Qashqadaryo viloyati. «Rahbar va yoshlar uchrashuvi» o‘tkazildi.
31.
05. 2021
14:32
4269
News

Qashqadaryo viloyatida bo‘lib o‘tgan uchrashuv ham qizg‘in bir ruhda bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari I. Boqijonov hamda Qo‘mita raisining ma’naviy-ma’rifiy ishlar va davlat tilida ish yuritish bo‘yicha maslahatchisi S. Tashimov, shuningdek, viloyat Ekologiya boshqarmasi mutasaddilari ishtirok etdi.

Ma’lumki, ertangi kunimiz egalari bo‘lgan yoshlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazish, ularning fiklarini tinglash, yangi g‘oyalarini eshitish va bu jarayonda ularning yutuq-muammolarini ham o‘rganib hal etish bugungi kunda barcha rahbarlarning kun tartibidagi eng asosiy masalalardan biriga aylanmoqda. Yoshlarning dilidagi maqsad va niyatlaridan xabardor bo‘lish, ularni katta-katta ishlarga safarbar etishda bu kabi uchrashuvlar ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Yoshlar agentligi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi binosida o‘tkazilgan uchrashuvda Qarshi davlat universiteti, Qarshi muhandislik iqtisodiyoti instituti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari instituti Qarshi filialida “Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi” yo‘nalishida tahsil olayotgan bakalavr va magistr talaba yoshlar ishtirok etishdi.

Uchrashuvda Qarshi davlat universitetining 1-bosqich talabasi Firdavs Shamsiddinov o‘zining «Ekologik ta’lim tarbiyaning dolzarbligi» mavzusidagi ma’ruzasi bilan, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari instituti Qarshi filialining 2-bosqich talabasi Maftuna Alimardonova «Suvdan oqilona foydalanish ham atrof muhitni muhofaza qilish bilan tengdir« mavzusidagi video roligi bilan, shu oliygohning 2-bosqich talabasi Og‘abek Yarmanov o‘zi istiqomat qiladigan Chiroqchi tumanidagi aholini qiynab kelayotgan chiqindilar muammosiga bag‘ishlangan «Ona tabiatni asrab avaylash insoniyatni qo‘lida» mavzusidagi roligi bilan qatnashib, o‘zlarining yangi g‘oyalari, qarashlari, takliflarini bildirdilar.

Atrof muhit musaffoligi yo‘lida faoliyat olib boraman degan yuksak maqsadlar bilan shu sohada faoliyat olib borayotgan yoshlarning murojaatlari eshitildi va aksariyat murojaatlar joyida hal qilinib, yoshlarning muammolarini hal etish choralarini ko‘rish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi.

Uchrashuvda viloyat ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasida bitiruv malakaviy amaliyotini o‘tab, o‘zining tirishqoqligi hamda talabchanligi bilan barchaga o‘rnak bo‘lgan Qarshi muhandislik iqtisodiyoti institutining bitiruvchi talabasi Sunnat Xoliqov boshqarmaga ishga qabul qilinganligi ma’lum qilindi va aytish kerakki, bu ishtirokchi yoshlarga ko‘tarinki ruh bag‘ishlab, o‘zlariga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamladi.

Uchrashuv yakunida atrof muhit musaffoligini ta’minlashda yangi innovatsion texnologiyalarni jalb etishga doir g‘oyalari bilan faol qatnashgan ishtirokchi yoshlar Qo‘mita rahbariyatining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources