Tarixda birinchi marta 4 ta qor qoploni guruhi kuzatildi
13.
12. 2023
16:48
3372
Yangiliklar

Qashqadaryo viloyatidagi "Hisor" qo‘riqxonasi hududida tarixda birinchi marta 4 ta qor qoploni guruhi kuzatildi. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tizimidagi qo‘riqxona xodimlari tomonidan o‘rnatilgan fotoqopqonga noyob ko‘chib yuruvchi hayvonlar muhrlandi.

Qor qoploni, qor leopardi yoki ilvirs — mahalliy darajada keng tarqalgan va yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan kichik tur sifatida TMXI Qizil roʻyxati va Oʻzbekiston "Qizil kitobi"ga kiritilgan. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 11-dekabridan “Qizil kitob”ga kiritilgan hayvonlarni ovlaganlik uchun jazoni kuchaytirish to‘g‘risidagi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlar kuchga kirdi, unga ko‘ra qor qoplonlarini noqonuniy ovlash BHMning 3000 barobari (1 milliard 20 million so‘m) miqdorida jarimaga sabab bo‘ladi.

Kuzgi roʻyxatga olish maʼlumotlariga koʻra, "Hisor" qoʻriqxonasida 50-52 ga yaqin qor qoplonlari yashaydi. Shunisi e'tiborliki, qor qoploni bugungi kunda faqat sovuq iqlim sharoitida yashaydigan mushuksimonlar oilasining yagona tirik a'zosidir.

Qor qoplon tasviri Registon maydonida joylashgan Sherdor madrasasining asosiy kirish eshigi va milliy banknotda tasvirlangan. Shuningdek, mushuksimonlar oilasining qudratli vakili 2024-yilning 12–17-fevral kunlari Samarqandda boʻlib oʻtadigan CMS COP14 — Yovvoyi hayvonlarning ko'chib yuruvchi turlarini saqlash to'g'risidagi konvensiya ishtirokchilari konferensiyasining 14-yig‘ilishi ramzi sifatida ham tanlangan.

Foydali manbalar