2023-yilda oʻrmonlarni asrash, daraxtlarni ko‘paytirish borasida qanday ishlar amalga oshirildi?
04.
10. 2023
18:38
2433
Yangiliklar

2023-yilda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi O‘rmon xo’jaligi agentligi tomonidan respublikadagi  oʻrmonlar maydonini kengaytirish, qayta tiklash, muhofaza qilish, qoʻshimcha tarmoqlarni rivojlantirish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi.

Xususan, oʻrmon fondining foydalanilmayotgan 3,5 ming gektar yer maydoni oʻzlashtirilib, foydalanishga kiritildi. Oʻrmon xoʻjaliklari tomonidan jami 200 ming gektar, shundan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moʻynoq tumanida 128 ming gektar, Buxoro viloyatida 40 ming gektar, Navoiy viloyatida 17 ming gektar, Xorazm viloyatida 10 ming gektar va oʻrmon fondining boshqa hududlarida 5 ming gektar maydonda “yashil qoplamalar” – himoya oʻrmonzorlari qilish va qayta tiklash tadbirlari bajarildi. 
Sugʻoriladigan qishloq xoʻjaligi yerlari dala chetlarida 2 ming gektar maydonda ihota daraxtzorlari barpo etildi.

Ta’kidlash joizki, hududlarning tuproq-iqlim sharoitiga mos manzarali, mevali daraxt ekish bugunning dolzarb mavzusiga aylanib ulgurgan. Shu bois oʻrmon xoʻjaliklarida 70 turdagi iqlim sharoitiga mos daraxt va buta koʻchatlarini yetishtirish yoʻlga qoʻyilgan, shundan ignabarglilar 8 tur, tez oʻsuvchi va yaproqbarglilar 25 tur, mevalilar 15 tur, yongʻoq mevalilar 4 tur, choʻl oʻsimliklari 6 tur, har xil turdagi manzarali butalar 13 turni tashkil etadi.

Shuningdek, oʻrmon barpo qilish, niholxona va koʻchatxonalar tashkil etish hamda koʻkalamzorlashtirish tadbirlari uchun daraxt va butalarning 980 tonna urugʻlari jamgʻarildi. Tuproq-iqlim sharoitga mos manzarali, mevali daraxt va butalar turlaridan 787 gektar maydonda niholxona, koʻchatxonalar barpo qilindi. Natijada jami 101 mln, shundan, 32 millionta tut, 16 millionta terak va pavlovniya, 53 milllionta boshqa turdagi manzarali, mevali daraxt hamda butalarning nihol va koʻchatlari yetishtirildi.

Qolaversa, 46 586 gektar maydonda kasallik va zararkunandalarni aniqlash ishlari olib borilib, jami 21 066 gektar, shundan 19 315 gektar maydonda biologik usulda qarshi kurashish tadbirlari olib borildi. Oʻrmon fondi yerlarida jami 5280 gektar maydonda dorivor va oziq-ovqatbop oʻsimliklar plantatsiyasi tashkil etilib, 4845 tonna xom ashyo tayyorlandi. Qoʻshimcha tarmoqlarni rivojlantirish maqsadida oʻrmon fondi yerlarida 5641 tonna qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirilib, chorva bosh soni 31 mingga, parranda 417 mingga, asalari oilasi soni 109 mingga yetkazildi.

“Yashil hudud” DUK tomonidan Fargʻona viloyatida 9,3 gektar maydonda “yashil bogʻlar” barpo qilingan boʻlsa, Sirdaryo viloyatining Sayxunobod va Sirdaryo tumanlarida yer tayyorlash ishlari yakunlandi. Hozirgi kunda boshqa hududlarda ham yer tayyorlash ishlari boshlanmoqda.

Bundan tashqari, Jizzax viloyatining Zomin tumanida Zomin davlat oʻrmon xoʻjaligida 110 gektar maydonda “yashil bogʻ” tashkil etish maqsadida 44 mingta daraxt koʻchatlari ekish rejalashtirilgan.

Foydali manbalar