Namanganda chiqindilar masalasi endi xususiy sektor zimmasida
07.
12. 2020
11:26
6406
News

Namanganning 4 ta hududida aholidan maishiy chiqindilarni olib ketish xizmati xususiy korxona ixtiyoriga berildi. 

1 dekabrdan boshlab Namangan viloyatidagi to‘rtta hududda aholidan maishiy chiqindilarni olib ketish xizmati mamlakatda ilk bor xususiy korxona tomonidan amalga oshirila boshladi.

Viloyat hokimligi, viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi hamda «Namangan musaffo iqlim» MChJ o‘rtasida tuzilgan davlat-xususiy sheriklik bitimi asosida mazkur jamiyat Namangan shahri, To‘raqo‘rg‘on, Mingbuloq va Namangan tumanlarida ushbu xizmatlarni ko‘rsatish huquqini qo‘lga kiritdi.

Korxonaga davlat tomonidan 74 ta maxsus avtotransport vositasi 7 yil muddatga bo‘lib to‘lash sharti bilan, 2 ta chiqindilarni joylashtirish poligoni maishiy chiqindilarni saralash va qayta ishlashga investitsiya kiritish sharti bilan 10 yil muddatga, 36 ta maishiy chiqindilarni qabul qilish shoxobchasi va 206 ta chiqindi konteyneri 10 yil muddatga beg‘araz foydalanish uchun taqdim etildi.

«O‘zbekistonda 2011 yilda shu sohada ish boshlagan ilk tadbirkorlik sub’ekti bo‘lsak kerak. Endi Namangan viloyatidagi to‘rtta hududda aholidan maishiy chiqindilarni olib ketishga kirishdik. Biz sohaga 7,8 million dollar investitsiya kiritib, Xitoydan 80 ta chiqindi tashuvchi texnika olib kelamiz. 4 ta chiqindilarni saralash va qayta ishlash uskunasi, 50 ta maishiy chiqindilarni to‘plash shoxobchasi va 150 ta chiqindi konteyneri, shuningdek, 3 ta chiqindini qayta yuklash stantsiyasini qurib bitkazamiz», — deydi jamiyat direktori Faxriddin Ibragimov.

Hozir viloyatning Chust va Kosonsoy tumanlarida ham tadbirkorlar shu paytgacha «Toza hudud» davlat korxonasi tomonidan amalga oshirib kelingan xizmatlarni o‘z zimmasiga olishga qiziqish bildiryapti.

Ma’lum bo‘lishicha, bugungi kunga kelib aholining chiqindilarni tashib ketish xizmatidan bo‘lgan qarzi 21 mlrd so‘mni tashkil etadi. Qarzdorlikni bartaraf etish, hududni toza saqlash ishlarini yanada jadallashtirish maqsadida «Namangan musaffo iqlim» MChJ qo‘shimcha ravishda nazoratchi vazifasiga 60 nafar talabgorni ishga qabul qilishga tayyorligi bildirdi.

Ma’lumot uchun, Namanganda mazkur bitimlarni amalga oshirish natijasida aholini maishiy chiqindilarni tashish xizmati bilan 100 foiz qamrab olish, chiqindilarni qayta ishlash darajasini esa hozirgi 13 foizdan kelgusi yili 38 foizgacha yetkazish rejalashtirilgan. Bu haqda Namangan viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar beradi.

Gayrat ERNAZAROV,
«Yangi O‘zbekiston / Pravda Vostoka» 

Manba: https://yuz.uz/news/namanganda-chiqindilar-masalasi-....

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources