O‘simliklarni g‘ayriqonuniy ravishda kesganlarga jinoiy va ma’muriy javobgarlik kuchaytirilmoqda
07.
10. 2020
10:30
5719
News

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakat hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta’minlashga qaratilgan bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.

Deputatlar ekologiya va atrof muhit, o‘simlik dunyosi ob’ektlarini, ayniqsa, daraxt va butalarni muhofaza qilish choralarini kuchaytirshni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda atroflicha muhokama qildilar.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi paytlarda daraxtlarning noqonuniy kesilishi bilan bog‘liq holatlar uchrab turipti va bu jamoatchilikning muhokamasiga sabab bo‘lmoqda. Boz ustiga Prezidentimizning 2019 yil 30 oktyabrdagi tegishli farmoniga ko‘ra, davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan draxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga 2019 yil 1 noyabrdan 2020 yil 31 dekabrgacha moratoriy joriy etilgan.

Qonun loyihasi bilan esa daraxtlar, butalar va boshqa o‘simliklarni g‘ayriqonuniy ravishda kesish, ularni yo‘q qilish, kundakov qilish, shikastlantirish yoki ko‘chirib o‘tkazish uchun jinoiy va ma’muriy javobgarlik kuchaytirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartishlarga ko‘ra, javobgarlik choralari avvalgisiga nisbatan ikki baravarga oshirilmoqda. Bundan tashqari, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga mazkur sohada sodir etilayotgan huquqbuzarliklar uchun ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli bo‘lgan ashyoni va ma’muriy huquqbuzarlikning bevosita ashyosi ham musodara qilinishi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, joylarda o‘zlariga vaqtincha yoki doimiy ravishda foydalanishga ajratilgan yoki biriktirilgan maydonlardagi daraxtlarni saqlash va ularni muhofaza qilish choralarini ko‘rmaganlik uchun mansabdor shaxslarga o‘n baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima belgilanmoqda.

Xalq vakillarining fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi atrof muhitni muhofaza qilish sohasida qonun hujjatlari buzilishlari profilaktikasi, ularni aniqlash va oldini olishning samarali mexanizmlarini joriy etish, davlat organlari, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar rahbarlari va fuqarolarning shaxsiy javobgarligini kuchaytirish orqali bu boradagi huquqbuzarliklarning kamayishiga olib keladi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.


O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi

Manba: http://parliament.gov.uz/uz/events/chamber/32114/

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources