«Milliy tilni yo‘qotmoq – millatning ruhini yo‘qotmoq»dir
19.
09. 2020
12:43
9482
News

«Milliy tilni yo‘qotmoq – millatning ruhini yo‘qotmoq»dir
Abdulla Avloniy

Til – millatning ma’naviy boyligidir. Til nafaqat muomala vositasi – balki xalqning madaniyati, urf-odati, uning turmush tarzi, tarixidir. Turli xalqlarning tillariga hurmat esa o‘z navbatida o‘zaro tushunishga, muloqotlarga imkoniyat yaratadi. Tillarni saqlanib qolishi uchun esa bu tillarni qo‘llab-quvvatlash zarurdir. Aynan til tufayli insoniyat u yoki bu xalqqa mansubligidan faxrlanib yashaydi. Barcha tillarni tan olish va xurmat qilish tinchlikning birdan bir kafolatidir. Shu sababli xam har bir xalq o‘z tili saqlanib qolishi uchun harakat qiladi.

Ona tili – millatning ruhidir. Til — davlat timsoli, mulki. Tilni asrash, rivojlantirish – millatning yuksalishi demak. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yilgan. Shu tariqa o‘zbek tili mustaqil davlatimizning Bayrog‘i, Gerbi, Madhiyasi qatorida turadigan, qonun yo‘li bilan himoya qilinadigan muqaddas davlat ramziga aylandi.

Bundan 30 yil muqaddam o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan edi. Bu o‘z davrida tom ma’noda olamshumul voqea bo‘lgan edi. Chunki, Beruniy, Ibn Sino, Al Xorazmiy, Al Farg‘oniy, Alisher Navoiy, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Bobur Mirzo singari buyuk siymolarni yetishtirgan xalq tili yo‘qolish arafasiga kelib qolgan edi. Mustaqillikka ilk qadamlar tashlanayotgan davrdayoq prezidentimiz tomonidan o‘zbek tiliga davlat maqomi berish masalasi kun tartibiga qo‘yilib, bu ish amalga oshirilgan edi. Ona tilimiz – o‘zbek tiliga 1989 yil 21 oktyabrda davlat tili maqomi berildi. Bu mamlakatimiz, yurtdoshlarimiz hayotidagi unutilmas, tarixiy voqeaga aylandi. Agar o‘shanda til to‘g‘risida qonun qabul qilinmaganda edi, o‘zbek tili ham tarix saxifalaridan joy olgan bo‘larmidi?!

Shuni ta’kidlash kerakki, o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yo‘lidagi muhim qadamlaridan biri bo‘lgan edi. Istiqlol yillarida mamlakatimizda barcha sohalarda bo‘lgani kabi tilimiz taraqqiyotida ham muhim o‘zgarishlar yuz berdi. O‘zbek tilining xalqaro miqyosda obro‘si oshdi. «Davlat tili haqida»gi qonun ona tilimizning bor go‘zalligi va jozibasini to‘la namoyon etishi bilan birga, uni ilmiy asosda rivojlantirish borasida ham keng imkoniyatlar yaratdi. Olimlar va mutaxassislar tomonidan ilm-fan va turli sohalarga oid entsiklopediya va lug‘atlar, darslik va o‘quv qo‘llanmalari chop etildi. Mumtoz adabiyotimiz namunalari, sakson mingdan ziyod so‘z va so‘z birikmasini, fan, texnika, sanoat, madaniyat va boshqa sohalarga oid atamalarni, shevalarda qo‘llaniladigan so‘zlarni o‘z ichiga olgan besh jildlik «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» bu borada amalga oshirilgan ishlarning eng muhimlaridandir.

Til – millat qiyofaning bir bo‘lagi. Dunyodagi barcha xalqlar o‘zining milliy rasmiy tiliga ega deb aytolmaymiz. Chunki bu xalqning milliy mustaqilligi bilan bog‘liq. Mutaxassislarning so‘zlariga qaraganda, bugungi kunda har ikki xaftada bitta til yo‘qolib bormoqda. Bu o‘z navbatida o‘sha tilda so‘zlashuvchi xalqlarning yo‘qolishini anglatadi. YuNESKO vakillarining so‘zlariga qaraganda, qachonlardir odamlar so‘zlashadigan tillarning soni 7 mingdan 8 mingtagacha yetgan bo‘lsa, bugungi kunda sayyoramizda 6 mingta til mavjud bo‘lib, ularning 90 foizi yo‘qolib ketish arafasida turibdi. Bu asosan tsivilizatsiya tufayli madaniyatidan ayrilayotgan kam sonli millatlarning tillaridir. Bu tillarda so‘zlovchi aholining ayrimlari yozuvga ega bo‘lsa, ayrimlari bundan bebahradir. Masalan, Afrika tillarida so‘zlashuvchi aholining 80 foizi xamon o‘z yozuvlariga ega emas. Minglab tillardan ta’lim tizimida foydalanishning imkoniyati yo‘q. Internetdan foydalana olmaydigan tillar haqida-ku aytmasa ham bo‘ladi. Chunki yangi texnologiyalarning rivojlanishi tufayli ayrim xalqlar o‘z tillaridan ko‘ra zamonaviy tillardan foydalanishga majbur bo‘lmoqda. Bugun Internet tilining 81 foizi ingliz tiliga to‘g‘ri keladi. To‘g‘ri, avvallari ham tillar paydo bo‘lgan, muomalada bo‘lib, ma’lum vaqtdan so‘ng yo‘q bo‘lib ketgan. Lekin hozirgidek tillarning jadallik bilan yo‘qolishi tarixda kuzatilmagan. Yo‘qolib ketish havfida bo‘lgan tillarni saqlab qolish yo‘lida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarning asosiy maqsadi ham madaniyatlar va tillar xilma-xilligini ta’minlashdan iboratdir. Chunki aynan til tufayli xalq va elatlarning madaniyati, urf-odatlari saqlanib qoladi, sayyoramizda yashayotgan xalqlarning o‘tmishi va madaniyati hurmat qilinadi. Tilshunoslar yo‘qolib ketish arafasida turgan tillarni saqlab qolishning imkoniyatlari hozircha qo‘ldan boy berilmaganini aytishadi. Tillarni saqlab qolish uchun esa, BMT ekspertlarining fikricha, bu tillardan ta’lim tizimida keng foydalanishni yo‘lga qo‘yish kerak.

Taxlilchilar xitoy va ingliz tillari foydalanish bo‘yicha o‘z mavqeini oshirib borayotganini aytishadi. Vaziyatni o‘rganayotgan kuzatuvchilarning fikricha, foydalanuvchilar soni bo‘yicha ayni damda ingliz tili yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, XXI asr o‘rtalariga borib, xitoy tili asosiy til bo‘lib olishi mumkin.

Olimlar insoniyat tarixida 9000 mingdan ortiq til yo‘q bo‘lib ketganini aytishadi. Nafaqat bosib olingan xududlardagi xalqlarning tillari, balki fotihlarning tillari xam yo‘qolib ketgani tarixdan ma’lum. Bu borada qadimgi yunon, oromiy, lotin, sanskrit, vediy, assuriy, qadimgi fors tillarini misol sifatida keltirish mumkin. YuNESKO mutaxassislari o‘lib va yo‘qolib borayotgan tillarni qutqarib qolish mumkinligini aytishadi. Misol tariqasida o‘tgan asrning 80 yillarida atigi 8 kishi so‘zlashgan Yaponiyaning Xokkaydo orolidagi ayn tilini keltirish mumkin. Bugungi kunda tiklangan bu tilda bir necha ming kishi gaplashmoqda. Ikki ming yil davomida o‘lik til xisoblanib kelingan ivrit tili xam qayta iste’molga kiritildi. Bugungi kunda ivrit tilida 9 million kishi suxbatlashadi.

Qadimda xalqlar o‘z turar joylaridan majburan ko‘chirilganlari bois ular boshqa mintaqalarda so‘zlashuvchi xalqlar bilan qorishib ketib, ularni tillarini o‘zlashtirishga majbur bo‘lgan. Lotin Amerikasidagi ayrim xalqlar esa alkogol va giyoxvand moddalar iste’moli tufayli yo‘q bo‘lib ketgan.

Qachonki bolalar o‘z ona tillarida o‘qishni to‘htatar ekan, o‘sha til yo‘qolib ketish arafasiga kelib qoladi. Tillarni saqlab qolish bu o‘sha xalqning madaniyati, urf-odati, rasm-rusumlarining saqlanib qolinishini anglatadi. Chunki, xalq taqdiri til taqdiri bilan bevosita bog‘liq. Til har bir millat madaniyatining o‘zagidir. Shu sababli ham tilning saqlanishi xalq taraqqiyoti va kelajagini belgilaydi. Til xalqni birlashtiradi, tarbiyalaydi, o‘qitadi, urf-odat, ananalarini saqlaydi. Shunday ekan, ona tilimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishda, uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga qo‘shishda har birimiz tilimizga chuqur hurmat bilan yondashishimiz kerak.

Qonunga asosan eng muhim qadriyatlardan biri hisoblangan til qonun darajasida huquqiy asosga ega bo‘ldi. Bu qonun bilan o‘zbek millatining ma’naviyatini, ruhiyatini, qadrini ko‘rsatadigan muhim omil, ya’ni tilning maqomi huquqiy mustahkamlandi. Mazkur huquqiy asos orqali qayta shakllanayotgan davlatning, hukumatning, uning yangi rahbarining elga, yurtga nisbatan e’tibori, ehtiromi namoyon etildi.

Til har bir millatning ulkan boyligi, benazir qadriyati va bebaho mulki hisoblanadi. Har bir xalq, har bir elat, o‘zi hurmat va ehtirom qiladigan tilga ega. Tilda ana shu tilning ijodkori bo‘lgan xalq, elatning tarixi va madaniyati aks etadi. Ayni zamonda, til ijtimoiy taraqqiyotda ulug‘vor ahamiyat kasb etadi. Til – har bir millat o‘zligining ajralmas belgisidir.

O‘zbek tili – O‘zbekiston Respublikasi aholisining mutlaq ko‘pchiligi bo‘lmish o‘zbek xalqining ona tilidir. U O‘zbekiston birligi va yaxlitligi, jamiyat jipsligining muhim omili hisoblanadi. O‘zbek xalqining, uning milliy madaniyati va o‘ziga xosligini ifoda etuvchi vosita bo‘lmish o‘zbek tilining har tomonlama rivojlanishini ta’minlash, mazkur tilning davlat tili maqomidek salohiyatini izchil va to‘liq ro‘yobga chiqarish muhim vazifadir.

Yaqin tarixga nazar tashlasak, sobiq sovet davlati davrida ko‘plab olimlarimizning ijod maxsullari atamasi, ixtirochi olimlarimizning ixtirolari atamalari, fandagi yangi ochilgan yo‘nalishlar atamalari faqatgina rus tilida yuritilar edi, shu bois sovet davlati davri tilimizning rivojlanmay turgan turg‘unlik davri bo‘lib qoldi.

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda o‘zbek adabiy tilini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning natijasida o‘zbek tili davlat tili, davlat ramzi, milliy madaniyat va ma’naviyatni ifodalovchi hamda ularni kelajak avlodga yetkazuvchi muhim muloqot vositasi darajasiga ko‘tarildi. O‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi nufuzi oshib, faol muloqot vositasiga aylanib bormoqda. Turli darajadagi rasmiy uchrashuvlar, muzokaralarda tilimiz keng qo‘llanilayotgani, xorijdagi ko‘plab universitetlar, ilmiy muassasalarda o‘zbek tili markazlari tashkil etilib, ularda ona tilimizni o‘rganishga qiziquvchilar safi tobora ortib bormoqda.

