O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari ichida birinchi bo‘lib Bioxilmaxillik bo‘yicha Global axborot fondi (GBIF) a’zoligiga qabul qilindi
08.
10. 2020
09:47
5489
News

Kavkaz va Markaziy Osiyo davlatlari orasida Armanistondan keyin ikkinchi bo‘lib, Markaziy Osiyo davlatlari orasida esa birinchi bo‘lib, O‘zbekiston GBIF a’zoligiga qabul qilindi.

Bu esa o‘zbekistonlik soha olimlari uchun butun dunyo bo‘ylab tarqalgan 1,5 milliondan ortiq biologik turlar bo‘yicha ma’lumotlarni bepul olish va ilmiy tadqiqotlardan rasman foydalanish, biologik turlarning turli tabiiy-geografik va iqlim xududlari bo‘yicha qayd etilgan va GBIF tarmog‘iga joylashtirilgan 500 million dan ortiq qaydnomalardan foydalanish imkonini beradi. Shuningdek, rasmiy a’zolik, fondning mablag‘lari hisobiga O‘zbekistonda yangi xamkorlik loyihalarini amalga oshirish, yirik xalqaro anjumanlarni o‘tkazish, investitsiyalar jalb etish, homiy tashkilotlar safini kengaytirish, bioxilmaxillikni tadqiq etish borasidagi zamonaviy tadqiqotlarning moddiy texnika bazasini mustahkamlashga turtki bo‘ladi.

— GBIF — the Global Biodiversity Information Facility (Bioxilmaxillik bo‘yicha Global axborot fondi) ga O‘zbekistonning a’zo bo‘lishi borasida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Botanika instituti tomonidan bundan 4-5 yil muqaddam ilk tashabbus ko‘rsatilgan edi, — dedi Botanika instituti direktori, akademik Komil Tojiboev. — Biroq, o‘sha paytda taklif tegishli davlat tashkilotlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanmadi, o‘rtaga tashlangan masalaga biroz befarqlik bor edi. Chunki, O‘zbekiston Respublikasini xalqaro reytinglardagi o‘rni, obro‘si to‘g‘risidagi masalaga deyarli ahamiyat berilmayotgandi. O‘zbekistonda tabiiy flora xilma-xilligini keng ko‘lamli tadqiq etish, geoaxborot tizimiga asoslangan holda xaritalash, 130 yildan ortiq muddat davomida to‘plangan bebaho milliy botanik kollektsiyalarni raqamli formatga o‘tkazish, bu boradagi tarqoq holda qolib ketayotgan ma’lumotlar massivini yagona elektron platformaga o‘tkazish borasida kun sayin quloch yozib borayotgan tadqiqotlar xalqaro darajada ish olib borish vaqti kelganini ko‘rsatib turar edi. Shuning uchun, joriy yilning 31 yanvar kuni Prezidentimizning ilm va fan vakillari bilan o‘tkazgan navbatdagi uchrashuvi chog‘ida bu taklif yana kun tartibiga qo‘yildi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu infratuzilma chegaralardan qat’i nazar, internet orqali dunyoning istalgan nuqtasidan turib, ma’lumotlar bazasiga kirish imkoniyatini beradi.

Ma’lumotlarning umume’tirof etilgan standartlariga muvofiq, nashr etilishi ilgari imkonsiz bo‘lgan keng ko‘lamli tadqiqotlarni olib borish va sayyoramizning biologik resurslarini saqlash va ulardan barqaror foydalanish uchun maqbul yechimlarni shakllantiradi.

GBIF ma’lumotlar nashr etuvchi tashkilotlarni (ilmiy institutlar, universitetlar, botanika bog‘lari, muzeylar va boshqalarni) birlashtirgan Milliy idoralar tomonidan muvofiqlashtirilgan tugunlar tarmog‘i orqali ishlaydi. Milliy idoralar bir-biri bilan va GBIF Markaziy kotibiyati bilan malaka, tajriba va texnik salohiyat almashish uchun hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi.

1000 dan ortiq ekspertlar tomonidan ko‘rib chiqilgan jurnal nashrlarida GBIF global iqlim o‘zgarishi, zararkunandalar va kasalliklar, biologik xilma-xillikni saqlash va oziq-ovqat xavfsizligi kabi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha tadqiqotlar uchun ma’lumot manbai sifatida xizmat qiladi. Har oyda 20 ga yaqin ana shunday maqolalar nashr etiladi.

GBIFga a’zo ko‘plab mamlakatlarda o‘z fuqarolari va siyosatchilariga o‘z mintaqalarining bioxilma-xilligi to‘g‘risida yaxshiroq ma’lumot berish uchun GBIF orqali erkin foydalanish mumkin bo‘lgan vositalar, kodlar va ma’lumotlardan foydalanadigan milliy portallar ham mavjud.

Cohiba MULLAEVA,
«Yangi O‘zbekiston» muxbiri


«Yangi O‘zbekiston» va «Pravda Vostoka» 
gazetalari tahririyati»

Manba: https://yuz.uz/news/ozbekiston-markaziy-osiyo-davlatlari-...

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


Useful resources