Qoraqalpog‘iston. «Sudoche-Akpetki» davlat buyurtma qo‘riqxonasi tashkil etildi
09.
02. 2021
13:08
5698
Event

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 20 martdagi PQ-4247-son qarori ijrosini hamda Halqaro tabiatni muhofaza qilish talablarini bajarish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Qoraqlapog‘iston Respublikasida «Sudoche-Akpetki» davlat buyurtma qo‘riqxonasini tashkil qilish to‘g‘risida» 2021 yil 8 fevraldagi 58-son qarori bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanida alohida ekologik qimmatga ega bo‘lgan tabiiy ob’ektlar va majmualarni, hayvonlarning noyob turlarini saqlab qolish hamda ularni qayta tiklash maqsadida umumiy maydoni 280 507 gektar bo‘lgan davlat tabiatni muhofaza qilish muassasasi shaklidagi «Sudoche-Akpetki» davlat buyurtma qo‘riqxonasi tashkil etildi.

Buyurtma qo‘riqxonasining asosiy maqsadi qirg‘oq landshaftlari, kanallar, kollektorlar va ulardagi suv oqimi, suv atrofida yashovchi qushlar, noyob, yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida bo‘lgan baliqlar, yirtqich qushlar va sut emizuvchi hayvonlarni saqlab qolish hamda ularni qayta ko‘paytirishdan iborat.

Qaror bilan Davlat ekologiya qo‘mitasiga 2021 yil yakuniga qadar Sudoche ko‘lini xalqaro ahamiyatga (Ramsar konventsiyasi) ega bo‘lgan suvli-botqoq joylar ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi topshirildi.

Malumot uchun: Hozirda 6 ta davlat qo‘riqxonasi, 1 ta majmua (landshaft) buyurtma qo‘riqxonasi, 6 ta tabiat bog‘i, 1 ta milliy bog‘, 11 ta tabiat yodgorligi, 2 ta biosfera rezervati, 12 ta buyurtma qo‘riqxonasi, 1 ta Jayron maxsus pitomnigi mavjud. «Sudoche-Akpetki» davlat buyurtma qo‘riqxonasi tashkil etilishi natijasida Ularning umumiy maydoni 3,521 mln gektardan 3,801 mln gektarga yoki mamlakatimiz hududining 7,84 % dan 8,46 % ga ko‘paydi.

 

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources