Bioxilma-xillikni saqlash bo‘yicha trening
07.
05. 2021
10:42
310
Event

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda «O‘zbekistonda bioxilma-xillikni asrash, qonunchilikka rioya etilishini monitoring yuritish va ijroni ta’minlashda idoralararo muvofiqlikni yaxshilash» mavzuida tegishli vazirliklar mutaxassislari uchun qo‘shma o‘quv trening o‘tkazildi. Global ekologik fondning «Global ahamiyatga ega bioxilma-xillik uchun muhim asosiy tog‘ mintaqalarida tabiat resurslaridan barqaror foydalanish va o‘rmonlarni boshqarish» loyihasi ko‘magida tashkil etilgan tadbir ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasining tabiatni muhofaza qilish sohasidagi qonunchiligi bo‘yicha hayvonot va o‘simliklar dunyosini muhofaza qilishga oid keraklik ko‘nikma va bilimlarga ega bo‘ldilar. Yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi fauna va flora turlarining xalqaro savdosi to‘g‘risidagi konventsiya (SITES) maqsadini atroflicha o‘rgandilar. Bu kelishuv 33 000 dan ortiq turdagi hayvon va o‘simliklar uchun turli darajadagi himoyani taqdim etadi.

Avvalroq ushbu loyiha doirasida bojxona, chegara xizmatlari xodimlari, IIV va tabiatni muhofaza qilish tuzilmalari mas’ullari uchun o‘quv qo‘llanmasi tayyorlangandi. Trening davomida uning taqdimoti ham o‘tkazildi. Bu materiallar bojxona postlarida Davlat chegarasi orqali olib o‘tilayotgan hayvonlar va o‘simliklar turlarini yaxshiroq farqlashda yordam beradi. Shuningdek, o‘quv materialida SITES xalqaro konventsiyasi doirasida tashishga ruxsat berilgan hayvonlar va o‘simliklarni olib yurish qoidalari batafsil yoritilgan.

Trening davomida olingan bilimlar, shuningdek, ichki ishlar organlarining tabiatni muhofaza qilish tuzilmalari bilan o‘zaro hamkorligini yaxshilaydi. Ushbu muloqot mazkur mavzudagi turkum treninglarning dastlabkisi bo‘lib, kelgusida O‘zbekistonning barcha viloyatlarida o‘tkazilish rejalashtirilgan.

Bioxilma-xillikni saqlash bo‘yicha trening

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources