Viloyat hokimi Namangan shahrida daraxt ekish aktsiyasiga start berdi
31.
10. 2020
20:43
5872
News

Bugun Namangan shahridagi Islom Karimov ko‘chasida, «Afsonalar bog‘i» oldidagi chorrahada ommaviy daraxt ekish aktsiyasi o‘tkazildi.

Unda shahar faollari, nuroniylar va yoshlar, OAV vakillari qatnashdi.

Aktsiyada viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzaqov ishtirok etdi.

— Bundan ancha yillar oldin Namangan shahridagi dov-daraxtlar kesilib, viloyat markazi yalang‘ochlanib qolgandi. Endi o‘sha xatolarni o‘nglash vaqti keldi. Namangan shahri nomiga yarasha «Gullar shahri»ga aylanadi. Kelgusi yili o‘tkaziladigan «Gullar bayrami»ga tayyorgarlik hozirdan boshlanishi kerak, — dedi viloyat hokimi.

Mutasaddilarga ko‘ra, daraxt ekish aktsiyasi doirasida viloyat bo‘yicha 27 turdagi jami 67 500 dona ko‘chat o‘tqazilishi ko‘zda tutilgan. Ulardan 12 turdagisi yaproqbargli, shuncha turdagisi butasimon va 3 turdagisi ignabargli ko‘chatlardir.

Buning uchun 10,5 milliard so‘m ajratilishi rejalashtirilgan. Shundan 3,1 milliard so‘mi Namangan shahridagi ko‘kalamzorlashtirish ishlariga yo‘naltiriladi.

Viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzaqov manzarali ko‘chatni ekib, Namangan shahridagi daraxt ekish aktsiyasiga start berdi.

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources