“Zero Waste” tamoyili: chiqindilarsiz yashash uchun nima qilish kerak?
15.
03. 2024
14:08
1634
Yangiliklar

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi telegram kanalida “Zero Waste” tamoyili nima ekanligi haqida so‘rovnoma e'lon qilingandi. So‘rovnomada 1000 ga yaqin kishi ishtirok etdi. Quvonarlisi, ishtirokchilarning 60 foizi ortig‘i bu tamoyil haqida xabardor ekanligi ma'lum bo‘ldi. Quyida ushbu tamoyil haqida batafsil ma'lumot beramiz.

Ma'lumki, chiqindi inson salomatligi va atrof-muhitga xavf tug‘diruvchi asosiy ekologik muammolaridan biridir. “Zero Waste” (nol chiqindi) tamoyili esa insoniyat tomonidan ishlab chiqariladigan chiqindilar miqdorini kamaytirishga qaratilgan turmush tarzini targ‘ib qiladi. Maqsad chiqindilarni qayta ishlash va kamaytirish orqali to‘liq yo‘qotishdir.

Chiqindilarni qayta ishlash chiqindixonalar paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi. Shuningdek, bu iqtisodiy tomonlama ham foyda ham keltiradi, chunki qayta ishlash yangi materiallar va resurslar yaratishga imkon beradi hamda chiqindilarni utilizatsiya qilish va qayta ishlash xarajatlarini kamaytiradi.

Chiqindilarsiz yashash uchun muhim tavsiyalar: 

— bir martalik idishlar, mahsulotlardan voz keching, ularning o‘rniga boshqa ko‘p martalik vositalardan foydalaning;
— chiqindilarni qayta ishlash uchun saralang;
— minimal qadoqlangan va qayta ishlanadigan qadoqlangan mahsulotlardan ko‘proq foydalaning;
— o‘z odatlaringizni tahlil qiling, chiqindilarning asosiy manbalarini aniqlang va ulardan qanday qutulish haqida o‘ylang;
— chiqindilarni duch kelgan joyga tashlamang;
— isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymang, faqat kerakli narsalarni xarid qiling.

“Zero Waste” harakati barqaror rivojlanish va sayyoramiz resurslarini kelajak avlodlar uchun saqlab qolish yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi.

Foydali manbalar