boradi istiqbolli loyihalarni amalga oshirmoqda. 4 million dollarni tashkil etadigan ushbu loyiha Orolbo‘yi mintaqasi ko‘llari, suv-botqoq hududlarini saqlash va barqaror boshqarish bo‘yicha olib boriladigan amaliy ishlarni qamrab oladi.

Suv-botqoq hududlari jahondagi biologik xilma-xillik va eng qimmatli ekotizimlardan biridir. Bugungi kunda Orol dengizi havzasida ham  ko‘llar, botqoq hududlar va qirg‘oq ekotizimlari saqlanib kelmoqda. Ko‘chmanchi qushlarning juda ko‘p turlari uchun O‘zbekiston juda muhim uchish yo‘lida joylashgan. Masalan, Sudochye, Dengizko‘l, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi qishlovchi-ko‘chmanchi qushning asosiy uyalash makonlari hisoblanadi. 

Loyihaning maqsadi – muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni (MTH), asosiy biologik xilma-xillik hududlari va asosiy ornitologik hududlar (AOH) atrofidagi mahsuldor landshaftlarni yer va suv resurslarini kompleks boshqarish bilan birgalikda tuproq degradatsiyasining oldini olish orqali Quyi Amudaryo va Orol dengizi havzasi hududida ekotizimlar barqarorligini va hayot faoliyatini oshirishdan iboratdir.

Loyihaning maqsadli hududi O‘zbekistonning janubiy va janubi-g‘arbida joylashgan Amudaryoning quyi oqimi va Orol dengizi havzasi hisoblanadi. Bu hudud maʼmuriy jihatdan Buxoro viloyatining Olot, Qorako‘l tumanlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Amudaryo va Mo‘ynoq tumanlarini o‘z ichiga oladi.

Loyihaning maqsadli hududlarida  tabiiy ekotizimlarning ko‘pchiligi, yaʼni botqoq hududlar, ko‘llar Amudaryo havzasining qirg‘oqbo‘yi maydonlari joylashgan. Bundan tashqari, bu hududlarda degradatsiyaga eng ko‘p uchragan yaylovlar va sug‘oriladigan maydonlar mavjud bo‘lib, ularning aksariyati sho‘rlanishga moyil.

Loyiha faoliyati ushbu qurg‘oqchil landshaftdagi ko‘llar, botqoq yerlar va qirg‘oq bioxilma-xilligining qisqarishi va yo‘qolishi bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan yerlarning degradatsiyasi, suv tanqisligi va biologik xilma-xillikning yo‘qolishiga olib keluvchi omillarni bartaraf etishga qaratilgan.

Loyiha doirasida umumiy maydoni 3 million gektardan ortiq bo‘lgan Janubiy Ustyurt, Beltau, Sudochye ko‘llari tizimi, Oqdaryo-Qozog‘daryo oralig‘i va Akpetki qo‘riqxonalari singari beshta yangi muhofaza etiladigan  tabiiy hududlarni rivojlantirish kutilmoqda.
Bu hududlarning barchasi ushbu mintaqada joylashgan  qushlar yashaydigan hududlarini to‘liq yoki qisman qamrab oladi.

Loyiha maqsadlariga erishish uchun to‘rtta asosiy faoliyat yo‘nalishlari belgilandi:
• Tuproq degradatsiyasining oldini olish uchun suv resurslarini muvofiqlashtirilgan tarzda boshqarish;
• Maqsadli landshaftda yer resurslarini barqaror boshqarish;
• Orol dengizi havzasining global ahamiyatga ega bioxilma-xilligini saqlab qolish;
• Xalqaro hamkorlik va bilimlarni boshqarish.

Yig‘ilishda mazkur loyiha yuzasidan amalga oshiriladigan galdagi vazifalar belgilab olindi. Qayd etilishicha, loyihani amalga oshirish guruhi Davlat ekologiya qo‘mitasining Atrof-muhit loyihalari markazida faoliyat olib boradi.

Davlat ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati

Useful resources