O‘zbekistonda nafaqat o‘zbek tili, balki yurtimizda istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari hurmat qilinishi milliy qonunchiligimizda aks etgan. Uning amaliy isbotini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasidagi quyidagi norma misolida ko‘rish mumkin: «O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir. O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi».

«O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili to‘g‘risida»gi qonunining 7-moddasida qayd etilishicha, davlat tili rasmiy amal qiladigan doiralarda o‘zbek adabiy tilining amaldagi ilmiy qoidalari va normalariga rioya etiladi. Davlat o‘zbek tilining boyitilishi va takomillashtirilishini ta’minlaydi, shu jumladan, unga hamma e’tirof qilgan ilmiy-texnikaviy va ijtimoiy-siyosiy atamalarni joriy etish hisobiga ta’minlaydi. Bu orqali davlat o‘zbek tilini asrash, boyitish va rivojlantirishda mas’ullikni o‘z zimmasiga olgan. Shu asosda yurtimizda o‘zbek tilini boyitish va takomillashtirishga doir ko‘plab ilmiy izlanishlar, loyihalar olib borilmoqda, turli sohalarga oid lug‘atlar, ilmiy risolalar muntazam nashr etilmoqda. Ayni paytda mamlakatimizdagi barcha nashriyot matbaa-ijodiy uylari tomonidan ona tilimizning jozibasini bor bo‘y-basti bilan namoyon etishga doir nashrlar chop etilib, kitobxonlar e’tiboriga havola etilayotganini alohida qayd etish lozim.

Shuningdek, yuqoridagi Qonunning 8-moddasida O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining boshqa hujjatlari davlat tilida qabul qilinishi va e’lon qilinishi belgilangan. Mazkur norma «Qonunlar loyihalarini tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida»gi Qonun 26-moddasining to‘rtinchi qismida yanada aniqlashtirilgan. Unga asosan, «qonun loyihasi va unga ilova qilinadigan hujjatlar qonunchilik tashabbusi huquqi sub’ektlari tomonidan Qonunchilik palatasiga davlat tilida kiritiladi». Ushbu normalarning ijrosi amalda ta’minlanayotganini hozirgi kunda Qonunchilik palatasiga kiritilayotgan qonun loyihalari misolida yoki Oliy Majlisda qabul qilinayotgan qonunlar o‘zbek tilida qizg‘in muhokama etilayotganligida ko‘rish mumkin. Lekin, har qanday hodisaning bir necha hikmati bo‘ladi. Til masalasida ko‘tarilgan bu shov-shuv gaplarni barcha ziyolilar, ayniqsa ijodkorlar ham o‘ylab ko‘rishlari lozim. Ona tilimizni yanada rivojlantirishga, uning ajib va noyob ohanglarini boyitishga, bu til zamirida qanchadan-qancha boyliklar yotganligini ochib berishga har birimiz hissa qo‘shishimiz lozim. Zero, istiqbolda farzandlarimiz, do‘stlarimiz, millatdoshlarimiz ham bir-birlari bilan o‘zbek tilida gaplashsinlar...

Biz namuna bo‘laylik, o‘z-o‘zimizdan boshlaylik, oilada farzandlar bilan qaysi tilda so‘zlashiyapmiz, dillashiyapmiz.Bugun biz barcha sohada o‘ta faol bo‘lishimiz darkor, biz bag‘rikengmiz, ammo bunday masalada aslo yo‘q, endi o‘tmaydi! Andishani nomi qo‘rqoq bo‘lmasin.


Tilimizga chuqur hurmat bilan,
Namangan viloyat «Toza xudud» DUK xodimi
R.U.Usmanov

Foydalanilgan Adabiyotlar:

Sharofiddin to‘laganov. Ona tilim – oltin sandig‘im. 2019 y.
Abdulxay Sobirov, f.f.d, prof. til – Millat tafakkurining bebaho xazinasi. 2019 y.

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources