Davlat ekologiya qo‘mitasi vakillari Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hadli konventsiyasi Tomonlar konferentsiyasining 26-yig‘ilishida ishtirok etdi
11.
11. 2021
12:12
4773
Event

2021 yilning 9-10 noyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari J. Kazbekov BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hadli konventsiyasi tomonlar konferentsiyasining 26-yig‘ilishida ishtirok etdi.

Yig‘ilish doirasida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda Markaziy Osiyo pavilionida «O‘zbekistonning yashil iqtisodiyotga o‘tish strategiyasining ustuvor vazifalari» nomli yashil iqtisodiyot, yashil o‘sish tamoyillarini joriy etish, yangi ish o‘rinlarini yaratishga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi.

Shu bilan birga, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda «Orolbo‘yi mintaqasini barqaror rivojlantirish» nomli tadbir o‘tkazildi va unda xalqaro ishtirokchilar e’tiboriga O‘zbekistondagi ekologik va ijtimoiy vaziyatni yaxshilash bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar, Orol dengizi qurigan tubini ko‘kalamzorlashtirish, mamlakatimiz rahbariyati tomonidan ko‘tarilgan tashabbuslar, xususan, BMT shafeligida Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p sheriklik trast jamg‘armasini tashkil etish, BMT Bosh Assambleyasining Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiyasi to‘g‘risida axborot berildi.

Shuningdek, Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi direktori doktor Bruno Oberle bilan uchrashuvda Ittifoq va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning ijobiy dinamikasi va hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha keyingi qadamlar muhokama qilindi.

Uchrashuvda tomonlar ushbu hamkorlikni atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish sohasidagi amaliy ishlar va tashabbuslar bilan boyitish maqsadida Davlat ekologiya qo‘mitasi va Ittifoq o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga intilishlari va istagini bildirdilar.

Ittifoqning ilmiy va amaliy salohiyatini O‘zbekistonda va mintaqada to‘liq ro‘yobga chiqarish maqsadida doktor B. Oberle Ittifoqning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasini Toshkentda ochilishi imkoniyatlariga to‘htalib o‘tdi.

Global yashil o‘sish instituti (GGGI) bosh direktori doktor Frank Reysberman bilan qo‘shma loyihalar portfelini kengaytirish bo‘yicha uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumot uchun: hozirgi vaqtda Davlat ekologiya qo‘mitasi va GGGIning Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) tomonidan moliyalashtirilayotgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududini Orol dengizi inqirozidan tiklash bo‘yicha umumiy qiymati 5,65 million AQSh dollariga teng bo‘lgan yashil harakatlar va reabilitatsiya bo‘yicha qo‘shma loyihasi amalga oshirilmoqda.

Yaqin vaqtda Toshkent shahrida GGGI vakolatxonasining rasmiy ochilish marosimini tashkil etish masalasi muhokama qilindi va doktor F. Raysberman ushbu tadbirda shaxsan ishtirok etishga qiziqish bildirdi.

Davlat Ekologiya qo‘mitasi

Davlat Ekologiya qo‘mitasi

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources