Atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish masalalari muhokama qilindi
17.
09. 2020
10:42
5259
News

2020 yilning 16 sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekiston ekologik partiya fraktsiyasi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi bilan hamkorlikda 16 sentyabrXalqaro ozon qatlamini himoya qilish kuniga bag‘ishlangan seminar o‘tkazdi.

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Gidrometerologiya xizmati markazi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi mutaxassislari va ekspertlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Tadbir ishtirokchilari ta’kidlaganidek, ozon qatlamini yemiruvchi moddalar-xlorftoruglerod tutgan birikmalarni haddan tashqari ko‘p ishlatilishi natijasida o‘tgan asrning 80-yillari oxiriga kelib, Ozon qatlamini yemirilishi natijasida «Ozon darchalari» hosil bo‘lib, uning himoya funktsiyalari susaygan. 1985 yilda Ozon qatlamini himoya qilish to‘g‘risidagi Vena konventsiyasi qabul qilinganligi ozon muammosini hal etish bo‘yicha xalqaro sa’i-harakatlarning aniq mexanizmi bo‘ldi. Mazkur Konventsiya doirasida ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazishda xalqaro hamkorlik, ozon qatlamini tizimli monitoring qilish, ozonni yemiruvchi moddalar — xlorftoruglerodli birikmalarning ishlab chiqarilishi monitoringi va axborot almashinuvi ko‘zlangan.

Qayd etilganidek, ilmiy tadqiqotlar davomida ozonni yemiruvchi eng zararli moddalar hamda kelgusida xalq xo‘jaligida ishlatish uchun yaroqli bo‘lgan moddalar aniqlanib, uning natijalari 1987 yil 16 sentyabrda rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlar tomonidan Ozon qatlamini yemiruvchi moddalar bo‘yicha Monreal protokolining qabul qilinishiga asos bo‘ldi. Monreal protokoli ozon qatlamini himoya qilishdek global muammoni yechishda muhim hujjatga aylandi. Unda ozonni yemiruvchi asosiy moddalar belgilanib, ularga tarkibida xlor, ftor, brom, uglerod va vodorod kabi uglevodorod sinfiga taalluqli kimyoviy birikmalar kiritilgan, ularni ishlab chiqarish va foydalanishni qisqartirish va oxir oqibat umuman bartaraf etish bo‘yicha reja-jadval, shuningdek bu jarayon ustidan nazorat belgilangan.

Tadbir davomida O‘zbekiston Vena konventsiyasi hamda Monreal protokolini 1993 yil ratifikatsiya qilganligi va uning barcha tuzatishlarni bosqichma-bosqich qabul qilib, mazkur Konventsiyaning tegishli talab va qoidalariga rioya qilish rejimiga amal qilinayotgani alohida ta’kidlandi. Dunyo hamjamiyatidagi boshqa mamlakatlar qatori O‘zbekiston ham ozon qatlamini himoya qilish borasida o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelmoqda. Ozon qatlamini himoya qilish masalalari davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari qatoridan mustahkam joy oldi.

Vena konventsiyasi talablari ijrosini hamda Milliy dastur doirasida ozon qatlamini yemiruvchi moddalarni muomaladan bosqichma-bosqich chiqarishni ta’minlash maqsadida sanoat korxonalarida ishlab chiqarishni ozonga xavfsiz mahsulotlarga o‘tkazishni qo‘llab-quvvatlash, ozon qatlamini yemiruvchi moddalar va tarkibida ular mavjud bo‘lgan mahsulotlarni utilizatsiya qilish tizimini ishlab chiqish, ushbu moddalarning noqonuniy aylanishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Respublikamiz bo‘yicha 99,5 foiz ozon qatlamini yemiruvchi moddalar muomaladan chiqarilgan va bu Monreal protokoli bilan rejalashtirilgan muddatlardan ilgarilashga erishildi.

Seminarda so‘zga chiqqanlar ozon qatlamini yemiruvchi moddalar bo‘yicha Monreal protokoli talablarini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar holati yuzasidan ma’lumot berish bilan birga mazkur Protokol talablarini amalga oshirish mexanizmini va atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish masalarini muhokama qildilar.

Seminar yakunida muhokama etilgan masala yuzasidan bildirilgan fikr va takliflar asosida tegishli qaror qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi

Manba: http://parliament.gov.uz/uz/events/fractions/31986/

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources