Toshkent hayvonot bog‘i. Zuzu haqida qisqacha ma’lumot
07.
02. 2022
22:36
3946
News

«Toshkent hayvonot bog‘i»da sodir bo‘lgan voqea tufayli yangiliklar va izohlar hanuzgacha kamaygani yo‘q.

Internet tarmoqlari orqali hamaga tanilgan Zuzu laqabli ayiq Kavkaz qo‘ng‘ir ayiqlarining kenja turi hisoblanadi.

Kavkaz qo‘ng‘ir ayig‘i 1851 yilda Aleksandr Fedorovich Middendorf tomonidan ilk bor ta’riflangan kenja tur hisoblanadi.

Ushbu kenja tur Kavkazda, dengiz sathidan 4000-4500 m balandlikdagi tog‘li o‘rmon hududlarida tarqalgan. Uning tana uzunligi 2 m gacha, vazni esa 320-350 kilogrammga yetadi. Ushbu kenja tur asosan yakka tartibda oziq-ovqat izlab kezadi. U mevalar, o‘simliklarning barglari va yosh novdalari, turli hasharotlar va hayvonlarning murdalari bilann oziqlanadi. Kuchli xotiraga ega. Ko‘p miqdorda o‘sadigan rezavor va qo‘ziqorinlar joyni osongina eslab u yerga yo‘l topadi. U qishda uxlaydi, Urg‘ochilari uyada qish oylarida 2-4 ta butunlay nochor, og‘irligi 500 grammli bola tug‘adi. Ayiq bolalari ikki yil davomida onasining yonida qoladi. 40-50 yilgacha yashashi mumkin.

Toshkent hayvonot bog‘iga Zuzu 2017 yilda bir yoshligida Boku hayvonot bog‘idan olib kelingan. U 2016 yil 11 fevralda tug‘ilgan. Zuzuning bo‘yi deyarli 2 metr bo‘lib, vazni taxminan 180 kg. Zuzu yashaydigan volerning yonida esa Masha laqabli ayiq yashaydi. U Zuzuning yaqin do‘sti, u ham Boku hayvonot bog‘idan olib kelingan.

Afsuski, Zuzuni yovvoyi tabiatga qo‘yib yuborishning katta xavfi bor, chunki u odamlar tomonidan boqib, tarbiyalangan. O‘zi uchun hech qachon ozuqa topmagan va ov qilishni bilmaydigan, umr bo‘yi odamning qo‘lidan ovqat yegan va insondan qo‘rqmaydigan ayiq och qolganda duch kelgan aholi punktiga boradi va qo‘rqib ketgan odamlar tomonidan o‘ldirilishi mumkin. Tutqunlikda tug‘ilib o‘sgan va ota-onasi tarbiyasini olmagan jonivorlar o‘z qardoshlari bilan til topisha olmaydi, ovqat topa olmaydi, boshqa jonivorlar bilan raqobatlasha olmaydi va kuchliroq raqibdan himoyalana olmaydi. Turli yuqumli kasalliklar va jarohat yetishi ehtimolini ham nazardan qochirmaslik kerak.

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources