Markaziy Osiyo davlatlari va xalqaro tashkilotlar migratsiya turlarini himoya qilish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirmoqda
11.
02. 2024
21:26
2959
Yangiliklar

11-fevral kuni “Silk Road Samarkand” kongress zalida “Yovvoyi hayvonlarning koʻchib yuruvchi turlarini saqlash toʻgʻrisida”gi Konvensiya (CMS COP14) ishtirokchilari konferensiyasining 14-yigʻilishi doirasida “Tabiat chegara bilmaydi: ko’chib yuruvchi turlar va Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish yo‘lida hamkorlik qilish” mavzusida yuqori darajadagi tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, Ko‘chib yuruvchi turlar to‘g‘risidagi konvensiya (CMS) ijrochi kotibi Emi Frenkel, BMTning Atrof-muhit bo‘yicha dasturi (UNEP) ijrochi direktori Inger Andersen, Suvli-botqoqli yerlar boʻyicha Ramsar konvensiyasining Bosh kotibi doktor Musonda Mumba, Markaziy Osiyo davlatlarining atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi davlat sektori rahbarlari, xalqaro tashkilotlar va nodavlat notijorat tashkilotlari, ilmiy doiralar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

“Keyingi besh kun ichida biz migratsiya turlari bilan bog‘liq qator masalalarni, jumladan, iqlim o‘zgarishining ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik muammolarini muhokama qilamiz. Maqsadimiz – ekotizimlar va sog‘lom sayyorani saqlashda muhim rol o‘ynaydigan ko‘chib yuruvchi turlarni saqlash bo‘yicha yechim topish va samarali rejalar ishlab chiqish”, — dedi A.Abduhakimov.

“Markaziy Osiyoda koʻchib yuruvchi turlarni saqlash boʻyicha transchegaraviy va mintaqaviy hamkorlik” birinchi sessiyasi doirasida Markaziy Osiyo davlatlari vazirlari oʻrtasida koʻchib yuruvchi turlarni saqlash boʻyicha transchegaraviy va mintaqaviy hamkorlik boʻyicha muloqot boʻlib oʻtdi. Ikkinchi sessiyada xalqaro tashkilotlar rahbarlarining Markaziy Osiyodagi koʻp tomonlama munosabatlar va hamkorlik masalalari boʻyicha muloqoti oʻtkazildi. Uchinchi sessiyada esa davlat sektori rahbarlari ko‘chib yuruvchi turlarni saqlash sohasida xalqaro va transchegaraviy hamkorlik bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.

Uchrashuv davomida Markaziy Osiyo davlatlari vazirlari va xalqaro tashkilotlar rahbarlari oʻrtasida migratsiya turlari va transchegaraviy yoʻlaklarni himoya qilish boʻyicha birgalikdagi harakatlarga qaratilgan qator kelishuvlar imzolandi.

 

Foydali manbalar