Toshkent shahri. Ekologlar qat’iy nazorat o‘rnatgan
13.
06. 2021
10:26
3830
Econadzor

Poytaxtimizning ayrim hududlarida asosan tunggi vaqtlarda taralayotgan badbo‘y hidning kelib chiqish omillari bo‘yicha Davlat ekologiya qo‘mitasi bosh mutaxassisi G‘olib Shukurov quyidagilarni ma’lum qildi:

- Bu muammoning sabablarini aniqlashga mazkur mavzu ijtimoiy tarmoqlarda ko‘tarilishidan avval kirishilgan. Modomiki, «Ekologlar qayoqqa qarayapti» degan gaplar joiz emas. Hali hidni ko‘pchilik sezmagan bahor faslining boshlarida Bektemir, Sergeli, Chilonzor, Yakkasaroy, Mirobod va Uchtepa tumanlari hududlaridan hamda Toshkent shahar «Bo‘zsuv aeratsiya stantsiyasi», «Salar aeratsiya stantsiyasi» va «Bektemir oqova suv tozalash inshooti»lari atrofida atmosfera havosi ifloslanishi darajasini aniqlash bo‘yicha fon tarzda o‘lchovlar amalga oshirildi va tashlanayotgan oqova suvlardan namunalar olindi.

Xususan, atmosfera havosi bo‘yicha o‘tkazilgan tahlil natijalariga ko‘ra, oqova suv tozalash inshootlari atrofida oltingugurt vodorodi belgilangan me’yordan bir necha barobar oshiqligi aniqlandi.

Oqova suv tozalash inshootlarida o‘tkazilgan tahlil natijalari bo‘yicha, «Salar aeratsiya stantsiyasi»da 4 ta, «Bo‘zsuv aeratsiya stantsiyasi»da 6 ta hamda «Bektemir oqova suv tozalash inshooti»da 6 ta ifloslantiruvchi moddalarning (jumladan, azot ammoniy, sulfatlar, xloridlar) belgilangan me’yordan ko‘payganligi ma’lum bo‘ldi.

Muammoni atroflicha o‘rgangan ishchi guruhimiz badbo‘y hid asosan oqova suv tozalash inshootlari samaradorligining juda pastligi hamda tozalash qurilmalarining ma’nan eskirganligi bilan bog‘liq, degan xulosaga keldi. Shuningdek, ayrim ishlab chiqarish korxonalarida lokal tozalash inshootlarining mavjud emasligi yoki borlarida ham birlamchi tozalash ishlari va zararsizlantirish tadbirlari belgilangan tartibda sifatli bajarilmay, oqovalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri kanalizatsiya tarmoqlari orqali oqova suv tozalash inshootlariga tashlanishini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi.

Shu munosabat bilan, tilga olingan hududlardagi 15 ortiq turli korxonalarning faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Ekologlarimiz bu borada o‘z vakolatlari doirasida qat’iy nazorat o‘rnatgan. Voqelar rivoji xususida qo‘shimcha ma’lumot berib boramiz.

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources