Davlat ekologiya qo‘mitasi rahbariyatining Italiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi bilan uchrashuvi
30.
10. 2020
18:02
5816
News

2020 yil 30 oktyabr kuni Davlat ekologiya qo‘mitasida Italiya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Agostino Pinna bilan videokonferentsiya orqali onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Onlayn uchrashuv davomida Italiyaga oliy darajadagi tashrifga tayyorgarlik doirasida atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari, shuningdek, birgalikdagi tabiatni muhofaza qilish loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Agostino Pinna O‘zbekiston Respublikasi hamda Italiya o‘rtasida barcha sohalarda, ayniqsa atrof muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirish bo‘yicha ishlarga tayyor ekanligini ma’lum qildi. Negaki bu soha nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo mintaqasida yil sayin dolzarb ahamiyat kasb etib borayotganligini ta’kidladi.

O‘z navbatida Qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari N. Oblomuradov 2019 yil 24 yanvardagi Davlat ekologiya qo‘mitasi hamda Italiyaning atrof muhit, yer va dengiz vazirligi o‘rtasida iqlim o‘zgarishi, xatarlarni baholash, moslashish va yumshatish sohasida hamkorlik bo‘yicha o‘zaro anglashuv Memorandumini amalga oshirish bo‘yicha Ishchi guruhlar ishini ikki tomonlama qayta tiklash va faollashtirish zarurligini ta’kidlab o‘tdi.

Tomonlar atrof muhit ifloslanishi monitoringining avtomatlashtirilgan tizimi, iqlim o‘zgarishiga moslashish, bioxilma-xillikni saqlash, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni barqaror boshqarish, atmosfera havosini muhofaza qilish va chiqindilarni boshqarish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish; qayta tiklanadigan energiya manbalari, energiyaning ekologik toza turlari sohalarida hamkorlikni amalga oshirish, shuningdek, Qo‘mita huzuridagi Atrof muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy tadqiqot instituti hamda Italiya OO‘Yu, ayniqsa Venetsiya Universiteti bilan hamkorlikni o‘rnatishga kelishib oldilar.

Shuningdek, Tomonlar O‘zbekistonda atrof muhitni muhofaza qilish, ayniqsa Orol tanazzuli salbiy oqibatlarini kamaytirish muhimligini hisobga olgan holda Orolbo‘yi mintaqasida  samarali loyihalarni amalga oshirish muhimligini ta’kidladilar.

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources