So‘nggi oylarda Davlat ekologiya qo‘mitasiga aholi, jamoatchilik tashkilotlari tomonidan atrof muhitga zararli tashlamalar tashlayotgan yirik sanoat korxonalari faoliyati yuzasidan shikoyat va murojaatlar kelib tushmoqda.
Mazkur murojaatlarda, Toshkent viloyatining Chirchiq, Olmaliq shaharlaridagi «MAXAM-CHIRCHIQ», «AMMOFOS-MAXAM» aktsiyadorlik jamiyatlari faoliyati natijasida atmosfera xavosiga, ochiq suv xavzalariga tashlanayotgan zararli moddalar atrof muhitga, fuqarolar salomatligiga xavf solayotganligi qayd etilgan.
Ushbu murojaatlarni o‘rganish maqsadida Davlat ekologiya qo‘mitasining tomonidan «MAXAM-CHIRCHIQ» AJning perimetri bo‘ylab (16 km) atmosfera havosidan 8 ta nuqtadan (oraliq 800 metr, korxona devoridan 15 metr masofada) namunalar olinib, tahlil qilinganda atmosfera havosi tarkibida ammiak miqdori ruxsat etilgan me’yordan – 1,1 - 2,8 marotaba, vodorod sulfid miqdori –
4,5 - 7,4 marotaba, uglerod oksidi – 1,2 marotaba yuqoriligi aniqlandi.
Yuqoridagi o‘rganishlar «AMMOFOS-MAXAM» AJda ham o‘tkazildi, olingan havo namunalari olinib tahlil qilinganda, atmosfera havosi tarkibida oltingugurt moddasi miqdori ruxsat etilgan me’yordan – 2,6 marotaba, azot ikki oksidi –
8,8 martaga ortganligi aniqlandi.
Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan «AMMOFOS-MAXAM» AJ faoliyati yuzasidan tayyorlangan ma’lumotlar asosida «O‘zbekiston ekologik partiyasi» tomonidan iyul oyida jamoatchilik eshituvi tashkil etilib, mazkur korxona tomonidan atrof muhitni muhofaza qilish yuzasidan olib borilayotgan ishlar keng jamoatchilik bilan muhokama qilindi.
Amalga oshirilgan o‘rganishlar natijalariga asosan yuqoridagi korxonalarda faoliyati joriy yil 5 avgustdan 26 avgust kuniga qadar davlat ekologik nazorati olib borildi.
Xususan, «MAXAM-CHIRCHIQ» AJda olib borilgan tekshirish davomida 29 ta asosiy va yordamchi tsexlaridagi atmosfera havosini ifloslantiruvchi 30 ta manbalaridan 62 ta namunalar olinib, havo tarkibidagi azot oksidi va ammiak moddalari bo‘yicha, shuningdek 9 ta ochiq suv havzalarini ifloslantiruvchi manbalaridan 9 ta namunalar olinib, suv tarkibidagi neft mahsulotlari, mis, temir, nitrat va nitrit ionlari hamda xlorid ingredientlarini aniqlash bo‘yicha jami 71 ta fizik-kimyoviy tahlil ishlari o‘tkazildi.
Tahlil natijalariga ko‘ra, korxonaning 2 ta ishlab chiqarish tsexlarida atmosfera havosini ifloslantiruvchi manbalardan tashlanayotgan tashlamalarning miqdori ruxsat etilgan me’yoridan 1,2 - 8,0 marotaba yuqoriligi aniqlandi. Mazkur kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida ushbu tsexlar faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.
Shu bilan birga «AMMOFOS-MAXAM» AJning 4 ta asosiy ishlab chiqarish tsexlaridagi atmosfera havosini ifloslantiruvchi 15 ta manbalaridan namunalar olinib, havo tarkibidagi azot oksidi, ammiak moddalari va fosfor changini aniqlash bo‘yicha jami 36 ta tahlil ishlari o‘tkazildi.
Tahlil natijalariga ko‘ra, korxonaning 1 ta ishlab chiqarish tsexida atmosfera havosini ifloslantiruvchi manbalardan tashlanayotgan tashlamalarning miqdori ruxsat etilgan me’yordan 1,15 - 1,22 marotaba yuqoriligi hamda ishlab chiqarish texnologik jarayonida quvurlar germetikligining buzilishi natijasida ifloslantiruvchi moddalar atmosfera havosiga tashlanayotganligi aniqlanib,
mazkur tsexdagi uskunalar faoliyati ham vaqtincha to‘xtatildi.
O‘zbekiston Respublikasining «Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida»gi, «Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida»gi va «Chiqindi to‘g‘risida»gi qonun talablarini buzganlik uchun «MAXAM-CHIRCHIQ» AJ, «AMMOFOS-MAXAM» AJning 33 nafar mansabdor va mas’ul shaxslari ma’muriy javobgarlikka tortildi hamda atrof tabiiy muhit ifloslantirilganligi va chiqindilarni belgilanmagan joylarga joylashtirilganligi uchun qo‘shimcha ravishda 414,4 mln. so‘m kompensatsiya to‘lovlari hisoblandi.
Shuningdek, «AMMOFOS-MAXAM» AJ hududida noqonuniy daraxtlar kesilganligi aniqlanib, o‘simlik dunyosiga yetkazilgan 223 mln. so‘m zararni qoplash belgilandi.
Tekshirish yakunlari bilan mazkur korxonalarda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida bu kabi holatlarni oldini olish maqsadida 39 banddan iborat bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi hamda Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan qatiy nazoratga olindi.