Butunjahon atrof-muhit kuni doirasida ilmiy-amaliy konferentsiya
04.
06. 2021
18:30
5114
Event

Har yili 5 iyunda o‘tkaziladigan Butunjahon atrof-muhit kuni butun jahon jamiyati e’tiborini atrof-muhitni muhofaza qilish muammolariga jalb qilishdan iborat.

Mazkur bayram 1972 yil 5 iyunda atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha Stokgolmda o‘tkazilgan konferentsiyaning rezolyutsiyasiga asosan qabul qilindi. Bu kunning nishonlanishi har bir inson atrof-muhitni muhofaza qilish uchun o‘z xissasini qo‘shishga da’vat etadi.

2021 yilda kun mavzusi: Anglash. Qayta yaratish. Qayta tiklash (Pereosmыslit. Vossozdat. Vosstanovit.). 2021 yil 5 iyun Ekotizimlarni qayta tiklash bo‘yicha BMT o‘n yilligining boshlanishi bo‘lib, u ekotizimlarni qayta tiklashga, bu borada davlat, nodavlat notijorat tashkilotlari, biznes-tuzilma vakillari hamda faol fuqarolarni bir maqsad sari birlashtirishga qaratilgan. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, har yili jahon miqyosida, 4,7 mln gektar o‘rmonlar yo‘q bo‘lib bormoqda. Jahon oqova suvlarining deyarli 80 foizi tozalanmasdan okean va daryolarga tashlanadi.

Sana munosabati bilan 2021 yil 4 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi huzuridagi Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti xodimlari ishtirokida xalqaro ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi.

Ta’kidlanganidek, ekotizimlarni qayta tiklash – bu keng ko‘lamli umumjahon tadbirlaridan biri bo‘lib, u milliard gektar yerlarni, biologik xilma-xillik, xususan, yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan flora va faunani qayta tiklash va boshqalar.

Ekotizimlarni qayta tiklashga har bir fuqaro o‘z xissasini qo‘shish imkoniga ega. U har birimiz kundalik hayotda qilishga qodir bo‘lgan ko‘plab kichik qadamlarni o‘z ichiga oladi: shaharlarni ozoda saqlash, qirg‘oq bo‘yi hududlarni tozalash, chiqindilarni belgilangan joyga tashlash, ko‘chat ekish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, elektr energiyani tejash va hokazo.

Ilmiy-amaliy seminar o‘tkazishdan asosiy maqsad ham – butun dunyoda va mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, jumladan yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, suv va tuproqning ifloslanishini oldini olish va ularni muhofaza qilish bo‘yicha keng-ko‘lamli chora-tadbirlarni amalga oshirish, sanoat korxonalari va aholidan chiqadigan maishiy va qattiq chiqindilardan biologik xavfsiz usullarda utilizatsiya qilish, yerlarni bioremidatsiya va rekultivatsiya usullari yordamida qayta ishlashning samarali usullarni ishlab chiqish va yana yer fondiga qaytarish, tozalangan suvlardan ikkilamchi maqsadlarda va qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishda foydalanish, tabiiy bioxilmaxillikni asrab avaylash, atmosfera havosini musaffoligini saqlash davr talabi ekanligini ko‘rsatib o‘tish.

Seminar davomida «O‘zbekiston Respublikasida atrof-muhit muhofazasining davlat boshqaruvi», «Atrof-muhitni muhofaza qilishning ilmiy asoslari», «Orol dengizi hududida ilmiy tadqiqotlarning barqaror rivojlanish integratsiyasi qoidalari», «COVID-19 va tabiatni asrash: Pandemiya davrida ekologik xabardorlikni kuchaytirish» va boshqa mavzularida ma’ruza qilindi.

Orol dengizi tufayli kelib chiqadigan ekologik muammolarni bartaraf etish, yer resurslaridan oqilona foydalanish, tuproq erroziyasi va uni oldini olish, Respublikamiz hududlarida tuproqlarni sho‘rlanishiga qarshi olib borilayotgan chora tadbirlar to‘g‘risida ma’lumotlar berildi. Ayniqsa maishiy va sanoat chiqindilari bilan ifloslangan yerlarni bioremidatsiya va rekultivatsiya usullari yordamida qayta ishlash, ulardan qishloq xo‘jaligida yana foydalanish mumkinligi mutaxassislar tomonidan e’tirof etildi.

Xalqaro ilmiy-amaliy seminar qatnashchilari tomonidan suvning turli ko‘rsatkichlar bo‘yicha dinamikasi o‘rganilishi, sanoat va ishlab chiqarish korxonalaridan chiqadigan chiqindi oqova suvlarni tozalash uchun taklif etilayotgan biologik tozalash usullari orqali tozalangan chiqindi oqova suvlar turli xil kimyoviy moddalardan tozalanishi, natijada ularning atrof-muhitga ko‘rsatadigan salbiy ta’sirining kamayishiga erishilishi, biologik usullar yordamida tozalangan suvlardan keyingi bosqichlarda qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishda foydalanish mumkinligi aytib o‘tildi.

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources