Maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirishda davlat-xususiy sheriklikning yangi modeli bosqichma-bosqich joriy etiladi
02.
10. 2020
16:45
5919
News

Bugun AOKAda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Umarjon Abdullaev ishtirokida brifing o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Prezidentining 2020 yil 29 sentyabrda qabul qilingan «Maishiy va qurilish chiqindilari bilan bog‘liq ishlarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 4845-son qarori yuzasidan ma’lumotlar taqdim etildi.

Loyihani ishlab chiqishda 7 ta vazirlik va idora mutaxassislari ishtirok etdi (ro‘yxati 1-ilovada). Loyiha muhokamasi yuzasidan 8 marotaba uchrashuv o‘tkazildi. Loyiha yuzasidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali (regulation.gov.uz) orqali 10 dan ortiq takliflar kelib tushdi.

Qarorda quyidagi chora-tadbirlar taklif etilmoqda:

1) Maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirishda davlat-xususiy sheriklikning yangi modeli bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Bunda, davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimga muvofiq:
— davlat tomonidan:
— maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish uchun tegishli hududlar xususiy sherikka biriktirib beriladi;

(2020 yilda respublikaning 6 ta viloyati hududida 16 ta, 2021 yilda barcha hududlarda 46 ta davlat-xususiy sheriklik loyihalari orqali hududlarni biriktirib berish rejalashtirilgan)

— davlat korxonalari hisobidagi chiqindi poligonlari chiqindilarni saralash va qayta ishlash bo‘yicha texnologiyalarni tatbiq etgan holda qo‘shimcha ravishda investitsiyalarni jalb qilish sharti bilan xususiy sherikka uzoq muddatga foydalanishga beriladi;

— maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan davlat korxonalari hisobidagi maxsus avtotransport vositalari va texnikalar xususiy sherikka yetti yilgacha muddatga bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan baholovchi tashkilotlar tomonidan belgilangan narxlarda sotiladi hamda loyiha yakuni bo‘yicha to‘lovlar to‘liq to‘lab bo‘linganidan so‘ng ularni tasarruf etish huquqi xususiy sherikka o‘tkaziladi;

— xususiy sherik tomonidan:

— o‘ziga biriktirib berilgan hududda aholi qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar bilan to‘liq qamrab olinishi ta’minlanadi;

— davlat-xususiy sheriklik bitimiga muvofiq investitsiyalar amalga oshiriladi va sanitariya jihatidan tozalash infratuzilmasi rivojlantiriladi; (jami 62 ta davlat-xususiy sheriklik loyihalari doirasida 2021 yil yakuniga qadar xususiy sheriklar tomonidan 89,5 mln AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritilishi rejalashtirilgan)

— maxsus avtotransport vositalari va texnikalar harakati hamda chiqindi poligonlarining real vaqt rejimida davlat sherigi tomonidan nazorat qilinishi imkoni yaratiladi;

— davlat-xususiy sheriklik bitimida belgilangan muddatlarda chiqindilarni saralash (qayta ishlash) texnologiyalari o‘rnatilib, ishga tushiriladi;

(hozirgi kunda qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash darajasi 13,9 foizni tashkil qiladi, qaror loyihasiga muvofiq belgilangan tadbirlar amalga oshirilishi natijasida qayta ishlash darajasi 2021 yil yakuniga qadar 36,5 foizga yetkazilishi rejalashtirilgan)

— qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar uchun jismoniy va yuridik shaxslardan tasdiqlangan narxlarda majburiy to‘lovlar yig‘ilishi va ularning hisobini yuritish bo‘yicha davlat sherigi tomonidan yaratilgan yagona elektron tizimga ulanilishi ta’minlanadi;

 Davlat ekologiya qo‘mitasi, Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariga maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlarini ko‘rsatish sohasida davlat-xususiy sheriklikni joriy etish bo‘yicha quyidagi vazifalar yuklanmoqda:

— aholini maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar bilan qamrab olish darajasini joriy yil yakuniga qadar 90 foizga, 2021 yil yakuniga qadar 100 foizga yetkazish;

— qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash hajmini joriy yil yakuniga qadar 21,8 foizga, 2021 yil yakuniga qadar 36,5 foizga yetkazish;

— maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlarini tashkil etish sohasida xususiy sektor ulushini 2022 yil yakuniga qadar 50 foizga yetkazish;

2021 yil 1 yanvardan quyidagilar belgilab qo‘yilmoqda:

— maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni kompleks amalga oshirish klasterlariga xizmat ko‘rsatish uchun belgilangan tartibda biriktirib berilgan hududlarda ikkilamchi xom ashyoni (metall parchalari va chiqindilarini sotib olishdan tashqari) qabul qilish shoxobchalari orqali tayyorlash (sotib olish, qabul qilish) faqat mazkur klasterlar tomonidan amalga oshiriladi (mazkur hududda qayta ishlovchi tashkilotlarning ikkilamchi xom ashyoni o‘zlariga tegishli shoxobchalar orqali sotib olishi yoki qabul qilishi bundan mustasno);

— hududlarda maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish uchun majburiy to‘lov tariflari dastlab narxlarni (tariflarni) tartibga solish organlari xulosalari olinib, keyinchalik tegishligicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari qarorlari bilan ma’qullanganidan so‘ng tasdiqlanadi;

— maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatini ko‘rsatish jarayonida, shuningdek maishiy chiqindilarni to‘plash shoxobchalari va saralash punktlaridan maishiy chiqindilar tarkibidagi ikkilamchi xom ashyoni maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan tashkilotlarning roziligisiz ajratib olish va o‘zlashtirish taqiqlanadi;

Qurilish chiqindilarini joylashtirish va ularni qayta ishlash bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida 2021 yil 1 yanvardan boshlab quyidagi talablar o‘rnatiladi:

— binolar va inshootlar, shu jumladan yo‘llar va muhandislik kommunikatsiyalarini qurish, rekonstruktsiya qilish, ta’mirlash yoki buzish ishlarida (keyingi o‘rinlarda – qurilish ishlari) hosil bo‘ladigan qurilish chiqindilari birinchi navbatda takroriy foydalanish, qayta ishlashga yoki utilizatsiya qilishga yo‘naltiriladi;

(2019 yil davomida jami 1,8 mln tonna, shu jumladan Toshkent shahrida – 200 ming tonna, Samarqand viloyatida – 124 ming tonna, Andijon viloyatida – 108 ming tonna qurilish chiqindilari hosil bo‘lgan)

— qurilish ishlari amalga oshirilayotgan ob’ekt joylashgan hududda (tuman yoki shahar) tegishli qurilish chiqindilarini utilizatsiya qilish va qayta ishlash uchun tegishli texnologiya va quvvatlarga ega korxonalar mavjud bo‘lmagan taqdirdagina ularni belgilangan tartibda chiqindi poligonlariga joylashtirishga yo‘l qo‘yiladi;

— qurilish ishlari bo‘yicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqishda qurilish jarayonida hosil bo‘ladigan qurilish chiqindilari hajmlarini va ularni to‘plash joylarini belgilash, shuningdek ular bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish bo‘yicha loyihaviy yechimlar nazarda tutiladi;

— yangi quriladigan ko‘p xonadonli uylar joylashishi rejalashtirilgan turar joy zonalarida maishiy chiqindilarni to‘plash shoxobchalariga bo‘lgan talab o‘rganiladi va qo‘shimcha talab etiladigan maishiy chiqindilarni to‘plash shoxobchalarining tashkil etilishi qurilish loyiha-smeta hujjatlarida majburiy tartibda nazarda tutiladi. Bunda:

— maishiy chiqindilarni to‘plash shoxobchalarini tashkil etishga bo‘lgan talab mazkur hududga maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida xizmat ko‘rsatuvchi ixtisoslashgan tashkilot bilan birgalikda o‘rganiladi va qurilish uchun yer uchastkalarini ajratish (tanlash) materiallari loyihaoldi va loyiha hujjatlarining atrof-muhitga ta’sirini baholash materiallarida nazarda tutiladi;

— maishiy chiqindilarni to‘plash shoxobchalari bilan ta’minlanmagan qurilishi tugallangan ko‘p xonadonli uylarni foydalanishga ruxsat berish (foydalanishga qabul qilish) taqiqlanadi;

— qurilish ishlarini amalga oshirish natijasida hosil bo‘lgan qurilish chiqindilarining mulkdori bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslarga quyidagi majburiyatlar yuklanadi:

— qurilish ishlari olib borilayotgan ob’ektlarda hosil bo‘ladigan chiqindilarni saralangan holda to‘plash va vaqtincha saqlash;

— qurilish chiqindilarini ularni to‘plash, tashish, utilizatsiya qilish va (yoki) qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslarga topshirish, realizatsiya qilish yoxud bu ishlarni o‘z kuchi bilan amalga oshirish;

— qurilish chiqindilari poligonlarga joylashtiriladigan taqdirda chiqindilarni olib chiqib ketish bo‘yicha xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan tashkilotlar yoki chiqindi poligoniga ega bo‘lgan tashkilotlar bilan tegishli shartnoma tuzish;

— qurilish ishlari tugallangan bino va inshootlarni (yakka tartibdagi uy-joylar bundan mustasno) foydalanishga ruxsat berish (foydalanishga qabul qilish) jarayonida qurilish ob’ektida hosil bo‘lgan qurilish chiqindilarining qonun hujjatlari talablariga muvofiq utilizatsiya qilish yoki qayta ishlashga yo‘naltirilganligi yoxud poligonlarga joylashtirilganligi o‘rganiladi;

— qurilish chiqindilarini tashish bilan shug‘ullanuvchi yuridik yoki jismoniy shaxslar mazkur xizmatlarni ko‘rsatishda qurilish chiqindilarini utilizatsiya qilish va (yoki) qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarga topshirilganligini (realizatsiya qilinganligini) yoxud chiqindi poligoniga joylashtirilganligini tasdiqlovchi hujjatlarga ega bo‘lishi lozim;

2021 yilda manzilli dasturlarga muvofiq qurilish chiqindilari uchun 22 ta poligon qurilib, tegishli ravishda jihozlanadi va 33 ta maishiy chiqindi poligonlarini jihozlash ishlari amalga oshiriladi;

— maishiy va qurilish chiqindilarini belgilanmagan joylarga tashlaganlik uchun jarima sanktsiyalari miqdorini oshirish, maishiy va qurilish chiqindilari bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun fuqarolar va mansabdor shaxslarning javobgarligini kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi Oliy Majlisga kiritiladi; (maishiy chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash bo‘yicha 2017 yilda 3 144 ta, 2018 yilda 5 543 ta va 2019 yilda 13 948 ta ma’muriy huquqbuzarlik holatlari qayd etilib (2017 yilga nisbatan 4,4 baravarga ko‘paygan), jami 4,4 mlrd so‘m miqdorida jarima qo‘llanilgan)

 — 2021 yil 1 yanvarga qadar jamoatchilik nazoratini amalga oshirish imkonini beruvchi, bu boradagi huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi foto va video materiallarni joylashtirish imkoniyatiga ega bo‘lgan Internetdagi maxsus axborot tizimini yaratish hamda har bir xabar berilgan holat bo‘yicha tezkor choralar ko‘rish tizimi joriy qilinadi;

— fuqarolar bandligini ta’minlash maqsadida «Ishga marhamat» monomarkazlari hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimidagi kasb-hunarga o‘qitish markazlarida zamonaviy talablar asosida chiqindilarni qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi xodimlarni tayyorlash va malakasini oshirish hamda ish bilan ta’minlash choralari ko‘riladi;

— kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlar asosida maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan tashkilotlar mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yiladi.

Bunda, 2022 yil 1 yanvarga qadar xususiy tashkilotlar mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish xarajatlarining 50 foizi Davlat ekologiya qo‘mitasining Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

II. Loyihani qabul qilishdan kutilayotgan natijalar (2021 yil yakuniga qadar):

— chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida davlat-xususiy sheriklik keng yo‘lga qo‘yiladi va mazkur sohadagi xususiy sektor ulushi 47,3 foizga yetkaziladi (hozirgi kunda 11,1 foiz);

— chiqindilarni qayta ishlovchi investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratiladi hamda utilizatsiya qilish va qayta ishlash bo‘yicha yangi quvvatlarni rivojlantirishga imkon yaratiladi, natijada qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash darajasi 36,5 foizga yetkaziladi (hozirgi kunda 13,9 foiz)

— aholini qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar bilan ta’minlash yanada yaxshilanadi va qamrov darajasi 100 foizga yetkaziladi;

— qurilish chiqindilarining ekologik normativlarga muvofiq utilizatsiya qilinishi, qayta ishlanishi va (yoki) ko‘milishi ta’minlanadi;

— hosil bo‘layotgan qurilish va maishiy chiqindilarning belgilanmagan joylarga tashlanishining oldi olinadi;

2020 yil 8 avgustda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tashabbusi bilan yana bir bor 15 ta vazirlik va idora rahbarlari hamda tadbirkorlik sub’ektlari ishtirokida videokonferents aloqa orqali qaror loyihasining yakuniy muhokamasi o‘tkazildi.

Loyihaning qabul qilinishi chiqindi poligonlarini qurish va jihozlash bilan bog‘liq xarajatlarga mahalliy byudjetlardan jami qo‘shimcha 24,9 mlrd so‘mni talab etadi.

O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Manba: https://aoka.uz/article/bcyeikbqvnzw-maishij-...

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources