«TABIAT VAQTI: INSON, ATROF MUHIT VA BIOXILMA-XILLIK» mavzusida ijtimoiy – ekologik videoroliklar tanlovi davom etmoqda. Tashkilotchilar – O‘zbekiston Respublikasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazi (MOMEM) bilan hamkorlikda – kreativ va ekologiya muammolariga befarq bo‘lmagan yoshi 16-25 oralig‘ida bo‘lgan yoshlarni unda ishtirok etishga taklif etadi. Uchta nominatsiya bo‘yicha g‘oliblarni qimmatbaho sovg‘alar-gadjetlar kutmoqda.
Tanlov Evropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan UzWaterAware loyihasi doirasida tashkil etilgan bo‘lib, unda O‘zbekiston Respublikasining barcha viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasining oliygohlari talabalari, kollej va katta sinflari (10-11) o‘quvchilari ishtirok etishi mumkin.
– Biz yoshlarimizdan qiziqarli syujet va teran mazmun-mohiyatli dolzarb bo‘lgan roliklarni juda kutayapmiz, – deydi MOMEM filiali direktori, UzWaterAware loyihasi menejeri Shahnoza Umarova. – Tabiiyki, pandemiya sharoitida tashqarida suratga olish, katta suratga olish guruhi bilan biror joyga borish qiyin masala, shuning uchun biz yoshlar sharoitga moslashgan holda, bizga mobil jurnalistika formatida ajoyib video mahsulotlarni taklif qilishadi, degan umiddamiz. Bunday holatda, yaxshi video rolik yaratish uchun ularga puxta o‘ylangan reja-stsenariy, smartfondagi videokamera, shuningdek, videoni tahrirlash uchun mobil dastur, balki, maxsus effektlar ham kerak bo‘ladi. Hozirda ko‘plab talabalar uchun bular odatiy vositalar bo‘lib qolgan, ularning yordamida do‘stlari yoki hatto o‘z obunachilari bilan ular ijtimoiy tarmoqlarda baham ko‘rish uchun kontent yaratmoqdalar.
Tanlov Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuniga bag‘ishlangan bo‘lib, 2020 yil 10 iyundan 10 sentyabrgacha o‘tkazilmoqda. Ishtirok etish uchun 2020 yil 10 sentyabrga qadar tanlov tashkilotchilarining uzbekistan@carececo.org elektron manziliga ("Tabiat vaqti" nomi bilan) quyidagilarni yuborish kerak:
– ishtirokchi to‘g‘risida qisqacha ma’lumot;
– videorolikning qisqa tavsifi hamda yaratilish tarixi;
– internetdagi biror maydonga mp4 formatida yuklangan videorolikka havola yoki xatning o‘ziga bevosita ilova qilingan (mp4) rolik.
Shu bilan birga, rolikni #Tabiatvaqti #Vremyaprirodы #Timefornature xeshtegi ostida ijtimoiy tarmoqlarga (Facebook, Instagram, Youtube) joylashtirish, havolasini esa yuborish kerak bo‘lgan xatga ilova qilish zarur.
– Eng asosiysi - ishtirokchilarning videoroliklarida atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan g‘oya biz uchun juda muhim va zarur, – deya ta’kidlaydi Davlat ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati rahbari Bunyod Abdullaev. – Biz ushbu roliklar orqali yoshlar o‘z tengdoshlariga va umuman olganda, keng hamjamiyatga o‘zlarining fikr-mulohazalari, kelajak haqida tashvishlanishlari yetkazib berish imkoniga ega bo‘lishlariga ishonamiz. Axir, jamiyat atrof-muhitni muhofazalash va bioxilma-xillikni saqlash g‘oyasi atrofida birlashmasa, kelajagimiz xavf ostida qolishi hech gap emas.
Videoroliklar xronometraji imkoni boricha 03:00 daqiqadan oshmasligi kerak, maksimum 05:00 daqiqa bo‘lishiga yo‘l qo‘yiladi. Rolik mazmun-mohiyati quyidagi mavzulardan birini o‘zida aks ettirishi zarur:
– atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi muammolar / yechimlar;
– biologik xilma-xillikni saqlash bo‘yicha muammolar / yechimlar;
– suv resurslarini muhofaza qilish bo‘yicha muammolar / yechimlar.
Jyuri a’zolari har bir yo‘nalish bo‘yicha bittadan g‘olibni aniqlaydi. Asosiy sovrinlar bilan bir qatorda ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p ovoz (layk/ko‘rish) to‘plagan rolik muallifini rag‘batlantirish uchun Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan alohida nominatsiya ajratilgan.
Tanlov shartlari bilan batafsil quyidagi havola orqali tanishish mumkin: https://carececo.org/main/news/molodezhnyy-konkurs-sotsialno-ekologicheskikh-videorolikov-na-temu-vremya-prirody-chelovek-okruzhayu/
Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati