Korruptsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha onlayn ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv
14.
12. 2020
18:36
5158
News

2020 yil 14 dekabr kuni Davlat ekologiya qo‘mitasida korruptsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish, jumladan qonunchilik, odob-axloq qoidalari va ichki tartibga rioya etilishini ta’minlashga qaratilgan onlayn ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasi hamda Toshkent tabiatni muhofaza qilish prokuraturasi vakillari ishtirok etdilar.

Ta’kidlanganidek, korruptsiyaga qarshi kurash dunyo miqyosida bugungi kuning eng dolzarb masalalaridan bir bo‘lib qolmoqda. Hozirgi paytda mamlakatimizda korruptsiyaga qarshi kurash doirasida qator dasturlar qabul qilindi va ular bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Xususan, korruptsiyaga qarshi samarali kurash olib borish maqsadida 2017 yil 3 yanvarda «Korruptsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qabul qilinishi – davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining korruptsiyaga qarshi kuch va imkoniyatlarini birlashtirib, yaxlit tizimni yaratish imkonini berdi.

Mazkur qonunning 5-moddasida ko‘ra, korruptsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari sifatida:

– aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korruptsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish;

– davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korruptsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish;

– korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga chek qo‘yish, ularning oqibatlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish, javobgarlikning muqarrarligi printsipini ta’minlash belgilandi.

Davlat ekologiya qo‘mitasi tizimida bugungi kunda korruptsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bir qator tashkiliy-amaliy ishlar bajarildi.

Birinchidan, Qo‘mita tizimida kasbiy odob-axloq printsiplari va xulq-atvor qoidalarini belgilash, tizim xodimlari orasida huquqbuzarliklarni oldini olishga qaratilgan «Xodimlarning odob-axloq qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida» Qo‘mita raisining buyrug‘i qabul qilindi.

Ikkinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida»gi qaroriga muvofiq tabiatni muhofaza qilish haqidagi qonun hujjatlari buzilishini (hayvonot va o‘simlik dunyosi ob’ektlaridan foydalanish bilan bog‘liq aniqlangan qonun buzilishlari bundan mustasno) aniqlagan ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat inspektorlari va boshqa shaxslarni yuridik hamda jismoniy shaxslardan Jamg‘armaga undiriladigan jarima va pul mablag‘lari summasining 15 foizi miqdorida mukofotlash belgilangan.

Shu bilan birga huquqbuzarliklarning oldini olishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanishni yo‘lga qo‘yish maqsadida Qo‘mita tizimidagi hududiy va tuman (shahar) inspektsiyalar faoliyati jarayonlarini avtomatlashtirish hamda yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirish yuzasidan ishlar olib borilmoqda.

Uchinchidan, Qo‘mita tizimida ruxsat berish tartib-taomilida korruptsiya holatlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida tabiatdan foydalanish sohasida yuridik va jismoniy shaxslarga «yagona darcha» markazlari orqali elektron shakllarda ruxsatnomalar berilmoqda.

Shu bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Atrof-muhitga ta’sirni baholash mexanizmini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq atrof muhitga ta’sirni baholash yuzasidan davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish, atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga doir muhim qarorlarni qabul qilishda shaffoflikni ta’minlash uchun jamoatchilikni keng jalb qilish, korruptsiyaga qarshi kurashish maqsadida atrof muhitga ta’sirni baholash loyihalarini jamoatchilik eshituvlaridan o‘tkazish tartibi va davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazishning elektron hujjat almashinuvi tizimi joriy etildi.

Ixtisoslashtirilgan prokuratura tomonidan 251 ta yer va yerdan, 32 ta suv va suvdan, 3 ta yer osti foydali qazilmalaridan foydalanishlarda, 1 ta o‘simlik dunyosi va undan foydalanish, 18 ta chiqindilar, 24 ta muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, 3 ta turizm sohasini rivojlantirishga oid qonunlar ijrosi bo‘yicha qonunbuzilishi holatlari aniqlangan.

Jumldan, Bo‘stonliq tuman bo‘yicha 251 ta holatda 32 gektar yer maydoni, ya’ni 27,8 gektar qishloq xo‘jaligi, 1,67 gektar o‘rmon fondi, 2 gektar aholi punktlaridagi yer maydonlari o‘zboshimchalik bilan egallanganligi va noqonuniy qurilmalar qurilganligi aniqlangan.

Aniqlangan qonunbuzilishi holati bo‘yicha 3,3 gektar yer maydonidagi qurilmalar buzdirilgan.

Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risidagi qonunlar ijrosi o‘rganilganda, Bo‘stonliq tumanning «Yangiqo‘rg‘on» MFY hududidagi Burchimullo o‘rmon xo‘jaligiga qarashli 1 gektar yer maydonida o‘zboshimchalik bilan egallab olinib, 4 ta uy-joy qurilganligi aniqlanganligi holati yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda.

Shuningdek, Toshkent tumanidagi «Grand milk» MChJ tomonidan o‘simlik dunyosi va undan foydalanish to‘g‘risidagi qonun talablari buzilib, 41 tup 1,5 mlrd so‘mga teng manzarali daraxtlar noqonuniy kesib tashlanganligi aniqlangan. Shu kabi holatlar Bo‘stonliq va Qibray tumanlarida ham aniqlangan.

Jumladan, Salar kanalining Zangiota tumanidan oqib o‘tuvchi qismida suv va suvdan foydalanish to‘g‘risidagi qonunlar ijrosi tekshirilganida, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan 19 ta noqonuniy qurilmalar qurilganligi, 11 ta holatda oqova suvlari kanalga tashlanganligi holatlari bo‘yicha 11 ta rasman ogohlantirish, 6 ta ma’muriy huquqbuzarlikka doir ish qo‘zg‘atilgan.

Sohada nazorat tadbirlarini samarali tashkil etish maqsadida, prokuratura va ekologiya xodimlarini bilimi va kasbiy malakasini oshirish borasida Bosh prokuratura Akademiyasi hamda Ekologiya va atrof- muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi bilan hamkorlikdagi chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.

Shuningdek, Bosh prokuratura akademiyasi, Ixtisoslashtirilgan prokuratura va Ekologiya davlat qo‘mitasi tomonidan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilishga oid qonunlar ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, huquqbuzarliklarni qayd etish va ularga nisbatan chora ko‘rish jarayonini shaffoflashtirish, huquqbuzarliklarga nisbatan chora ko‘rish jarayonidagi korruptsiya holatlari va inson omiliga chek qo‘yish, davlat va jamoatchi inspektorlar malakasini oshirish maqsadida, elektron mobil ilova yaratilmoqda.

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources