Respublika hududida daraxt kesilishiga joriy etilgan moratoriy masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumanini
28.
05. 2021
14:08
4190
Event

2021 yil 27 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Milliy matbuot markazida respublika hududida davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning qimmatbaho navlari kesilishiga joriy etilgan moratoriy masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumanini o‘tkazdi.

BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ma’lumotlariga ko‘ra, 2015-2020 yillar davomida yashil o‘rmonzorlarning yo‘qolib ketish sur’atlari yiliga 10 mln gektar deb baholanmoqda. 100 mln gektardan ortiq o‘rmonlar yong‘inlarning salbiy ta’siriga, turli kasalliklar, cho‘llanish hamda iqlimning noqulay sharoitlariga uchramoqda.

Anjumanda so‘zga chiqqan mutaxassislar mamlakatimizda o‘simlik dunyosi ob’ektlarini, xususan daraxtlarning noqonuniy kesilishiga yo‘l qo‘ymaslik, bu borada amalga oshirilayotgan tadbirlarga to‘xtalib o‘tdilar.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida» 2021 yil 3 fevraldagi PF-6155 – son farmoniga muvofiq respublika hududida davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning qimmatbaho navlari kesilishiga joriy etilgan moratoriyning amal qilish muddati 2021 yil 31 dekabrga qadar uzaytirildi.

Shu bilan birga har bir kesilgan daraxt va butalar uchun kompensatsiya tarzida 10 tup qimmatliligi jihatidan kesiladigan daraxt va butalardan kam bo‘lmagan, yirik o‘lchamli ko‘chat ekish hamda ularni kamida ikki yil davomida parvarish qilish, noqonuniy kesilgan daraxt va butalar uchun esa uch yil davomida parvarishlash sharti bilan 100 tup ko‘chat ekish majburiyati kiritildi.

Ta’kidlanganidek, moratoriy davrida 5 ming 609 ta jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan 258 ming 29 tup davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesishga ruxsat so‘rab murojaat qilingan bo‘lsa, 182 ming 648 tup, shundan 91 ming 54 tup sharq chinori, eman, qrim qarag‘ayi, chinorsimon zarang, eldor qarag‘ayi, kashtan, shumtol, turang‘il hamda boshqa 20 turdan ortiq qimmatbaho daraxtlar va butalarning kesilishiga rad etildi.

Shunday ekan, moratoriy joriy etilgan taqdirda respublika bo‘yicha 2021 yilning 31 dekabriga qadar davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan 182 ming tup, shundan 92 ming tupga yaqin qimmatbaho daraxt va butalar navlarini saqlab qolinishiga erishildi.

2021 yilning 4 oyi davomida respublikada daraxt va butalarni noqonuniy kesilishi bilan bog‘liq jami 2014 ta qonunbuzilish holati aniqlangan bo‘lib, 2795 tup daraxtlar, shundan 1313 tup qimmatli daraxtlar noqonuniy ravishda kesilganligi, 619 tup daraxtlar shikastlantirilganligi sabab huquqbuzarlarga nisbatan 2 514 mln so‘m ma’muriy jarima belgilangan va 4 988 mln so‘m o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar hisoblangan. 113 ta holatda mansabdor shaxslar tomonidan huquqbuzarlik holati sodir etilgan.

109 ta holat bo‘yicha 4 671 mln so‘m jarima va tabiatga yetkazilgan zararni undirish maqsadida to‘plangan hujjatlar tegishli organlarga (sud, prokuratura, MIB, IIB) kiritilgan.

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources