O‘zbekistonda ekologiya va turizm sohasiga oid tadbirlarda 2,5 millionga yaqin ekofaol yoshlar ishtirok etdi
25.
12. 2023
13:24
2233
Yangiliklar

Mamlakatimizda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiatni asrash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishda yoshlarning ishtirokini oshirish, ular o‘rtasida ekotarg‘ibotni ko‘paytirish hamda yoshlarni bir g‘oya ostida birlashtirish maqsadida qator ishlar amalga oshirildi.

2023-yilning yakuniga qadar respublikamiz bo‘yicha o‘tkazilgan tadbirlarda jami 2 500 000 nafarga yaqin volontyorlar va ekofaol yoshlar ishtirok etdi.

Yil davomida respublika bo‘ylab tashkil etilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasining bahorgi va kuzgi mavsumlari doirasida mamlakatni ko‘kalamzorlashtirish uchun mevali va manzarali daraxtlar ekish aksiyalarida ham tizimli ravishda ekofaollar va volontyorlarning ishtiroki ta’minlandi. Loyiha doirasida o‘tkazilgan tadbirlarda mamlakatimizning barcha hududlaridan jami 800 000 nafarga yaqin ekofaollar va volontyorlar qatnashdi.

Ta'kidlash joizki, MT Bosh Assambleyasining 2022-yil 14-dekabrdagi 77-sessiyasida qabul qilingan rezolyutsiyasiga muvofiq, 30-mart — “Xalqaro chiqindisiz dunyo kuni” (“International Day of Zero Waste”) deb eʼlon qilingan. Shu munosabat bilan, 30-mart kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida keng jamoatchilik bilan birgalikda yugurish orqali chiqindilarni saralab yig‘ish – “plogging” tadbirlari tashkil etildi. Unda 800 nafardan ortiq ekofaollar va volontyorlar qatnashib, tabiatni asrash va hududlarni chiqindilardan tozalashda faollik ko‘rsatishdi.

27-aprel kuni respublika bo‘ylab aholini tabiat qo‘ynida dam olishga chorlash hamda ular o‘rtasida piknik madaniyatini targ‘ib qilish maqsadida “Piknik madaniyati” tadbiri tashkil etildi. Respublikamizdagi barcha tuman va shaharlarda joylashgan bog‘lar va xiyobonlarda 180 ga yaqin piknik zonalar tashkil qilindi.

12-may kuni Qarshida “Ekologik bilimlar kuni” munosabati bilan plogging ekoaksiyasi oʻtkazildi. Unda 100 dan ortiq ishtirokchilar tomonidan atrof-muhit 400 kg.ga yaqin chiqindidan tozalandi. Qolaversa, Xalqaro biologik xilma-xillik kuniga bag‘ishlab bolalar o‘rtasida “Bioxilma-xillik ekspressi” tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda ekologik bilimlar tanlovi tashkil etildi va 100 dan ortiq eko-faol yoshlar ishtirok etishdi. Toshkentdagi botanika bogʻida “Yoshlar kuni” munosabati bilan o‘tkazilgan “Tabiat bilan uyg'unlikda” shiori ostidagi tadbir esa yoshlarda tabiatga mehr uygʻotish, ularda ekologik madaniyatni yuksaltirish hamda intellektual, ijodiy salohiyatini kamol toptirish maqsadida 10 nafar ekofaol yoshlar munosib taqdirlanishdi.

7-11 avgust kunlari Qashaqdaryo viloyati, Shahrisabz tumanidagi “Lochin” oromgohida “Yosh ekologlar” harakati qurultoylari o‘tkazildi. Qayd etish joizki, 18-avgust kuni Toshkentda ilk bor “EduCO Fest” yoshlar festivali bo‘lib o‘tdi. Ekologiya sohasidagi ta’limni rivojlantirish va mamlakatda ekologiya hamjamiyatlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazilgan tadbirda bir qancha ekovolontyorlar va eko-faollar ishtirok etishdi. 16-sentabr kuni esa Respublikamizning barcha hududlarida, xususan, Toshkent shahrida “Butunjahon tozalik kuni” tadbirlari o‘tkazildi. Poytaxtdagi tozalik tadbirlarida esa 800 kg.dan ortiq chiqindi yig‘ildi. Shuningdek, tadbir davomida 16-sentyabr – Ozon qatlamini muhofaza qilish xalqaro kuni munosabati bilan aholi, xususan, yoshlar oʻrtasida qushlarni asrab-avaylashga qaratib oʻtkazilgan “Ozonni asraylik” tanlovi doirasida 100 dan ortiq volontyorlar va eko-faol yoshlar taqdirlandi.

Shu bilan birga, Toshkent viloyatida “Green Eco Games” va "UzPlogging" tadbirlari bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirda 230 dan ortiq eko-faollar va  ko‘ngilli volontyorlar atrof-muhit tozaligi uchun munosib hissalarini qo‘shishdi. 25–26-sentabr kunlari esa Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida “Amirsoy” dam olish maskani hududida “Membership Training” (MT) tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tabiatga muhabbat uyg‘otish, uni asrab-avaylash, unga mas’uliyat hissi bilan qarash ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilagan ushbu tadbirda 200 dan ortiq yosh eko-faollar ishtirok etdi. 29-sentabr kuni yoshlarimizni iqlim kun tartibiga jalb qilish bo‘yicha Milliy strategiya hamda Yo‘l xaritasi imzolandi. Tadbirda 20 nafarga yaqin  eko-faollar Strategiyani UNICEF va UNESCO xalqaro ekspertlari ko‘magida GEP tavsiyalarini hisobga olgan holda ishlab chiqish jarayonining teng huquqli ishtirokchisi bo‘ldilar.

2-oktabr kuni esa Samarqanddagi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida “Markaziy Osiyo ovozi” tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda 5 ta mamlakatdan kelgan 60 ga yaqin  eko-faollar Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanish madaniyatini taraqqiy etish strategiyasini muhokama qilishdi. 4-oktabrda esa Samarqand shahridagi Markaziy Osiyo yoshlari ekologik oromgohi doirasida 2000 nafarga yaqin talabalar ishtirokida “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti hududida daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.

Yilning eng muhim tadbirlaridan biri Samarqandda tashkil etilgan BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi — COP-28ga bag‘ishlangan “Dunyoni yanada yaxshilaymiz” Markaziy Osiyo yoshlar ekologik oromgohidir. Oromgohda 5 ta mamlakatdan kelgan 60 nafar ekofaol yoshlar  Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanish madaniyatini rivojlantirish strategiyasini muhokama qilishdi. Buxorodagi “Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi” doirasida esa 20 ga yaqin ekofaol yoshlar va volontyorlar manzarali va mevali daraxt ko‘chatlarini ekishdi.

21-dekabr kuni esa Toshkentdagi “Yoshlar ijod saroyi”da Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov va eko-faol yoshlar o‘rtasida ochiq muloqot o‘tkazildi. Forum doirasida “Ekologiya — yosh rassomlar nigohida” ko‘rgazmasi ham tashkil etildi. Forumda 500 nafar ekofaol va volontyor yoshlar qatnashib, muhim taklif va mulohazalarini bildirishdi. Tadbirda, shuningdek, 500 ga yaqin yoshlar onlayn ishtirok etdi. Uchrashuv yakunida 20 nafar yosh ekolog va turizm faollari sohaga qo‘shayotgan munosib hissasi uchun esdalik sovg‘alar va tashakkurnomalar bilan taqdirlanishdi.


 


 

Ta’kidlash joizki, kelgusi yillarda ham ekologiya va turizm sohalarida yoshlarning faolligiga alohida e’tibor qaratiladi. Dolzarb ekologik muammolarni hal qilishda, shuningdek, turizm sohasini rivojlantirishda yoshlarning o‘rni va ovozi muhim ahamiyat kasb etadi.

Foydali manbalar