Andijon viloyatida internet tarmog‘i orqali sotuvga qo‘yilgan burgut yuzasidan munosabat
14.
12. 2021
18:36
1020
Econadzor

Avval xabar berilganidek, Davlat ekologiya qo‘mitasi matbuot kotibi tomonidan Andijon viloyati Buloqboshi tumanida internet tarmog‘i orqali sotuvga qo‘yilgan burgut yuzasidan tezkor munosabat bildirilib, o‘z navbatida qator e’tirozlarga sabab bo‘ldi.

Mazkur munosabat dastlabki ma’lumot tariqasida tezkor berilganligi sababli unda yetarlicha dalillar bayon etilmagan edi.

Ayni damda ushbu holatni o‘rganish jarayonlari davom etmoqda. Negaki, davlat inspektorlari tomonidan joyiga chiqib o‘rganilganda, haqiqatan ham yuqorida bayon etilgan manzilda istiqomat qiluvchi shaxs voyaga yetmagan fuqaro - Sh.A. ekanligi, u tomonidan 1 bosh burgut dala hovlida “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga zid ravishda ruxsatnomasiz saqlanganligi hamda ijtimoiy tarmoqlarda savdo bilan bog‘liq kelishuv-yozishmalar olib borilganligi ma’lum bo‘ldi.

O‘z navbatida, voyaga yetmagan fuqaro Sh.A.ning otasi bilan olib borilgan suhbat davomida mazkur burgut fuqaro hovlisiga o‘zi uchib kelganligi, farzandining savdo bilan bog‘liq yozishmalaridan xabari yo‘qligi bildirildi.

Ayni damda surishtiruv ishlar olib borilib, qonuniy chora ko‘rish va yakuniy qaror qabul qilingunga qadar 1 bosh burgut Toshkent hayvonot bog‘ida saqlanayotganligi hamda holat yuzasidan yakuniy ma’lumotlar qo‘shimcha tarzda bildirilishi ma’lum qilinadi.

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources