Ijtimoiy tarmoqlarda muhokamaga sabab bo‘layotgan «Arab shayxlarining ko‘ngillari ov tusab qolsa, nima qiladi?» sarlavhali materialga rasmiy munosabat
07.
09. 2020
16:45
6765
Yangiliklar

BAA shayx va shaxzodalari xar yili respublikamizga sport va xavaskorlik ov qilish maqsadida o‘zlari bilan shaxsiy ovga o‘rgatilgan lochinlarini olib kelib qaytarib olib ketishadi. Bunda, lochinlar yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlari bilan xalqaro savdo qilish to‘g‘risidagi Konventsiya (SITES)ning ilovalariga kiritilganligi sababli ularni respublika hududiga olib kirish va olib chiqish uchun SITESning O‘zbekistondagi ma’muriy organi – Davlat ekologiya qo‘mitasining maxsus import va eksport SITES ruxsatnomalarini olishlari talab etiladi. Ushbu o‘rnatilgan tartib asosida ruxsatnomalarda shayxlarning shaxsiy lochinlarining turi va soni ruxsatnomada ko‘rsatilishi bilan birga ularning belgilari (uzuk, mikrochiplari) ruxsatnomaga ilova qilinadi. Ushbu belgilar orqali O‘zbekiston Respublikasi aeroportlaridan biriga qo‘nganda joylardagi bojxona xizmati va Davlat ekologiya qo‘mitasi vakillari ishtirokida birma-bir tekshirilib ruxsatnomalarga maxsus belgilar qo‘yiladi hamda olib chiqib ketish davrida ham huddi shunday belgilar bo‘yicha ro‘yxat asosida tekshirib chiqariladi.

Shuningdek, «Falcon Hunting Solutions» MChJ ko‘magi bilan Birlashgan Arab Amirliklarining pitomniklarida sun’iy yetishtirilgan Qizil kitobga kiritilgan kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostidagi yo‘rg‘a tuvaloq qushlarini O‘zbekiston Respublikasi hududiga introduktsiya qilinib yovvoyi tabiatga ularning sonini ko‘paytirish maqsadida qo‘yib yuboriladi.

Misol qilib aytganda, o‘tgan 2019 yil mart oyida ham 2382 bosh yo‘rg‘a tuvaloq Qizilqum cho‘li yalangliklariga qo‘yib yuborilgan edi. Joriy yil 3540 boshdan ziyod yo‘rg‘a tuvaloqlar qo‘yib yuborildi.

Bundan tashqari, Buxoro viloyatida joylashgan qushlarni muhofaza qilish va ko‘paytirish Amirliklar markazi («Emirates Bird Breeding Center for Conservation») va Navoiy viloyatida joylashagan yo‘rg‘a tuvaloq qushlarini saqlash bo‘yicha Amirliklar markazi («Emirates Center for Conservation of Houbara») tomonidan yetishtirilgan O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostidagi yo‘rg‘a tuvaloq qushlarining 2019 yilda 4132 donasi hamda 2020 yil 13 avgustga qadar 4069 donasi tabiatga qo‘yib yuborildi.

Shu bilan birga, BAA dan 2020 yil 10 avgustda olib kelingan Qizil kitobga kiritilgan kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostidagi 64 ta lochin, 12 ta itolg‘ilar tabiatga qo‘yib yuborildi.

Ma’lumot uchun: yo‘rg‘a tuvaloqlar 2009 yilda O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga noyob tur sifatida kiritilgan. Ular Qizilqum cho‘llarida yashaydi. Ularning soni va diapozoni 1960 yillardan boshlab kamayishni boshlagan.

Yo‘rg‘a tuvaloq Markaziy Osiyoda ko‘payadigan ko‘chib yashaydigan qush hisoblanadi. Ushbu tur bahorda O‘zbekistonga uchib kelib, mart-iyun oylari oralig‘ida Markaziy Osiyoda ko‘payadi. Oktyabr oyida yo‘rg‘a tuvaloq nisbatan issiq bo‘lgan hududlarga – Afg‘oniston, Eron, Pokiston, Hindiston va Arabiston yarim oroliga – qishlash uchun uchib ketadi.

Har bir qush 2-4 donadan tuxum qo‘yadi va 21-25 kun davomida bosib yotadi. Polaponlari iyun iyul oylarida ucha boshlaydi.

Ayni paytda O‘zbekiton hududida joylashgan parvarishxonalarida yo‘rg‘a tuvaloq qushlarini ko‘paytirish bo‘yicha tadqiqotlar olib borilmoqda.  

Shu o‘rinda qayd etish joizki, har yil O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining xulosasini inobatga olgan holda hamda Vazirlar Mahkamasining kelishuvi asosida Davlat ekologiya qo‘mitasi tabiatdan yovvoyi hayvonlarni ajratib olish uchun kvota tasdiqlaydi. 2020 yilda yo‘rg‘a tuvaloqlarni ilmiy maqsadda tabiatdan ajratib olish uchun jami 357 dona kvota ajratildi. Bu son tabiatga BAA tomonidan qo‘yib yuborilayotgan sonning 10 %ni ham tashkil etmaydi.

Yo‘rg‘a tuvaloqlarni tabiatdan ajratib olish uchun tabiatdan foydalanuvchilar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 20 oktyabrdagi 290-son qarori bilan tasdiqlangan Hayvonot dunyosi ob’ektlaridan foydalanish va hayvonot dunyosi ob’ektlaridan foydalanish sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risida Nizomning 1-ilovasi «Yovvoyi hayvonlarni tutish uchun to‘lovlar miqdorlari»ga muvofiq belgilangan pul miqdorini to‘laydilar.

O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan yovvoyi hayvonlarni tutganlik uchun Respublika byudjetiga va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasiga o‘tkaziladi. Mablag‘lar kelgusida faqat tabiatni muhofaza qilish tadbirlariga, hayvonot dunyosi kadastrini, hayvonlar soni hisobini yuritish, tabiatni muhofaza qilish sohasida ilmiy-tadqiqot tadbirlarini olib borish uchun foydalaniladi.

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


Foydali manbalar