Davlat ekologiya qo‘mitasida onlayn-seminar
12.
11. 2020
16:34
6479
Yangiliklar

Davlat ekologiya qo‘mitasida “O‘zbekiston Respublikasini Atrof muhitga ta’sirni transchegaraviy nuqtai nazardan baholash to‘g‘risidagi konventsiya va Strategik ekologik baholash haqidagi protokolga muvofiq ekologik baholash tizimlarini ishlab chiqishda qo‘llab-quvvatlash” loyihasi yakuniga bag‘ishlangan onlayn-seminar bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir Birlashgan Millatlar Tashkiloti Yevropa iqtisodiy komissiyasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (EXHT) bilan hamkorlikda tashkil qilindi.

Onlayn seminarda Davlat ekologiya qo‘mitasi mutaxacsislari va BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasining xalqaro ekspertlari tomonidan atrof-muhitga ta’sirni baholash sohasidagi qonunchilikni xalqaro standartlarga muvofiq ishlab chiqish bo‘yicha amalga oshirilgan sarhisob qilindi.
 


Xalqaro ekspertlar ishtirok etgan seminarda ta’kidlanganidek, bugungi kunda dunyoda sodir bo‘layotgan tabiiy o‘zgarishlar nafaqat atrof-muhitni asrash, balki barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun tizimli chora-tadbirlar amalga oshirishni talab etmoqda. Shu ma’noda, atrof-muhitga ta’sirni transchegaraviy baholash, xususan, atrof-muhitga ta’sirni baholashning zamonaviy tizimini joriy etish dolzarb sanaladi.

Aytish lozim, O‘zbekistonda bu borada ham izchil va samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining Atrof muhitni muhofaza qilish kontseptsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoni bilan tasdiqlangan Kontseptsiyada umumiy maqsadli ko‘rsatkichlar bilan bir qatorda davlat ekologik ekspertizasini jahon standartlariga o‘tish va eng yaxshi, ilg‘or tajribalarni joriy etish maqsadlari ham belgilab qo‘yilgan. Shundan kelib chiqib Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan Atrof muhitga ta’sirni baholash uchun materiallar yuborish va davlat ekologik ekspertizasining xulosalarini chiqarish uchun elektron platforma yaratildi va ishga tushirildi. Ushbu platforma shaffoflik, qulaylik va soddalikni ta’minlab materiallarni yuborish, to‘lash, ko‘rib chiqish, qo‘shimcha ma’lumotlarni so‘rash va taqdim etish, sifat ko‘rsatkichlarining bajarilishini nazorat qilish tartiblarini tubdan soddalashtirdi.

Qaror qabul qilishda jamoatchilik fikri inobatga olinishi uchun atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan rejalashtirilgan tadbirlar to‘g‘risida jamoatchilikni xabardor qilish mexanizmlarini yaratish va bunday loyihalarni jamoatchilik muhokamasini tashkil etish ustuvor vazifadir.

Shuningdek, strategik hujjatlarni xalqaro talablarga mos holda ekologik baholashning me’yoriy-huquqiy bazasini takomillashtirish masalasini ko‘rib chiqish dolzarb masaladir. Shundan kelib chiqib, BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi mutaxassislari Davlat ekologiya qo‘mitasi mutaxassislari bilan birgalikda "Ekologik ekspertiza to‘g‘risida" (yangi tahrirda) va "Strategik ekologik baholash to‘g‘risida" gi qonun loyihalarini, shuningdek, ESPO konventsiyasi va Strategik ekologik baholash to‘g‘risidagi protokol talablariga muvofiqligi bo‘yicha milliy qonunchilik sharhlarini tayyorladilar. Ushbu qonun loyihalaridan Ekologik kodeks loyihasini yozishda foydalanish to‘g‘risida taklif yuborildi.

Ayni paytda Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining atrof-muhitni baholashni tartibga solish va strategik ekologik baholash sohasida to‘plangan boy tajribasini yanada chuqurroq o‘rganish zarur. Shundan kelib chiqib seminarda O‘zbekistonda strategik ekologik baholashning zamonaviy tizimini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kelgusida amalga oshirladigan ishlar ham muhokama qilindi.

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

 

Foydali manbalar