Avval xabar berganimizdek, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi Alisher Maksudov 2021 yil 26 iyul kuni Sergeli tumanidagi «O‘zgarish» mahallasida poytaxt aholisi uchun sayyor qabul o‘tkazgandi. Ana shu tadbir davomida qo‘mita raisi ko‘rib chiqilayotgan masalalar qanday yechim topgani bir haftadan keyin qayta muhokama qilinishini ma’lum qilgandi.
Bugun, ya’ni 2 avgust kuni mazkur mahallada ekologiyaga oid masalalar bo‘yicha navbatdagi sayyor qabul tashkil etildi. Oldingi muloqotda ko‘tarilgan 21 ta masalaning 14 tasi bajarilgani, 5 ta muammoni bataraf etishi bo‘yicha Ishchi guruhlari faoliyat olib borayotgani, 2 masala bo‘yicha murojaatchilarga tushuntirish berilgani ta’kidlandi. Ko‘rilgan choralar tufayli Sergeli va Yakkasaroy tumanlarining ayrim hududlarida tarqalayotgan badbo‘y hid 70-80 kamaygani e’tirof etildi. Uni butunlay yo‘qotish bo‘yicha tegishli tashkilotlar amalga oshirilayotgan rejalar xususida so‘z yuritildi.
Navbatdagi qabulda esa Bektemir suv tozalash inshooti bilan bog‘liq noqulayliklar, Uchtepa tumani Shirin mahallasidagi daraxtlarni sug‘orish uchun oqar suv keltirish, Yunusobod tumani «Buyuk Turon» mahallasidagi daraxtlarning qurib ketgan shoxlarini butalash kabi 15 ta masala ko‘rib chiqildi.
Har bir masalaning yechimi bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar berildi. Ular qanday bajarilgani 7 kundan keyin yana ko‘rib chiqiladi.
Davlat ekologiya qo‘mitasi
Axborot xizmati