Global yashil o‘sish institutining (GGGI) Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan vakolatxonasini ochish yuzasidan bitim imzolandi
04.
06. 2021
18:04
4679
Event

2021 yil 4 iyun kuni «5 iyun – Butunjahon atrof-muhit kuni» doirasida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasida O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Global yashil o‘sish instituti (GGGI) o‘rtasida bayon etilgan institutning Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan vakolatxonasi ochilishi, shuningdek, Institutning imtiyozlari, immunitetlari va huquqiy maqomi to‘g‘risidagi bitim imzolanishiga bag‘ishlangan video muloqot shaklidagi uchrashuv tashkil etildi.

Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Xalqaro shartnomaga qo‘shilish to‘g‘risida»gi (Global yashil o‘sish institutini ta’sis etish to‘g‘risidagi bitimga qo‘shilish) 2019 yil 7 fevraldagi PQ–4164-son qaroriga asosan O‘zbekiston Respublikasi Global yashil o‘sish instituti (GGGI)ga a’zo bo‘ldi.

Global yashil o‘sish instituti (GGGI) – 2012 yil 20 iyundagi BMTning Rio-de-Janeyro (Braziliya) konferentsiyasida ta’sis etilgan xalqaro hukumatlararo tashkilot hisoblanib, BMT Bosh Assambleyasida kuzatuvchi maqomiga ega, bosh shtab kvartirasi Seul shahrida joylashgan. Institut Assambleyasi Prezidenti va Kengashi Raisi BMTning sobiq Bosh kotibi Pan Gi Mun hisoblanadi.

Hozirgi kunda Global yashil o‘sish instituti dunyoning 30 dan ortiq mamlakatlarida 54 ta loyihani amalga oshirmoqda, uning 38 ta a’zosi (Buyuk Britaniya, Norvegiya, Avstraliya, Daniya, Koreya Respublikasi va boshq.) mavjud, Tashkilot Yashil Iqlim Jamg‘armasi (ZKF) tomonidan moliyalashtirish imkoniyatiga ega bo‘lgan xorijiy davlatlar uchun loyiha takliflarini ishlab chiqishni qo‘llab-quvvatlaydi, hozirgi kunda ulardan 5 tasi ma’qullangan (Efiopiya, Fidji, Indoneziya, Mo‘g‘uliston va Ruanda). Institut tomonidan qiymati 1,3 mlrd AQSh dollari miqdoriga teng loyiha kontseptsiyalari ishlab chiqilgan. Shundan ZKF (Zelenыy klimaticheskiy fond) hissasi 640 mln AQSh dollaridan oshadi.

Davlat ekologiya qo‘mitasi hamda Global yashil o‘sish instituti tomonidan qiymati 5,65 mln AQSh dollari miqdoridagi Orol dengizi tanazzuli salbiy oqibatlarini bartaraf etish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasining ekologik tiklanishi bo‘yicha 2021-2024 yillarga mo‘ljallangan hamkorlikdagi birinchi loyihasini amalga oshirishni boshlash joriy yilning iyul oyida rejalashtirilgan. (Mazkur loyiha Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) grant mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladi)

Hozirda, Global yashil o‘sish institutining (GGGI) O‘zbekistonda doimiy faoliyat olib boruvchi vakolatxonasini ochish va unga rasmiy diplomatik maqom berish choralari ko‘rilmoqda. (Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlari hamda Markaziy osiyo davlatlarida Institut vakolatxonasi mavjud emas)

Shuningdek, Respublikada yashil tiklanish, iqlim o‘zgarishi, cho‘llanishga qarshi kurashish borasidagi hamkorlik grantlari doirasida amalga oshiriladigan loyihalarni shakllantirish va amalga tatbiq etish, Global yashil o‘sish instituti bilan hamkorlikda «yashil iqtisodiyot», qishloq xo‘jaligida iqlim o‘zgarishi, shaharlarda yashil zonalarni barpo etish, chiqindilarni boshqarish sohalarida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilash yuzasidan tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources