Ko‘p tomonlama hamkorlik va Preferentsiyalar Bosh Tizimi plyus (GSP+)
16.
02. 2022
17:13
4944
Event

Joriy yilning 16 fevral kuni Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi N. Oblmuradovning Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari – elchi Sharlotta Adrian xonim bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi N. Oblomuradov Davlat rahbari tomonidan mamlakatimizda so‘nggi yillarda atrof-muhitni asrash bo‘yicha qilinayotgan tashabbuslar, xususan, “Yashil yillik” umummilliy tadbiri, har bir hududning iqlimiga mos, kam suv talab qiladigan ko‘chatlarni tanlab, ularni yetishtirish uchun ko‘chatxonalarni ko‘paytirish, shuningdek, Orolbo‘yi mintaqasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xalqaro loyihalar to‘g‘risida so‘z yuritdi.

O‘z navbatida Delegatsiya rahbari ekologiya sohasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berish bilan bir qatorda mamlakatimiz uchun Yevropa Ittifoqining barqaror rivojlanish va samarali boshqaruv bo‘yicha Preferentsiyalar Bosh Tizimi plyus (GSP+) kuchga kirishi, ayniqsa, COVID-19 inqirozidan tiklanish davrida muhim ahamiyat kasb etishi, shuningdek, bu O‘zbekistonda atrof-muhit, inson va mehnat huquqlari hamda samarali boshqaruv bo‘yicha 27 yirik xalqaro konventsiyalarni joriy etish bilan bog‘liq islohotlarni amalga oshirishni davom ettirish uchun yaxshi rag‘bat ekanligini ta’kidlab o‘tdi.

Uchrashuv davomida N. Oblomuradov 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi, xususan, “Yashil iqtisodiyot” texnologiyalarini barcha sohalarga faol joriy etish, iqtisodiyotning energiya samaradorligini 20 foizga oshirish, shu jumladan iqtisodiyot tarmoqlarining havoga chiqariladigan zararli gazlar hajmini bir birlik yalpi ichki mahsulot hisobida 20 foizga qisqartirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi.

Ikkitomonlama aloqalarning istiqboliga bag‘ishlangan muloqot mobaynida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi loyihalarni amalga oshirishda Yevropa Ittifoqining moliyaviy-texnik hamkorligini yanada kengaytirish bilan bog‘liq masalalar xususida so‘z yuritildi. Xususan, Turg‘un organik ifloslantiruvchi moddalar haqidagi Stokgolm konventsiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi olgan majburiyatlarni bajarishning samarali mexanizmini yaratish bo‘yicha Yevropa Ittifoqining texnik ko‘magini jalb qilish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Elchi xonim O‘zbekiston erishayotgan yutuqlarni e’tirof etar ekan, Yevropa Ittifoqi boshqa sohalarda bo‘lgani kabi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘nalishida ham ikki tomonlama manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga tayyor ekanini ma’lum qildi.

 

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources