“Markaziy Qizilqum” milliy tabiat bog‘i va “Oqtog‘-Tomdi” davlat qo‘riqxonasi tashkil etildi
17.
02. 2022
11:07
5642
Event

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida” 2021 yil 3 fevraldagi PF–6155-son Farmonida hamda Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 11 iyundagi 484-sonli qarori bilan tasdiqlangan “2019-2028 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida biologik xilma-xillikni saqlash strategiyasi”da muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydonini kengaytirish vazifalari ijrosini ta’minlash maqsadida
2021 yilda katta ishlar amalga oshirildi.

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 8 fevraldagi 58-son qarori bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasida maydoni 280 507 gektar bo‘lgan “Sudoche-Akpetki” davlat buyurtma qo‘riqxonasi tashkil etildi. Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 5 maydagi 282-sonli qaror bilan Zomin, Nurota, Qizilqum va Surxon davlat qo‘riqxonalarining qo‘riqlanma zonalari va muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning qo‘riqlanma zonalari to‘g‘risidagi nizomi taqdiqlandi. Namunaviy nizom asosida 6 ta muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning qo‘riqlanma zonalari to‘g‘risidagi nizomlari ishlab chiqilib, tasdiqlandi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tizimida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2022 yil 16 fevraldagi PQ-131-sonli qarori bilan davlat tabiatni muhofaza qilish muassasasi shaklida Navoiy viloyatining Uchquduq tumanida umumiy maydoni 1 200 000 gektar bo‘lgan “Markaziy Qizilqum” milliy tabiat bog‘i va Tomdi tumanida umumiy maydoni 40 000 gektar bo‘lgan “Oqtog‘-Tomdi” davlat qo‘riqxonasi tashkil etildi.

Ushbu muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning tashkil etilishi munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi hududiga nisbatan muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning umumiy maydoni ulushi 11,2 % ga yetkazish amalga oshirildi.

Tashkil etilgan tabiat bog‘i va davlat qo‘riqxonasining hududlari juda muhim va boy bioxilma-xillikga egadir. Milliy tabiat bog‘i va davlat qo‘riqxonasi Qizilqum cho‘lining noyob tabiiy majmua va ob’ektlarini, shu bilan birga yo‘qolib ketish havfi ostida bo‘lgan noyob hayvonlar va qushlarni hamda o‘simlik turlarini, u yerlardagi landshaftlarni muhofazaga oladi.

Milliy tabiat bog‘i va davlat qo‘riqxonasi faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida Qizilqum cho‘lining markaziy qismidagi tabiiy majmua va ob’ektlar, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Qizil Kitobiga kiritilgan 30 dan ortiq turdagi noyob hayvon turlari, 10 dan ortiq o‘simlik turlari hududiy jihatdan muhofaza ostiga olinadi. Qayd etish lozimki, tashkil etiladigan mazkur muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda noyob hayvon turi – jayronning Qizilqum cho‘lidagi populyatsiyasining qariyb 80 foizi hayot kechiradi.

Ushbu muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning tashkil etilishi mintaqadagi tabiiy majmualarning qayta tiklanishiga hamda ekologik xavfsizlikka bo‘lgan tahdidlarning, ya’ni, cho‘llanishning ortib borishi, havoning qum va chang zarralari bilan ifloslanishi, iqlimning keskin o‘zgarishiga ta’sir ko‘rsatuvchi salbiy omillarning oldi olinishiga sharoit yaratadi.

“Markaziy Qizilqum” milliy tabiat bog‘i va “Oqtog‘-Tomdi” davlat qo‘riqxonasining tashkil etilishi muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda noyob hayvonlar va o‘simliklar hamda tabiiy majmualarning muhofaza qilinishi natijasida yaqin o‘n yillik davrda hayvonlarning bosh soni kamida 15 foizga ortishi, o‘simlik populyatsiyalarining tarqalish areallari 20 foizga kengayishiga erishiladi.

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources