Sudochye ko'llar tizimi rasman xalqaro ahamiyatga ega bo'lgan suv-botqoq yerlari nominatsiyasiga kiritildi
18.
12. 2023
16:48
2886
Yangiliklar

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Sudochye ko‘llar tizimini Ramsar ro‘yxatiga xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan suv-botqoq yerlari nominatsiyasiga kiritish bo‘yicha rasmiy hujjatlarni tayyorlash va taqdim etish bo‘yicha barcha ishlarni yakunladi. Obyekt ro‘yxatga 2522-raqam ostida kiritildi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston avvalroq Qoraqalpog‘iston Respublikasida joylashgan Sudochye ko‘llar tizimini xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan suv-botqoq hududi deb e’lon qilgandi. Bugungi kunda chegaralari aniqlangan ko‘llar Ramsar konvensiyasining 2.1-moddasiga muvofiq rasmiy ravishda Xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan suv-botqoq yerlar ro‘yxatiga kiritilgan.

Ayni paytda respublikadagi xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan suv-botqoq yerlarning umumiy soni to‘rttaga yetdi va bu hududlarning maydoni bugungi kunda 674,4 ming gektarni tashkil etadi.

Taʼkidlash joizki, Konvensiya Kotibiyati xabarida roʻyxatga yangi obyektning kiritilishi Oʻzbekistonning dunyodagi eng muhim suv-botqoq yerlarini saqlash va ulardan barqaror foydalanishga qaratilgan Ramsar konvensiyasini amalga oshirishga sodiqligini koʻrsatishi alohida taʼkidlangan.

Hujjatdan maqsad global bioxilma-xillikni saqlash va inson hayotining barqaror rivojlanishi uchun muhim bo‘lgan suv-botqoq yerlarning xalqaro tarmog‘ini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Ma’lumot uchun, Sudochye 1960-yillarda dunyodagi to‘rtinchi yirik ko‘l hisoblangan Orol dengizining kichik qismi bo‘lib, joriy yilning may oyida ko‘llar tizimi O‘zbekistondagi xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan Ramsar suv-botqoq yerlari ro‘yxatiga kiritilgan 4-obyektga aylandi. Ro‘yxatga, shuningdek, yurtimizning Dengizkoʻl koʻli (2001), Arnasoy koʻllar tizimi (2008), Toʻdakoʻl va Quyimozor suv omborlari (2020) kirgan.

Foydali manbalar