Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasida tashkil etilgan navbatdagi tadbir mamlakatimiz hududidagi daraxtlarni xatlovdan o‘tkazish jarayoniga zamonaviy texnologiyalar va dasturiy mahsulotlarni joriy etish masalalariga bag‘ishlandi.
Qo‘mita raisi o‘rinbosarlari I. Boqijonov va J. Kazbekov, shuningdek, «O’zbekkosmos» agentligi rahbariyati hamda «Bezpilotnik» MChJ tajribali mutaxassislari ishtirokida maslahatlashuv tarzida o‘tkazilgan muloqot davomida xatlov uchun taklif etilayotgan loyihalar taqdimot shaklida ko‘rib chiqildi.
Belgilangan vazifaning muhimligini inobatga olgan holda har bir g‘oya, oqilona yechim sifatida bildirilgan fikr-mulohaza atroflicha muhokama qilindi.Tadbir yakunida loyihalarni bioxilma-xillikni asrashning o‘ziga xos jihatlari nuqtai nazaridan yanada takomillashtirish, bu jarayonga uchuvchisiz qurilmalar yordamida xizmat ko‘rsatadigan boshqa tashkilotlar va iqtidorli dasturchilarni ham jalb etish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan Davlat ekologiya qo‘mitasi ayni yo‘nalishda faoliyat olib boruvchilarni hamkorlikka taklif etadi.
|
Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati