Ona tabiatni asrash har birimizning burchimiz
05.
06. 2020
15:25
28993
Yangiliklar

5 iyun – Xalqaro atrof-muhitni muhofaza qilish kuni
 

Yurtimizning har qarich yeri oltinga teng. Uning go‘zal tabiati, musaffo havosi, ziloldek tiniq va shifobaxsh suvlari har qanday kishini o‘ziga maftun etadi. Mana shunday betakror go‘zallikni asrab-avaylash, kelajak avlodga bus-butunligicha yetkazish har birimizning unutilmas burchimizdir.

5 iyunXalqaro Atrof-muhitni muhofaza qilish kuni butun dunyo bo‘ylab har yili keng nishonlanadi. Ushbu sana Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi tomonidan 1972 yil Stokgolmda bo‘lib o‘tgan Insoniyat muhiti mavzuidagi konferentsiyada joriy etilgan.

O‘tgan yillar davomida mazkur kun 100 dan ortiq mamlakatda nishonlandi, hozirda ekologik muammolarni yechishga yordam beruvchi muhim bir zamin bo‘lib xizmat qiladi. Bundan tashqari, ushbu kunda barcha xalqlar birlashib, atrof-muhitni muhofaza qilishga, ona-erimizni asrab qolishga o‘zining shaxsiy hissasini qo‘shish imkoniga ega bo‘ladi.

Mazkur sana munosabati bilan noyob o‘simlik va hayvonot dunyosiga boy bo‘lgan Hisor davlat qo‘riqxonasiga tashrif buyurdik.

Aslida ushbu so‘lim maskan ajoyibotlari qo‘riqxona xududidan oqib o‘tuvchi daryo va irmoqlardan oqib kelib, ulkan ummonni tashkil qilgan Hisorak suv omboridan boshlanadi.
 

Qo‘riqxona tabiatini mo‘ta’dil bo‘lishida undagi mavjud daryo va ko‘llarning ahamiyati bekiyosdir. Uning hududi bilan chegaradosh Surxandaryo, Tojikiston va Holikdod soyining boshida joylashgan Severtsov, Botirboy muzliklaridan bir qator suv manbalari boshlanadi. Ularning ichida eng yiriklari Oqsuv, Tanxoz va Qizildaryo daryolari hisoblanadi. Shu uch daryo suvining Shahrisabz tumani hududida ko‘shilishi natijasida Qashkadaryo daryosi hosil bo‘ladi. Daryolar qor, muz, yer osti suvlari va yog‘inlardan to‘yinadi, ularni yuqoridan pastga qarab oqishi jarayonida katta-kichik sharsharalar hosil bo‘ladi.

Hisor davlat qo‘riqxonasi O‘zbekistonning janubiy-sharkiy kismida, Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz, Yakkabog‘ va Qamashi tumanlari xududida, Hisor tog‘ tizmasining g‘arbiy yonbag‘irlarida, dengiz sathidan 1 ming 750 metrdan 4 ming 421 metrgacha balandlikda joylashgan bo‘lib, u janubiy-sharqda Surxondaryo viloyati, sharqda Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh.

Mazkur qo‘riqxona 1983 yil Qashqadaryo viloyatidagi ikkita mustaqil Miraki va Qizilsuv qo‘riqxonalarining birlashtirilishi natijasida, Hisor tog‘ tizmalarining janubiy-sharqiy qismidagi tabiiy komplekslarning tipik uchastkalarini asl holida muhofaza qilish, ulardagi tabiiy jarayonlarning borishini o‘rganish xamda shu xududda yo‘qolib borayotgan flora va fauna vakillarini saqlab kolish maqsadida tashkil kilingan.

– Hisor davlat ko‘riqxonasining umumiy yer maydoni 80 ming 986,1 gektarni tashkil etadi, shundan 50 ming 892 gektari Shahrisabz tumani, 16 ming 200 gektari Yakkabog‘ tumani va 14 ming 92 gektari Qamashi tumanlari hududida joylashgan bo‘lib, hudud jihatidan u Markaziy Osiyoda eng katta ko‘riqxonadir, – deydi Hisor davlat qo‘riqxonasi ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Baxtiyor Oromov. – Qo‘riqxona umumiy yer maydonining 22 ming 276 gektari archazor va butasimon o‘rmonlar bilan qoplangan, yaylovlar 24 ming 258 gektarni, daryolar va ko‘llar 107 gektarni, botqokliklar 461 gektarni, muzliklar 3 ming 155 gektarni, qoya va jarliklar 30 ming 258 gektarni tashkil etadi. Hisor davlat qo‘riqxonasining yer maydoni G‘ilon, Tanxozdaryo, Miraki va Qizilsuv bo‘limlariga bo‘lingan. Hisor davlat qo‘riqxonasi Pomir-Oloy tog‘ tizimiga kiradigan Hisor tizmasining shimoliy-g‘arbiy qismida joylashgan. Uning butun hududi yagona massiv sifatida sharqdan g‘arbga 37 kilometr, shimoldan janubga 90 kiometrga cho‘zilgan. Tog‘ yotqiziqlari ichida paleozoy jinslari ko‘p uchraydi. Cho‘qqilarining balandligi 2 ming 500 metrdan 4 ming 421 metrgacha. Jumladan, Hazratsulton tog‘i 4 ming 266 metr, Xo‘ja-kirshavor 4 ming 303 metr, To‘rtqo‘ylik 4 ming 366 metr, Bibi-O‘lmas 4 ming 349 metr. O‘zbekistonning eng baland nuqtasi ham ko‘riqxonaning To‘rtqo‘ylik tog‘idagi dengiz sat­hidan 4 mi 421 metr balandlikda joylashgan nomsiz cho‘qqidir. Qo‘riqxona hududida mezazoy-kay­nazoy davri yotqiziqlarida karst jarayonlari keng tarkalgan va o‘ralar, daralar, tokcha va g‘orlar ko‘plab uchraydi. Ushbu tog‘ daryolari va soylari chuqur daralarni hosil qiladi.

O‘ziga xos tabiatli Hisor davlat qo‘riqxonasiga Suv tushar sharsharasi o‘zgacha husn bag‘ishlagan. Qo‘riqxona hududidan boshlanadigan va oqib o‘tadigan soylar, irmoklar, daryolar o‘zining suv o‘zanida turli shakl va ko‘rinishdagi sharsharalar hosil qiladi. Ulardan eng yirigi Suvtushar sharsharasidir. Ushbu sharshara ko‘riqxonaning Miraki bo‘limining Suvtushar soyining boshlanish kismida, dengiz sathidan 2 ming 100 metr balandlikda joylashgan. Sharsharaning balandligi 84 metr bo‘lib, katta qoya toshlar va archazorlar orasida joylashganligi bilan tabiat shaydolarini o‘ziga maftun etadi. Ushbu sharshara Hisor tog‘ tizmasining 4 metr balandlikdagi Osmontalash qorli qoyalaridan paydo bo‘lgan suvlar hisobiga hosil bo‘ladi. O‘ziga xos ajib bir kuyni chalib, sohibjamolning uzun yoyilgan kokillarini eslatuvchi suvning shiddatli oqimi ushbu sharshara suvini ko‘pirtirib, oppoq holatga olib keladi. Shuning uchun maxalliy aholi orasida gohida uni Suttushar sharsharasi ham, deb atashadi.
 

Tanxozdaryo bo‘limining dengiz sathidan 3 ming 200 metr balandlikda joylashgan Sarituz kengliklaridan boshlanadigan Sarituz soyining eng yuqori qismida, dengiz sathidan 3 ming 200 metr balandlikda, uzunligi 1000 metrdan ortiq bo‘lgan, faqat bahor oylarida erigan qor, yomg‘ir, buloq suvlaridan paydo bo‘ladigan Oq kamar sharsharasi mavjud. Sharshara Sarituz soyining serqoya kesik toshlari orasidan ilon izi yo‘nalishi bo‘ylab, o‘ynoqi harakatlari bilan pastga qarab oqishi qo‘riqxona tabiatiga ajoyib ko‘rinish kasb etadi. Toshdan toshga urilib oqayotgan o‘z o‘ljasiga hamla qilmoqchi bo‘lgan ilonni eslatuvchi tez oqar suv zarralari mazkur yerda o‘sadigan endemik o‘simliklarni namlik bilan taminlaydi.

– Ona tabiat. Uning sofligi, tabiiyligini asrab-avaylash va kelajak avlodga butunligicha yetkazish uchun barchamiz mas’ulmiz, – deydi viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i G‘anisher Ibragimov. – Shu maqsadda  Qashqadaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi davlat inspektorlari tomonidan joriy yilning 1-choragi davomida jami 490 ta reyd tadbirlari o‘tkazildi. O‘tkazilgan reyd davomida O‘zbekiston Respublikasining tabiatni muhofaza qilishga oid qonun, qonunosti hujjutlari talablarini buzgan 516 nafar fuqaroga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga asosan ma’muriy jarimalar qo‘llanilgan.

Tabiatning o‘zi zargarga o‘xshaydi. Uning bag‘ridan unib chiqqan har bir giyoh, har bir daraxt, o‘rmonlar, hayvonot olami o‘ziga xos bir olamdir. Bu tabiiy boylikka daxl qilinishining oldini olish, muhofaza qilish faqat shu soha xodimlarining ishi emas, balki barchaning burchidir. Chunki, biz yashayotgan hudud musaffoligi, ekologik muvozanat barchamizga birday daxldordir. Muxtasar qilib aytganda, ona tabiatga mehr-muhabbatli bo‘laylik. Oilalarda, mahalla va qishloqlarda ekologik tarbiyani kuchaytiraylik. Orastalikka rioya qilishimiz, gulu giyohlar maskani va daraxtzorlarni avaylab parvarishlashimiz zarur. Agar biz tabiiy go‘zalliklarga ziyon yetkazmaslikni odat qilsak, avlodlar kelajagi va xayotning davomiyligi uchun shunchalik ko‘p qayg‘urgan bo‘lamiz.
 

O‘.BAROTOV, J.NORQOBILOV(surat), O‘zA

Manba: http://uza.uz/oz/society/ona1-tabiatni-asrash-...

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Axborot xizmati

 


 

Foydali manbalar