2 fevral - "Butunjahon suv havzalari va botqoqlik hududlar kuni" keng nishonlanadi. Bu kun barqaror rivojlanish jarayonida suv-botqoqlik hududlarning naqadar muhimligiga e’tiborni qaratadi. O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan "Butunjahon suv havzalari va botqoqlik hududlar kuni" munosabati bilan "O‘zbekistonda bioxilma-xilllikni saqlashda suv-botqoqlik hududlarning ahamiyati"mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Respublikadagi suv havzalari nazorati organlari, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining sohadagi ilmiy-tekshirish institutlari mutaxassislari, jamoat tashkilotlari ishtirok etdi. Matbuot anjumanida suv-botqoq joylarni tashkil etish istiqbollari va ularning O‘zbekistonda bioxilma-xiligini saqlashdagi ahamiyati, Janubiy Orolbo‘yi suv-botqoqlik hududlarining bugungi kundagi holati, Buxoro viloyatidagi To‘dako‘l va Kuyumozor suv havzalarining suv hamda suv osti bioxilma-xilligini saqlashdagi ahamiyati muhokama qilindi, shuningdek, "Bioxilma-xillik bolalar nigohida" mavzusidagi bolalar ekologik forumi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, sayyoramizning barqaror rivojlanishida suv-botqoqlik hududlari alohida ahamiyatga ega. Bunday hududlarga suvli va botqoq sharoitiga moslashgan o‘simliklar va hayvonot dunyosiga ega bo‘lgan, chuqurligi turli xil bo‘lgan suv va botqoq joylar kiradi. Mazkur hududlar o‘zining yashash uchun foydali bo‘lgan mahsulotlari bilan dunyo aholisining ko‘pchilik qismini ta’minlashi muhim hamda ko‘chib o‘tuvchi qushlar uchun qulay istiqomat manzili bo‘lib xizmat qilishi, hududning iqlim sharoitini barqarorligini saqlab qolishdagi o‘rni juda ham muhimdir.
Shu sababli jahon hamjamiyati tomonidan, mazkur hududlarni asrab-avaylash, ularni muhofaza qilish, bunday hududlarga keng jamoatchilikning e’tiborini jalb etish maqsadida «Xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan asosan suvda suzuvchi qushlar yashash joylari hisoblangan suv-botqoq hududlar to‘hrisida"gi global miqyosdagi xalqaro Konvensiyasi ishlab chiqildi hamda 1971 yil 2 fevral kuni Eronning Ramsar shahrida imzolandi. 1997 yildan buyon 2 fevral «Butunjahon suv-botqoq hududlar kuni» sifatida keng nishonlab kelinadi.
Hozirda mazkur Konvensiyaga 159 ta mamlakat a’zo bo‘lgan. Shu jumladan, 2001 yil 30 avgust sanasida O‘zbekiston Respublikasining Ramsar Konvensiyasiga a’zo bo‘lishi haqida Oliy Majlis qarori qabul qilingan. Ushbu yil respublikamizning Buxoro viloyatida joylashgan Dengizko‘li Ramsar konvensiyasining xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan suv-botqoq xuddudlari ro‘yhatiga kiritildi. Shu bilan birga "2008-2015 yillarda Aydar-Arnasoy ko‘llari tizimidan samarali foydalanish va uning ekologik holati barqarorligini ta’minlash harakatlar Dasturi"ning bajarilishi jarayonida Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimiga Ramsar Konvensiyasi doirasida Xalqaro muhofaza etiladigan ko‘llar maqomi berilib, mazkur ko‘llar tizimi Konvensiya Kotibiyati tomonidan 2008 yil oktyabrda 1841-son bilan ro‘yxatga olindi. Ayni vaqtda To‘dako‘l va Kuyumozor suv havzalari Ramsar ro‘yxatiga kiritilishi uchun kerakli hujjatlar tayyorlanmoqda.
chop etilgan sana: 02-02-2010 12:26
manba: O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Axborot xizmati