Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi boshiga Orol dengizining kuni tushishi mumkin
17.
12. 2021
19:55
5597
News

So‘nggi yillarda Chordara suv omboridan Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimiga chuchuk suv quyilayotgani yo‘q. Suv sathining pasayishi va tarkibining sho‘rlanishi natijasida qirg‘oqlari ayrim joylarda 15−50 m ga chekinib, 15−20 sm gacha tuz qatlami hosil bo‘ldi, suvning sho‘rlanish darajasi keskin oshdi. Senatorlar va Ekologiya qo‘mitasi rahbari o‘rinbosarlari Orol dengizining kuni boshiga tushishi mumkin bo‘lgan ekotizim muammolari haqida gapirdi.

Oliy Majlis Senati 16 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan 22-yalpi majlisida Aydar-Arnasoy ko‘llari tizimida kuzatilayotgan muammolarning ekologiya hamda aholi salomatligiga ta’siri yuzasidan O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborildi.

Risqul Siddiqov. Foto: Senat matbuot xizmati.

Senatning Agrar, suv xo‘jaligi va ekologiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Risqul Siddiqov ko‘llar tizimining ekologik va biologik muhitini yaxshilash maqsadida «Aydar-Arnasoy ko‘l tizimi direktsiyasi» DUK tashkil etilib, qurilish ishlari olib borilayotganini ta’kidladi. Sohilbo‘yi hududlarida baliqchilik xo‘jaliklari, inkubatsiya ustaxonalari va baliq yetishtirish hovuzlari barpo etilmoqda. Shu bilan birga, Jizzax va Navoiy viloyatlarida joylashgan Aydarko‘l, Tuzkon va Sharqiy Arnasoy ko‘llarini o‘z ichiga olgan ko‘llar tizimidan foydalanishda bir qator muammoli masalalar saqlanib qolmoqda.

Ko‘llar tizimining suv hajmi 1994−2000 yillarda 44,1 milliard kub metrni, hududi 350 ming gektarni, uzunligi esa 250 kilometrni tashkil etgan bo‘lsa, 2013−2021 yillarda suv yetishmovchiligi tufayli Qozog‘istonning Turkiston viloyati hududida joylashgan Chordara suv omboridan ko‘l tizimiga suv tashlanmagani bois suv hajmi 37,7 milliard kub metrgacha kamaydi, dedi senator.

Risqul Siddiqov ko‘llarda suv sathi 2 m ga pasayganini, minerallashuv darajasi 10 yil ichida 5,1 g/l dan 8,6 g/l gacha oshganini, Boymurod hududi atrofida esa bu ko‘rsatkich 12 g/l dan oshganini ta’kidladi.

«Suv sathining pasayishi va suv tarkibining sho‘rlanishi natijasida ayrim qirg‘oqbo‘ylari 15−50 metrgacha ortga chekinib, shu chekingan maydonda 15−20 sm, ba’zi joylarda undan ham yuqori hajmda tuz qatlami hosil bo‘lgan. Bu esa kuchli shamol vaqtida tuzli changlarga sabab bo‘lishi olib kelmoqda. Shu bilan birgalikda, qishloq xo‘jaligidagi ekin yer maydonlariga va inson salomatligiga ta’sir ko‘rsatmoqda», — dedi u.

Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimining joylashuv sxemasi. Manba: CAWater-Info.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘llar tizimida baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirish borasidagi ishlar ham yetarlicha yo‘lga qo‘yilmagan. Baliq zaxiralarining saqlanishi va muhofaza qilinishini nazorat qilish tizimi noto‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgani sababli noqonuniy baliq ovlash holatlari ko‘payib bormoqda.

Ko‘l tizimi hududida belgilangan me’yorlar asosida tizimli baliqlantirish, baliq mahsulotlarini qayta ishlash, ekoturizmni rivojlantirish, suvning sho‘rlanish darajasini yumshatish ishlari tashkil etilmagan.

Baliq ovlash konturlarini ijaraga berish, ijara haqini undirish, baliq zahiralarini muhofaza qilish, baliq ovlash qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish, baliq ovlashda foydalaniladigan asbob-uskunalarni hisobga olish va nazorat qilish turli davlat organlari zimmasiga yuklatilgan, ularning faoliyati muvofiqlashtirilmagan, dedi senator.

U ko‘l tizimidan foydalanish bilan bog‘liq hujjatlardagi nomuvofiqliklar haqida ma’lum qildi. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha hududiy inspektsiyalariga Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimini muhofaza qilish bo‘yicha shtat birliklari ajratilmagan.

Boriy Alixonov. Foto: Senat matbuot xizmati.

Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish qo‘mitasi raisi Boriy Alixonov Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi paydo bo‘lgan 1969 yildan yarim asr o‘tganini va bu erda tegishli ekotizim shakllanganini eslatdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, oxirgi yillarda ko‘llar holatining yomonlashuv tendentsiyasi kuzatilmoqda.

«Birinchidan, hozir minerallashuv haqida gap ketdi. Agarda kelgusida sho‘r suvlar oqibatida Aydar-Arnasoy suvining minerallashuv darajasi ko‘payib boradigan bo‘lsa, hozir 12 g/l deyapti, Aydar tarafda hatto 14 ga ham chiqqan. 17 g/l bo‘ladigan bo‘lsa, chuchuk suvda yashaydigan baliqlarning yashashga imkonlari yo‘qoladi. Ya’ni baliqlarning o‘z-o‘zidan urchishi, o‘z-o‘zidan chovoqlashi masalasi yo‘q bo‘ladi. Ya’ni chuchuk suvda tabiiy usulda baliq ovlash umuman mumkin bo‘lmay qoladi», — dedi senator.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘llar tizimining tubida bir necha santimetrlik quyqa, il bor.

«Bu ilda serovodorod yoki vodorod sulfid deyiladi, ochilib qoladigan bo‘lsa, bu atrof-muhitga judayam katta [ta’sir ko‘rsatib], ekotizimning ixtiofaunasi yoki gidroflorasi yo‘q bo‘lib ketishi mumkin», — dedi u.

Foto: Uzbekistan.travel

Boriy Alixanov, shuningdek, kichkina katakli nostandart, bir martalik to‘rlardan foydalanishni taqiqlashni taklif qildi.

«Bu masalani hal qilmaydigan bo‘lsak, chovoqchalar nobud bo‘lib boryapti, baliqlarning urchishiga umuman imkoniyat bo‘lmay qoladi», — deya ma’lum qildi u.

Senatorning qayd etishicha, har yili Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimiga 3,5 kub km suv kelib tushgan, shundan 2 kub km chuchuk suv bo‘lgan. «Lekin hozir chuchuk suv to‘xtadi. Ertaga bu ekotizim butkul barbod bo‘lib, salbiy ta’siri undan battar bo‘lishi mumkin», — dedi u.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Jusipbek Kazbekovning aytishicha, bugungi kunda ushbu hududda «Qizil kitob»ga kiritilgan 30 dan ortiq hayvon turi, shuningdek, 209 dan ortiq qush turlari mavjud bo‘lib, ularning umumiy soni bugungi kunda 96 mingta yetgan.

Uning ta’kidlashicha, ko‘l ekotizimidagi vaziyat senatorlar ta’riflaganidan ham yomonroq. Endi ko‘llar uchun faqat kollektor-drenaj suvlari suv manbai bo‘lib qolmoqda.

«O‘zim Qoraqalpog‘istondanman. 1984 yili 4-sinfda o‘qiganimda kemalar qabristonida mayoq bor edi, kemalar turardi, katta dengiz ko‘z oldimizda turgan. Lekin institutni bitirib borganimizda, 10 yil orasida Mo‘ynoqda Aydar-Arnasoydan 30 barobar katta ming kub km hajmdagi dengiz yo‘qolib ketgan edi», — dedi u.

Jusipbek Kazbekov Toshkentdan uncha uzoq bo‘lmagan masofada bo‘lgan mazkur hududga jiddiy qaralmasa, «Orol muammosini mana shu erga, Toshkentga olib kelgan bo‘lamiz».

Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliev ekotizimdagi vaziyat senatorlar va Ekoqo‘m rahbari o‘rinbosari tilga olganidan ham yomonroq ekanini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sovetlar davrida Jizzax va Sirdaryo viloyatlaridagi cho‘l hududlarida juda ko‘p miqdorda pestitsidlar ishlatilgan.

«Mana shu pestitsidlar tuproqda qolib, bugun sho‘rni yuvish jarayonida Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimiga tushyapti. Ko‘l atrofining ochilishi munosabati bilan zararli qumlar, zararli dorilar, yaqinda bu ham tahlil qilindi, Toshkentdagi daraxtlarda ham chiqyapti. Ko‘plab daraxtlarning qurishi ham shuning natijasidir», — dedi u.

Viloyat rahbari vaziyat mamlakat rahbariyati nazoratida ekanini ta’kidladi. Hozir bu boradagi prezident farmoni ishlab chiqilmoqda.

Muhokama yakunlari bo‘yicha Senat muammoni hal etish bo‘yicha hukumat tomonidan qanday chora-tadbirlar ko‘rilayotganini aniqlash maqsadida Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

2019 yilda hukumat qarori bilan Aydar-Arnasoy ko‘llari tizimi hududida baliqchilik va turizmni rivojlantirish rejalashtirilgan edi.

2021 yil iyun oyida Vazirlar Mahkamasining navbatdagi qarori bilan ko‘llarda dam olish maskanlari tashkil etish, mehmonxonalar, sport inshootlari va boshqa inshootlar qurish rejalashtirildi.

 


«GAZETA.UZ»

Manba: https://www.gazeta.uz/uz/2021/12/...

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources